Fanlar akademiyasi rahbariyati Navoiy bo‘limiga tashrif buyurdi
2022 yilning 3-4 dekabr kunlari Fanlar akademiyasi prezidenti, fizika-matematika fanlari doktori, akademik Bexzod Yuldashev, vitse-prezidenti, kimyo fanlari doktori, akademik Baxtiyor Ibragimov hamda bosh ilmiy kotibi, texnika fanlari doktori, professor G‘ayrat Baxadirovlar FA Navoiy bo‘limi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga tashrif buyurib, Bo‘limning olimlari, xodimlari va doktorant, stajyor-tadqiqotchilari tomonidan 2022 yilda bajarilgan ilmiy ishlari bilan tanishdilar.
Navoiy bo‘limining rahbariyati, olimlari va yosh tadqiqotchilari quyidagi asosiy ma'lumotlarni taqdim etdilar. Bo‘lim tomonidan 2022 yilda 3ta monografiya va o‘quv-uslubiy adabiyotlar, 52ta ilmiy maqola, jumladan 9ta Scopus/Web of Science bazasiga kiritilgan va 26ta yuqori impakt faktorli xalqaro jurnallarda hamda 110dan ziyod tezislar Xalqaro va Respublika miqyosida o‘tkazilgan anjuman va konferensiya to‘plamlarida nashr qilindi. Foydali modelga 2ta patent hamda 8ta guvohnoma olindi. Bundan tashqari, ixtiroga patent olish uchun 4ta talabnoma yuborildi. 2022 yil noyabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan Ilmiy tashkilotlarning 2021 yildagi ilmiy-innovatsion faoliyati natijalari bo‘yicha Milliy reytingiga ko‘ra, Bo‘lim 2021 yilda 2020 yilga nisbatan 70 o‘rindan 55 o‘ringa, ya'ni 15 pog‘ona ko‘tarildi.
Bo‘lim olimlari tomonidan 3ta mavzular bo‘yicha ilmiy loyiha muvaffaqiyatli bajarildi. Bular “Neft-gaz quduqlarini burg‘ulashda import o‘rnini bosuvchi yangi polimer-kompozit mahsulotlarini ishlab chiqarish”, “Mahalliy xom-ashyolar asosida metall quyish qoliplari uchun boyitilgan gil kukunini ishlab chiqish” va “Qorako‘l qo‘ylari genofondini saqlash, rangli qorako‘lchilikni rivojlantirish, ularning genomini o‘rganish hamda genodiagnostika usullarini ishlab chiqish”dir.
Bundan tashqari, “Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda bentonit gillaridan foydalangan holda sug‘orish suvlarini tejashning ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyiha bajarilib kelinmoqda. Dastalbki natijalar – ijobiy. Tadqiqotlar davomida o‘simliklarni bargidan oziqlantirishda mineral o‘g‘itlar bilan birgalikda bentonit gillari kukunidan tayyorlangan suspenziya bilan oziqlantirish 700-1000 m3/ga sug‘orma suvlarini tejalishiga hamda nazoratga nisbatan olingan qo‘shimcha paxta hosilini 10-18%, kuzgi bug‘doy hosilini 25-31% hamda lalmi bug‘doyda esa 159% gacha yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lishi isbotlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining Nurota tumani lalmi yerlarida pavlovniya plantasiyasini yaratish loyihasi bajarilib kelinmoqda. Joriy yilning boshida Bolgariyadan 2 ming dona pavlovniya daraxti qalamchalari va 1 ming dona ko‘chatlari FA Navoiy bo‘limiga olib kelindi. Ular Bolgariyaning “Paulownia BG” MChJ tomonidan bepul yuborildi, shu jumladan, transport xarajatlari ham qoplandi. Shuningdek, bu daraxtlarni yetishtirish texnologiyasini o‘rganish maqsadida Navoiy viloyatining Nurota tumanidan to‘rt nafar, Andijonlik bir nafar, jami besh nafar yosh mutahassis Istanbul orqali Bolgariyaga yuborildi. Olti oydan bir oz kamroq vaqt ichida pavlovniya plantasiyasidagi daraxtlarning bo‘yi o‘rtacha 3,5-4 metrni tashkil etdi.
Navoiy bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” Davlat korxonasida uranni kazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformasiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022 yil 14 iyuldagi PQ-319-son hamda “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovasiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022 yil 7 iyuldagi PQ-308-son qarorlari bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
10dan ziyot ilmiy-amaliy konferensiya, ko‘rgazma hamda seminarlar o‘tkazildi. Jumladan, 9-10 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tashkil etilganining 5 yilligiga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ilmiy-tadqiqot institutlarining ishlanmalari ko‘rgazmasi hamda “Fan, ta'lim va ishlab chiqarishning integratsiyasi – rivojlanish va taraqqiyot garovi” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi. Shuningdek, 2018 yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Qirg‘iziston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Shartnomaga asosan joriy yilning 18-20-sentyabr kunlari To‘dako‘lda Markaziy Osiyo davlatlari Milliy fanlar akademiyalari olimlari ishtirokida “Ilm-fan yutuqlari - insoniyat taraqqiyoti xizmatida” nomli Xalqaro “Akademik o‘qishlari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ko‘rinishida.
Bo‘limda tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda I bosqichda – 10 nafar, II bosqichda – 4 nafar, III bosqichda – 2 nafar tayanch doktorantlar hamda 3 nafar stajyor tadqiqotchilar tahsil olmoqdalar. Bo‘limda o‘tgan davr mobaynida 1ta fan doktori va 8ta falsafa fanlari doktorligi dissertasiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi, shulardan 4tasi – muddatidan oldin.
Fanlar akademisi rahbariyatiga Bo‘lim tomonidan 10ta kelasi yillar bajarilishi ko‘zda tutilgan istiqbolli loyihalar hamda doktorantlar tomonidan bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari taqdim etildi. FA prezidenti B.Yuldashev Bo‘lim tomonidan bajarilgan ishlarni ijobiy baholab, o‘zining fikr va maslahatlarini berib o‘tdilar. Jumladan, Bo‘limda bajarilayotgan innovatsion ishlanmalarni reklama qilish, investorlarni jalb qilish maqsadida marketing xizmatini tashkil etish.
Bundan tashqari, FA rahbariyati tashrif doirasida lisenzion shartnomasiga asosan Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan innovasion texnologiyalardan foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishish uchun yangi tashkil etilgan “Qizilqum istiqbollari” MChJ va “Standart Servis Nurobod” XK ekskursiya qildilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.