FA Navoiy bo‘limining “InnoWeek–2026”dagi natijalar
2026 yil 27–29 oktabr kunlari Toshkentda 30dan ortiq mamlakatning ilmiy hamjamiyati, texnologik kompaniyalari, startap ekotizimi va investitsiya tashkilotlari vakillarini birlashtirgan “InnoWeek–2026” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining ilmiy xodimlari ham faol ishtirok etdilar.
Ular o‘zlarining va hamkorlik memorandumi asosida Xitoyning «China Xinjiang Karamay Boao Industry & Trade Co., Ltd» kompaniyasi mutaxassislari bilan birgalikda laboratoriya sharoitida ijobiy natijalar ko‘rsatgan mahalliy xomashyo va noruda foydali qazilmalar — bentonit va paligorskit gillari, dolomit, mikrokaltsit hamda paxta chiqindilaridan foydalangan holda polimer asosidagi 20dan ortiq yangi innovatsion ishlanmalarni taqdim etdilar.

Mazkur ishlanmalar neft-gaz quduqlarini burg‘ilashda qo‘llaniladigan reagentlar hamda oqova suvlarni tozalash uchun mo‘ljallangan yuqori samarali sorbentlarni o‘z ichiga oladi.
Ko‘rgazma doirasida Navoiy bo‘limi va yuqorida aytib o‘tilgan xitoylik kompaniya o‘rtasida ikkita kelishuv imzolandi. Birinchisi Bo‘limda zamonaviy polimerlar kimyosi laboratoriyasini, ikkinchisi esa hamkorlikda ilmiy-ishlab chiqarish yo‘nalishidagi Mobil geologiya-qidirov otryadini tashkil etishni nazarda tutadi. Shartnomalarning amal qilishi 2027-yildan boshlanishi rejalashtirilgan.

InnoWeek–2026 dan keyingi muzokaralarning davomi sifatida, 30-oktabr kuni Navoiy boʻlimi Xitoyning yana bir kompaniyasi — “Zhaojin Nonferrous Metal Mining Co., Ltd” bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Uning asosiy sohasi qimmatbaho va rangli metallarni qidirish, qazib olish va boyitishdan iboratdir.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.