Osio mo'jiza daraxti O'zbekistonda


OSIYO MOʼJIZА DАRАXTI YEVROPА TEXNOLOGIYASI АSOSIDА OʼZBEKISTON SHАROITIGА MOSLАSHTIRILАDI

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy boʼlimida Bolgariyaning «Paulownia BG» kompaniyasi menejeri Djan Duralov va boʼlim raisi Аbdurazak Mirzaevlar oʼrtasida Oʼzbekistonda birinchi povlovniya plantatsiyasini yaratish boʼyicha muzokaralar boʼlib oʼtdi.

Maʼlumki, pavlovniyaning tarixiy vatani Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo boʼlib, Dj.Duralov oʼn yildan ortiq vaqtdan buyon moʼjizaviy daraxtni yetishtirish bilan shugʼullanadi. U oʼzining texnologiyasini ishlab chiqib daraxtni Bolgariya sharoitiga muvaffaqiyatli moslashtirdi. Soʼng 2017 yilda Qirgʼizistonning "Social Tree" kompaniyasiga Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi boʼlib Qirgʼizistonning Issiqkoʼl viloyatida pavlovniya plantatsiyasini tashkil etishga yordam berdi. Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari va yetakchi olimlaridan iborat delegatsiyasi joriy yilning sentyabrь oyi boshlarida qoʼshni Qirgʼiziston respublikada ikki mamlakat Fanlar akademiyalari tomonidan tashkil etilgan Xalqaro ilmiy-amaliy seminarda ishtirok etishgan chogʼida ushbu plantatsiyani kurishgan edi.

Boʼlim raisi А.Mirzaev sentyabrь oyining ikkinchi yarmida yana Qirgʼizistonga tashrif buyurib, Dj.Duralov bilan uchrashdi va unga Navoiy boʼlimining "Qizilqum" ilmiy-tadqiqot stantsiyasi” davlat unitar korxonasi balansidagi Nurota tumanidagi 600 gektarli lalmi yerlaridan bir qismida pavlovniya plantatsiyasini yaratish loyihasini taqdim etdi hamda Oʼzbekistonga taklif qildi.

Bolgariyadan kelgan mehmonning soʼzlariga koʼra, pavlovniya - bu oddiy oʼsimlik, ammo uni yetirish uchun malakali parvarish talab etiladi. U quyosh nuri koʼp tushadigan joylarda oʼsadi, shuning uchun u Oʼzbekistonda mukammal ildiz otishi kerak. Oʼsimlikning rivojlanishi uchun zarur boʼlgan issiqlik miqdorini hamda havo va tuproqning oʼrtacha kunlik haroratining yigʼindisi sifatida tavsiflovchi Growing Degree Days koʼrsatkich Navoiy viloyatida 2814 ni tashkil etadi. Bu Bolgariyaga nisbatan 1,6 - baravar, Issiqkoʼlga qaraganda 2,8 - baravar koʼp darajadan oshiqroq boʼlib, doimiy va oʼrtacha sugʼorish, oʼgʼitlash ham bu masalada katta ahamiyatga egadir.

Shu asnoda, uchrashuv qatnashchilari loyihani Nuratda muvaffaqiyatli amalga oshirish tadqiqotchilar va tajribali fermerlarning ishtirokida daraxtni muayyan sharoitlarga moslashtirish boʼyicha tavsiyalar ishlab chiqishni talab qiladi degan fikrga kelishdilar.

Loyiha tafsilotlarini muhokama qilish jarayonida tomonlar Bolgariya kompaniyasi tomonidan pavlovniya koʼchatlari va Isroilda ishlab chiqariladegan tomchilatib sugʼorish tizimini yetkazib berish toʼgʼrisida kelishib oldilar. Shuningdek, «Paulownia BG» kompaniyasi pavlovniya plantatsiyasini yaratish uchun barcha zarur maʼlumotlarni taqdim etishi muhokama qilindi. Dj.Duralov daraxtlarni ekishda shaxsan qatnashadi, agar kerak boʼlsa uning oʼsishi davrida maslahat beradi, besh yil davomida Oʼzbekistonga har 15-30 kunda bir marta keladi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda moʼʼjiza daraxtini yetishtirish boʼyicha tajribaga ega boʼlgan Qirgʼizistonning "Social Tree" kompaniyasi vakillari ham oʼz tajribalari bilan oʼrtoqlashadi.

Muzokaralar yakunida ishtirokchilar Nurota tumanida Navoiy boʼlimining "Qizilqum" ilmiy-tadqiqot stantsiyasi” DUK balansidagi yerlarni borib koʼrishdi va Oʼzbekistonda birinchi pavlovniya plantatsiyasi uchun 50 gektar yerni belgilab olishdi. Shunga koʼra, yetirishtirilgan daraxtlarning asosiy qismi yogʼoch tayyorlash uchun, maʼlum bir qismi pelletlar va hayvonlarga barglaridan ozuqa olish uchun ishlatiladi.

Kelgusida loyihaning birinchi bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun “Pavlovniya” Markazini tuzish rejalashtirilgan boʼlib, u yerda pavlovniyadan olinadigan imkoniyatlar taqdimoti oʼtkaziladi va manfaatdor fermerlar uchun maslahatlar beriladi. Pavlovniya plantatsiyasi yonida qurilish materiallari, chorva mollari uchun granulali ozuqa va mebel ishlab chiqarish sexlari quriladi. Bular barchasi pavlovniya klasterini tashkil etish uchun asos boʼladi.

Dj.Duralov Oʼzbekistonga tashrifi davomida Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati bilan ham uchrashdi va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!