Navoiy uchun Bolgariya tajribasi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev 18–21-oktyabr kunlari Bolgariyada xizmat safarida bo‘ldi. Yevropa davlatiga tashrif Navoiy bo‘limi hamda Bolgariyaning “Paulownia BG” MCHJ o‘rtasida tuzilgan Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning 5-moddasi hamda “Paulownia BG” MCHJ bosh menejeri Dj. Duralov tomonidan yuborilgan taklif-xati asosida amalga oshirildi.

Xizmat safari davomida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
1. “Paulownia BG” MCHJga tegishli pavlovniya plantatsiyalariga borilib, tez o‘suvchi daraxtlarni yetishtirish bo‘yicha innovatsion texnologiyasi o‘rganildi. Jumladan, plantatsiya 4 gektar maydonni egallaydi. Dastlabki uch yil davomida daraxtlar tomchilatib sug‘orish orqali yetishtirildi va eritilgan selitra bilan oziqlantirildi. Oxirgi ikki yilda sug‘orilmagani va o‘g‘itlanmaganiga qaramay, daraxtlar yaxshi o‘sishda davom etmoqda. 2–3 yildan keyin daraxtlar kesishga tayyor bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, Navoiy bo‘limining Nurota tumanida hamkorlikda tashkillashtirilgan plantatsiyasidagi daraxtlarni parvarish qilish bo‘yicha maslahatlar olindi.
2. Mini-issiqxonalarga ham tashrif buyurildi. Bu yerda dorivor limon o‘ti (melissa) o‘simliklari yetishtiriladi. Organik sertifikatga ega urug‘lar Polshadan, sertifikatlangan torf esa Latviyadan keltirilgan. Urug‘lar plastik kassetalarda undiriladi. Har bir bunday issiqxonaga har birida 74 tadan katagi bo‘lgan 110 ta plastik kasseta joylashtiriladi.

Urug‘lar taxminan 14 kunda unib chiqadi, shundan so‘ng maysalarda dastlabki ikkita barg paydo bo‘ladi. Keyin ko‘chatlar saralanadi, substrat yumshatiladi va o‘simliklar asosiy issiqxonaga o‘tkaziladi. U yerda harorat taxminan +25 °C va namlik 65–70% darajasida saqlanadi.
Yevropada ekologik toza organik mahsulotlar juda qimmat turadi. Ayni shu sababli xaridorlar hozirdanoq bo‘lajak mahsulot uchun shartnomalar tuzmoqda.
Eng asosiy afzalligi shundaki, ushbu issiqxonalarda butun yil davomida ko‘chat yetishtirish va ularni almashtirish, uzluksiz ishlab chiqarish siklini taʼminlash mumkin.

O‘zbekistondan yetishtirish uchun boshqa dorivor o‘simliklar urug‘larini yetkazib berish imkoniyati muhokama qilindi. Shu bilan birga, Navoiy bo‘limining urug‘larni bentonit bilan qobiqlab ekish hamda o‘simliklarni bargidan bentonitli suspenziya bilan oziqlantirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarini sinovdan o‘tkazishga kelishib olindi. Ushbu texnologiyalar O‘zbekistonda g‘o‘za va bug‘doyda yaxshi natijalarni ko‘rsatgan.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.