YO‘NALISh – MUSTAHKAM HAMKORLIK


     2025 yil kuzining ilk oyi yakunlandi. Sentyabr' oyi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi yo‘nalishlarni topishga bag‘ishlangan turli tadbirlar hamda uchrashuvlarga boy bo‘ldi.

  

   24 sentyabr kuni Navoiy davlat kon va texnologiyalar universitetida «Zarafshon mintaqasini kompleks innovatsion rivojlantirish: yutuqlar, muammolar va istiqbollari» mavzusida ikki kunlik VI xalqaro ilmiy-texnik anjumani o‘z ishini boshladi. Tadbir universitetni tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘nlab mamlakatlardan ishtirokchilarni yig‘di. Unda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari ham faol qatnashdilar. Plenar va seksiya majlislari oralig‘ida Bo‘lim rahbariyati Xitoy Xalq Respublikasi Sichuan' viloyatining davlat tashkilotlari, ilmiy muassasalari va xususiy korxonalari vakillaridan iborat delegasiya bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ular O‘zbekistonga, jumladan, hududlar kesimidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashrif buyurishgan edi.

   Kirish so‘zida Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev Bo‘lim ilmiy xodimlari 17 yo‘nalishda tadqiqotlar olib borishini, ular ishlab chiqqan texnologiyalar asosida uchta xususiy korxonada mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganini va 12 ta lisenziya shartnomasi imzolanganini ta'kidladi. Xitoy O‘zbekistonning strategik hamkorlaridan biri sifatida alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ikki davlat rahbarlari hamda hukumatlari tomonidan ilmiy, madaniy va iqtisodiy sohalardagi hamkorlik qo‘llab-quvvatlanmoqda. Navoiy bo‘limi Xitoy universitetlari, ilmiy markazlari va kompaniyalari bilan qariyb 30 ta memorandum va shartnoma imzolagan. Masalan, Chendu texnologiya universiteti bilan birgalikda «Karyer qiyaliklarida geologik ofatlarni intellektual monitoring qilish va erta ogohlantirish texnologiyalarni kompleks o‘rganish» mavzusida qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, A.Mirzayev bugungi kun talablari amaliyotga yo‘naltirilgan ilmiy ishlar va ishlanmalarni tijoratlashtirishga ko‘proq e'tibor berishni taqozo etayotganini qayd etdi. Ushbu masalaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham alohida urg‘u berganini eslatib, faol hamkorlikka chorladi.

   Xitoy delegasiyasi rahbari, Fan va texnika departamenti bosh muovini Lyu Szyuyjun Sichuan viloyati 91 million aholiga ega yirik ilmiy-innovatsion markaz ekanini, mahalliy hukumat esa O‘zbekiston hududlari bilan aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

   Muzokaralarda Navoiy shahrida texnologiya transferi markazini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Bu markaz ikki davlatning ilg‘or tajribasini o‘rganish va almashish, xalqaro loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Har ikki tomon mas'ul xodim tayinlab, joriy yil oxiriga qadar aniq yo‘nalishlar va maqsadlar ko‘rsatilgan «yo‘l xaritasi» tayyorlashga kelishib oldi. Istiqbolda markaz butun Markaziy Osiyo mamlakatlarini qamrab olishi mumkin. Birinchi qadam sifatida Navoiy bo‘limi va Sichuan' texnologiya transferi markazi o‘sha kuni hamkorlik memorandumini imzoladilar.

  Shuningdek, joriy yil iyul oyida Xitoyda bo‘lib o‘tgan «Ipak yo‘li» tog‘-kon sanoati bo‘yicha hamkorlik forumi chog‘ida Navoiy bo‘limi “Xinjiang Jingcheng Energy Technology Development Co., Ltd” kompaniyasi bilan memorandum imzolagan edi. Ushbu kompaniya yangi turdagi transport vositalariga ixtisoslashgan bo‘lib, tomonlar elektromobillar uchun akkumulyator texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olgan edilar.

    Yaqinda ushbu kompaniya boshqaruv kengashi raisi Shao Fensin Qozog‘istonning «Wutuo Logistics LLC» kompaniyasi rahbari Nurmuxon Altay boshchiligidagi hamkorlari bilan O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi. Avvalo Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazilib, ularda energetika, elektron tijorat va logistika, elektromobillarni ishlab chiqarish va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, ushbu sohalar uchun kadrlar tayyorlash masalalari muhokama etildi. Shundan so‘ng Jizzax politexnika institutida maxsus texnikumlar va Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmasi rahbarlari bilan uchrashuv hamda Jizzax viloyatida BYD Uzbekistan Factory avtomobil' zavodi mablag‘lari hisobidan qurilgan oliygohning kadrlar tayyorlash maktabi o‘quv ustaxonalariga ekskursiya tashkil etildi. Shundan keyin xitoylik mehmonlar Navoiyga yetib kelishdi.

