Navoiyda Qizilqum geologiyasiga oid kitob nashr etildi


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi, geologiya va mineralogiya fanlari doktori, professor Abdurazak Umirzakovich Mirzaevning “Qizilqum paleogen cho‘kindi formasiyalarining litologiyasi, paleografiyasi, fasiyalari va foydali qazilmalari” nomli monografiyasi nashr etildi.

Monografiyada Qizilqum paleogen cho‘kindi formasiyalarining hosil bo‘lish sharoitlari va moddiy tarkibini o‘rganish maqsadida olib borilgan kompleks tadqiqot ishlari natijalari berilgan.

O‘rta Osiyo va qo‘shni hududlaridagi sedimentasion havzasida Qizilqum paleogen cho‘kindilarining hosil bo‘lish fasial sharoitlari va moddiy tarkibi hamda kesmalarning tuzilishi va ritmostratigrafik bo‘linish sxemasi tahlil qilingan. Noma'dan foydali qazilmalarining stratigrafik, fasial, mineralogik va geokimyoviy bashoratlash mezonlari asoslangan, ularning istiqbolli maydonlari ajratib olingan. Qizilqum paleogen cho‘kindilarida aniqlangan bir qator noma'dan, ayniqsa gilli foydali qazilmalarini iqtisodiyotning yangi tarmoqlarida qo‘llash mumkinligi isbotlandi.

Monografiya ilmiy-tadqiqot institutlari tadqiqotchilari va kon-geologiya sanoatining ishlab chiqarish xodimlari, shuningdek, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilar, doktorantlar, magistrantlar va talabalar uchun mo‘ljallangan.

Kitob 232 betdan iborat. Uni elektron shaklda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining rasmiy telegram-kanaliga obuna bo‘lib, https://t.me/academynav havolasi orqali yuklab olish mumkin.

Fanlar akademiyasining Navoiy filiali matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!