Bo‘lim anjumanlarda faol ishtirok etdi


O‘tgan xaftada ikkita ilmiy-texnikaviy anjumanlar, biri – Navoiy shahrida, ikkinchisi – Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tdi. Ularda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi rahbariyati, ilmiy xodimlari hamda doktorant va stajyor-tadqiqotchilari o‘z ma'ruza va ilmiy maqolalari bilan faol qatnashdilar.

Jumladan, 27-28 oktyabr kunlari Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida “Zarafshon vohasini kompleks innovatsion rivojlantirish: yutuqlar, muammolar va istiqbollar” mavzusidagi III Xalqaro ilmiy-texnikaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ikki kun davom etgan anjumanda geologiya, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, kimyoviy texnologiyalar, mashinasozlik, energetika, muqobil energiya manbalari va istiqbollari, qishloq xo‘jaligi, ekologiya kabi tarmoq va sohalar faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy ma'ruzalar tinglanib, muhokama etildi. Ishtirokchilar Navoiy shahridagi bir qator ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan ham tanishdi.

Tadbir davomida Navoiy bo‘limi olimlari xorijiy hamkasblari bilan o‘zaro muzokaralar olib borib hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar. Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi “Universal konstruktorlik va texnologik byuro” ShAJning vakillari Bo‘limning ilmiy-tadqiqot laboratoriyalariga tashrif buyurdi va Bo‘lim olimlari ilmiy ishlanmlariga qiziqish bildirib hamkorliq to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladilar.

Bundan tashqari, 28-29 oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi “Uzbekistan GTL” zavodi ma'muriy binosida “Ta'lim-ishlab chiqarish klasterida yoshlarning o‘rni” mavzusida Respublika ilmiy-texnikaviy anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda neft va gaz sanoatini yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash, mazkur sohada ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq qilish eng asosiy vazifalardan biri ekanini ta'kidlandi. Anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar uchun “Uzbekistan GTL” korxonasining ishlab chiqarish jarayonlari hamda zamonaviy kimyoviy laboratoriyasi moddiy texnik bazasi bilan yaqindan tanishtirish uchun ekskursiya tashkil etildi.

Tadbir tashkilotchilari Bo‘limning yosh olimlari ma'ruzalarini yuqori baholab, ularni diplom va qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirladi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!