   Navoiy bo‘limiga ular «Foton» seriyasi asosida yuk avtomobillari ishlab chiqarish zavodi qurish bo‘yicha loyiha taklifini ilgari surdi. Javob tariqasida delegasiyaga «Navoiy» EHZ direksiyasiga murojaat etish tavsiya qilindi. Xitoylik hamkorlar hududda yaratilgan sharoitlar bilan joyiga chiqib tanishdilar va tomonlar loyiha detallarini aniqlash zarurligida yakdil fikrga kelishdi.

  Ekologik kun tartibi ham e'tibordan chetda qolmadi. 22 sentyabrda hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan yana bir xitoylik «FENY Co. Ltd» kompaniyasi fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarishda chiqindisi sifatida yig‘ilib, korxonalarda million tonnaga yetib qolgan fosfogipsni qayta ishlash masalasini hal etishda hamkorlikni taklif etdi. Tomonlar uni qurilish sohasida sement ishlab chiqarishga qo‘shimcha sifatida va avtomobil' yo‘llarini qurishda foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldilar. Shu bilan birga, xitoyliklar o‘z mablag‘lari hisobidan fosfogipsdan foydalanib 500 metrlik tajriba-sinov yo‘lini qurib berishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

  Shu bilan birga, hamkorlikga rossiyalik “Sibekoxim” tajriba-ishlab chiqarish kompaniyasi ham qiziqish bildirdi. Korxona sanoat va maishiy kimyoviy mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, u xomashyo tashish va qazib chiqarishda changni bosish uchun maxsus reagentlardan foydalanish texnologiyasini taklif qildi. Kompaniya direktori Andrey Isaevning so‘zlariga ko‘ra, ular ishlab chiqqan reagentlar Rossiyadagi ko‘mir korxonalarida sinovdan o‘tgan va samaradorligini ko‘rsatgan. Bu usul an'anaviy suv sepishga nisbatan tejamli bo‘lib, yoz faslida yo‘llarni sug‘orish sonini 3–4 martadan 1–2 martagacha kamaytiradi. Shu bilan havo sifati yaxshilanadi, texnikaning ishlashiga zarar yetkazuvchi chang miqdori kamayadi.

   A.Mirzayev bu muammoning hudud uchun dolzarbligini ta'kidladi va dala sinovlarini o‘tkazish zarurligini bildirdi. Navoiy shahridagi qurilish maydonlarida dastlabki sinovlar ijobiy natija bergan bo‘lsa-da, sanoat korxonalari uchun bu hali yetarli emasligi ta'kidlandi.

 

   Shuningdek, «Navoiyazot» va «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatlarida kompaniya ishlanmalari taqdim etildi. Birinchi holatda ammiak selitrasi zarralarini chiqindi havodan tozalash masalasi, ikkinchisida esa ko‘mir massasining changlanishi va yonuvchanligi muhokama qilindi. Tomonlar zarur texnik ma'lumotlar bilan o‘zaro almashish va sanoat sinovlariga kirishishga kelishib oldilar.

 

   Shuni ham qayd etish lozimki, rossiyaliklar o‘z mahsulotlarini 11 sentyabr kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi Navoiy viloyati bo‘limi hududida o‘tkazilgan Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida ham namoyish etdilar.

    Ushbu ko‘rgazmada Navoiy bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan boshqa ishlanmalar va loyihalar ham taqdim etildi. Jumladan, “Sherali Bobur-2018” fermer xo‘jaligining 7 gektar maydonida 5 million dona saksovul niholi ekilib parvarish qilinishida Navoiy bo‘limida ishlab chiqilgan suv tejovchi agrotexnologiyalardir. Nihollar kelgusida Orol dengizi qurib qolgan tubiga ko‘chirib o‘tqazilishi rejalashtirilgan. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ushbu tashabbusning ahamiyatini alohida ta'kidlab, bundan tashqari, suv yetishmovchiligi sharoitida krotalyariyani yetishtirish imkoniyatlarini o‘rganishni tavsiya etdi. Ushbu o‘simlik avval O‘zbekistonda yetishtirilmagan bo‘lib, u yem-xashak ekini sifatida bedadan ham to‘yimli, tuproqni tez azot bilan boyitish qobiliyatiga ega, bu esa boshqa ekinlarning ekish oraliq davrlarida juda foydali xususiyat hisoblanadi. Navoiy bo‘limida krotalyariyani introduksiya qilish usulida yetishtirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

   Bundan tashqari, ko‘rgazmani tashrif buyurgan mutaxassislar e'tiborini dolomitdan boyitish orqali olingan magniy oksidi, tozalangan kvars qumi, bentonit gillari va ular asosidagi mahsulotlar – o‘simliklarni bargidan oziqlantirish uchun suspenziyalar va gidroizolyasiyada samara beradigan bentomatlar ham o‘ziga jalb qildi.

   Shu tariqa, Navoiy bo‘limi uchun sentyabr oyi faol muloqot va xalqaro aloqalarni kengaytirish oyi bo‘ldi. Imzolangan kelishuvlar va yangi tashabbuslar nafaqat mintaqa nufuzini ilmiy va sanoat hamkorligida mustahkamladi, balki O‘zbekiston iqtisodiyoti va fanini rivojlantirishga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli loyihalarga yo‘l ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!