Lokalizatsiya uchun mustahkam poydevor


  O‘tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga «China Xinjiang Karamay Boao Industry & Trade Co., Ltd.» kompaniyasi ijrochi direktori Chjan Pin boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, qo‘shma ilmiy-ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdilar. Muzokaralarda O‘zbekiston tomonidan Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev, rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev va ilmiy xodimlar ishtirok etdilar.

   Xitoy kompaniyasi burg‘ilash eritmalari uchun reagentlar ishlab chiqarishga ihtisoslashgan bo‘lib, hozirgi vaqtda O‘zbekiston hududidagi konchilik sohasida faoliyat yuritayotgan qo‘shma korxonalarni ushbu mahsulot bilan ta’minlab kelmoqda. Biroq, barcha komponentlarning to‘liq importga qaramligi tayyor mahsulot tannarxini sezilarli darajada oshirib yubormoqda.

    Ushbu masalaning yechimi sifatida Xitoy tomoni Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi bilan mahalliy xomashyo, xususan, bentonitni qidirib topish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Hamkorlik rejasida yuqori sifatli burg‘ilash eritmalarini olish uchun mahalliy xomashyoni Xitoy reagentlari bilan aralashtirish bo‘yicha laboratoriya sinovlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Tajribalar muvaffaqiyatli yakunlansa, hamkorlar mahsulotni nafaqat ichki bozorga yetkazib berishni, balki eksport qilishni ham rejalashtirmoqdalar.

Ushbu tashabbus Navoiy bo‘limining xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotning real sektoriga joriy etish borasidagi asosiy vazifalaridan birini uzviy to‘ldiradi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Navoiy bo‘limi ilmiy xodimlari tomonidan mahalliy konlardagi bentonit va dolomitlarning kimyoviy tarkibi hamda fizik-mexanik xususiyatlarini o‘rganish, shuningdek, ularning sanoat va qishloq xo‘jaligida qo‘llash imkoniyatlarini baholash bo‘yicha bir qator fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazilgan.

   Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik memorandumini tuzdilar va amaliy natijalar ham ko‘p kuttirib qo‘ymadi. Hujjat imzolanganidan so‘ng darhol bo‘lim laboratoriyasida mahalliy xomashyo va Xitoy reagentlari asosida burg‘ilash eritmasining tajriba-sinov partiyasi tayyorlandi. Tayyor mahsulotni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan «Innoweek» xalqaro ko‘rgazmasida namoyish etish rejalashtirilgan.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!