Sun'iy intellektni o‘rganish – davr talabi
Bugungi kunda texnologiyalar iqtisodiyotdan tortib ta'lim va sog‘liqni saqlash sohasigacha bo‘lgan hayotning barcha jabhalarini jadal o‘zgartirib borayotgan bir paytda, sun'iy intellekt imkoniyatlarini o‘rganish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Sun'iy intellekt shunchaki bir vosita emas — u boshqaruv samaradorligini oshirishning yangi yo‘llarini ochib beradi, ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni rag‘batlantiradi va jamiyatning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sun'iy intellektni milliy ustuvor yo‘nalish sifatida muhimligini doimiy ta'kidlaydi. Xususan, infratuzilma va kadrlar salohiyatini muhokama qilish jarayonida u sun'iy intellektni jadal rivojlantirish uchun doimo ilg‘or milliy va xorijiy tajribani o‘rganish hamda joriy etish zarurligini qayd etadi. Shuningdek, xalqaro sammitlardagi chiqishlarida ham u sun'iy intellektni barqaror rivojlanish va raqamli transformasiyaning muhim drayverlaridan biri sifatida ta'kidlab kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-358-son “Sun'iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish hamda yoshlar orasida sun'iy intellekt texnologiyalarini ommalashtirish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan aistudy.uz sun'iy intellekt sohasida ta'lim dasturlari platformasi ishlab chiqilgan.
Mazkur platforma turli toifadagi foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda maktab o‘quvchilari va talabalar, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari hamda xususiy sektor mutaxassislari sun'iy intellekt sohasida ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari mumkin. Shuningdek, ushbu platformada “Bir million sun'iy intellekt foydalanuvchilari” dasturi amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi barcha qiziquvchilarni — o‘quvchilar, mutaxassislar va davlat tashkilotlari xodimlarini — aistudy.uz resursidan faol foydalanishga chorlaydi. Ushbu sayt orqali siz sun'iy intellekt sohasida tizimli bilimlarga ega bo‘lasiz, o‘quv kurslarini tamomlab, kasbiy mahoratingizni oshirishingiz va mamlakatning raqamli taraqqiyotiga o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.