“Triumf Gornyak” bilan hamkorlik kengaymoqda
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi xususiy korxonalar bilan ilmiy-texnik hamkorlikni kengaytirmoqda. Jumladan, Bo‘limda bo‘lim raisi A.Mirzayev boshchiligida Navoiy viloyati hududiy Innovatsion rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i O‘.Mirzoyev va hamkor korxonalardan biri “Triumf Gornyak” MChJ rahbariyati ishtirokida innovatsion faoliyat, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha uchrshuv o‘tkazildi.
Ta'kidlash joizki, ushbu korxona mutaxassislari bilan Bo‘lim olimlari turli xil yo‘nalishdarda, shu jumladan, vermikulit xom ashyosini kompleks qayta ishlash, boyitish va undan qurilish industriyasi, qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalarining ehtiyojlari uchun import o‘rnini bosuvchi va eksportbop turli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalarni yaratish va joriy etish bo‘yicha 2021 yildan hamkorlikda faoliyat olib bormoqdalar. FA Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan texnologiya asosida issiqhona sharoitida ko‘chat yetishtirishda bioparchalanuvchan vermikulitli idishchalarni ishlab chiqarishni “Triumf Gornyak” MChJda amaliyotda joriy etishga qaratilgan mazkur loyiha ushbu yo‘nalishdagi amaliy hamkorlikning namunasidir.
Vermikulitli bioparchalanuvchan idishchalardan foydalanish issiqxona xo‘jaligida ekologik sof va yuqori hosil olishning garovi bo‘lib, o‘simlikning nozik va hali to‘liq shakllanmagan ildiz tizimini doimo issiq, sovuq haroratdan himoyalaydi. Hozirgi yer resurslari chegaralangan va iqlim o‘zgarishlari sababli suv resurslarining global miqyosda tanqisligi tobora kuchayib borayotgan sharoitda ushbu innovatsion ishlanmaning ahamiyati kattadir.
Jumladan, yuqori hosil olishda sarflanadigan tabiiy biogumus va mineral o‘g‘itlarni minimal darajada va yuqori aniqlikda aynan o‘simlik ildiziga yetkazib berishni hamda idishchalarga qadalgan usimlik urug‘i va o‘sib chiqqan nihol o‘sayotgan chirindili tuproqning namligini bir tekis tarqalishini ta'minlaydi.
E'tiborli jihatlardan yana biri - vermikulitli idishchalarni tashish va saqlashning osonligi va qulayligidir. Vaqti o‘tib, issiqhonala yetishtirilgan o‘simlik nihollari yetarlicha o‘sganidan so‘ng ularni tuproqga idish bilan ko‘chirib o‘tkazilganida vermikulitli idishchalar tabiiy sharoitda tirik mikroorganizmlarning faoliyati natijasida parchalanib, tuproqqa singadi va o‘zining tarkibidagi mikro- va makroelementlar bilan o‘simlikning o‘sishi va rivojlanib hosil berishi uchun ekologik sof ozuqa bo‘lib xizmat qiladi.
Vermikulitli bioparchalanuvchan idishchalarning qo‘layliklari Bo‘limda laboratoriya sharoitida va kichik issiqxonada sinab ko‘rildi va o‘z isbotini topdi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.