"Qizilqumsement" AJ masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020 yil 3 dekabr' kuni ilm-fan va innovasiyani rivojlantirish borasida oliy ta'lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarishnining integratsiyasiga katta e'tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi qoshidagi Idoralararo ilmiy-texnik kengashining kengaytirilgan ishchi yig‘ilishlari sanoat korxonalarini muammolarini hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy o‘quv yurtlarining innovasion takliflarini muhokama qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi. O‘tgan yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan yettinchi yig‘ilishda korxonalar, shu jumladan, "Qizilqumsement" AJ o‘zlarining muammoli masalalarini aytishdi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli keltirilgan muammolar ustida ishlash biroz kechikdi. Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni davom ettirish uchun Navoiy bo‘limining bir guruh ilmiy xodimlari xalqaro aloqalar va tijoratlashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari K.M.Nurboyev boshchiligida sement zavodiga tashrif buyurishdi va u yerda qurilish va innovasiyalar bo‘yicha direktor Sh.T.Tuybayev boshchiligidagi korxonaning muhandis-texnik xodimlari bilan suhbatlashdilar.
Muhokama chog‘ida aksiyadorlik jamiyatida yechimini kutayotgan quyidagi muammoli masalalar turganligi aniqlandi. Bu korxonaning o‘rtacha kunlik 500 kubometr hajmda maishiy chiqindi suvlarini texnik maqsadlarda qayta ishlatish uchun tozalash va zararlantirish inshootlarini ishlab chiqarish. Sement ishlab chiqarishda sement klinkerini maydalash uchun kuchaytirgichni olish va ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish. Kamida 1700 Sel'siy darajasiga chidamli olov bardosh g‘isht ishlab chiqarish hamda sement ishlab chiqarishda uning tannarxini pasaytirish maqsadida qo‘shimcha sifatida yangi turdagi xom ashyolarni qazib olish uchun yangi konlarni topish. Shuningdek kuydirish texnologik jarayoni uchun tabiiy gaz o‘rniga muqobil energiya manbalarini izlash zarurligi qayd etildi.
Tomonlar hamkorlik memorandumini imzolashga va Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassalarinining ilmiy, kadr va texnik salohiyatini jalb qilgan holda birgalikda zavod muammolarini hal qilish yo‘llarini izlashga kelishib oldilar. "Qizilqumsement" AJ rahbariyati tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borishda har qanday ko‘mak berish niyatini tasdiqladi.
Fevzi ISTABLAYEV,
FA Navoiy bo‘limining matbuot kotibi.