Tashabbuskor guruh bug‘doy ekish ishlarini amalga oshirdi
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari o‘z ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirishga qaratilgan yangicha yondashuvni ishlab chiqdilar. Xususan, bentonit qo‘llanadigan qishloq xo‘jaligi sohasida Bo‘lim olimlari tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda sug‘orilmaydigan lalmi yerlarda bug‘doy yetishtirishni tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor guruh tuzildi. Ma'lumki, bentonitning sorbsion xossalari, ya'ni namlikni o‘ziga singdirish va ushlab turish qobiliyati urug‘larning stresssiz unib chiqishini va ularning barqaror o‘sishini ta'minlaydi, o‘simliklarning suvga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi.
Bo‘limning ilmiy xodimlari tashabbuskor guruhga shaxsiy mablag‘lari bilan ulush asosida kirdilar. Joriy yil fevral oyining ikkinchi yarmida ular tegishli soha tayanch doktorantlari bilan birgalikda Bo‘lim qoshida tashkil etilgan “Qizilqum” ilmiy-tadqiqot tajriba stansiyasiga Nurota tumanida ajratilgan 56 gektar lalmi yerlarida bug‘doy ekish bo‘yicha ishlarni amalga oshirdilar. Bundan tashqari, ushbu ishlarda o‘zlari ishlab chiqqan preparatlarni sinab ko‘rish uchun Fanlar Akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutining ikkita mutaxassisi (o‘simlik o‘sish stimulyatorlari AA-01 va AA03) va Mikrobiologiya institutidan bir vakil (kompleks biopreparati) ishtirok etdilar.
Shunday qilib, Fanlar Akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari tomonidan yaratilgan lalmi sharoitlarda o‘sishi mumkin bo‘lgan yumshoq bug‘doylarning ikkita yangi “E'zoz” va “Qayroqtosh” navlari 6 gektar yerga ekildi. Shuningdek, qolgan 50 gektar yerga “Surxak” bug‘doy navi ekildi.
Ekish uchun maydon bir nechta uchastkalarga bo‘lindi. Unda uch xil bo‘g‘doy yuqorida aytib o‘tilgan preparatlarni faqat o‘zlarini hamda Bo‘lim tomonidan ishlab chiqilgan suv tejamkor innovatsion texnologiya, ya'ni bo‘g‘doy urug‘larini bentonit gili kukuni bilan qobiqlab ekish usuli bilan birga qo‘llagan holda ekildi. Kelajakda o‘simliklarni bargidan bentonit suspenziyasida eritilgan o‘g‘itlar bilan oziqlantirish usullarini qo‘llash ham ko‘zda tutilgan. Bir uchastka nazorat uchun qoldirildi. Shuningdek, ilmiy kuzatuvlar uchun muntazam ravishda navbatchilik tashkil etildi va dala shiyponi sifatida foydalanish uchun vagonchik olib kelinib, jihozlandi.
Keyinchalik, tayyor mahsulotni sotishdan olingan foyda ishtirokchilarning ulushiga qarab taqsimlanadi. Yig‘ilgan bug‘doyning bir qismi esa Navoiy bo‘limining urug‘chilik fondiga o‘tkaziladi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.