Pavlovniya plantasiyasi yaratilishiga bir qadam yaqinroq


2021 yilning 4 mayida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi “Kimyo texnologiyasi, nanotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi” tarkibiy bo‘limi olimlari rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev boshchiligida Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Sag Agro” mas'uliyati cheklangan jamiyatining in vitro laboratoriyasiga tashrif buyurib, laboratoriya rahbariyati va xodimlari bilan muzokaralar o‘tkazishdi. Natijada tomonlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Laboratoriya 2019 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, 2024 yilda to‘liq quvvat bilan ishlash imkoniyatiga ega. Bugungi kunda bu yerda xorijdan keltiridgan mevali va manzarali daraxt navlari, xususan, yong‘oq, bodom, shaftoli, gilos, o‘rik, nok va olma ko‘chatlari zaxirasini tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tuproq, suv va barg namunalarida tahlillar o‘tkazish maqsadida agrokimyo va tuproqshunoslik laboratoriyasi tashkil etilgan.

Laboratoriya mudiri Ilyos Xaydarov Navoiy bo‘limi olimlari bilan suhbatda «in vitro» tom ma'noda «shisha ichida» ma'nosini anglatadi, ya'ni, tajriba ishlarini «probirka ichida» bajarish texnologiyasi ekanligini tushuntirdi. Ushbu texnologiya asosida laboratoriyada o‘simliklarning mikroklonal ko‘paytirish usulidan foydalaniladi. Bu esa genetik jihatdan bir hil ekish materialini olish, import qilingan ko‘chatlar orqali turli kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish va ko‘chatlar narxini bir necha marta kamaytirish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur usul mavjud an'anaviy usullarga nisbatan yana bir qancha afzalliklarga ega.

Navoiy bo‘limi olimlari va «Sag Agro» MChJ laboratoriyasi xodimlari o‘zaro bilim va tajriba almashish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni, jumladan, xalqaro loyihalarni amalga oshirishda bir-biriga ko‘maklashish borasida, jumladan, Laboratoriya tomonidan ilmiy loyihalarni olib borishda tajribalar o‘tkazish uchun sharoit yaratib berish, Bo‘lim tomonidan esa ushbu loyihalarni ilmiy qo‘llab-quvvatlash vazifalarini amalga oshirishni kelishib olishdi.

Ta'kidlash joizki, laboratoriyaga joriy yilning aprel' oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurgan edi. Tashrifi davomida Yurtboshimiz bu qo‘shilgan qiymat yaratishda inqilobiy usul ekanini aytdi. Shuningdek, laboratoriya xodimlari davlatimiz rahbari O‘zbekistonda pavlovniya plantasiyalarini yaratish to‘g‘risida fikr yuritishga ko‘rsatma berganligini ma'lum qilishdi.

Navoiy bo‘limining bu yo‘nalishda muayyan ishlanmalari mavjud. Masalan, bo‘lim qoshida tashkil etilgan “Qizilqum” ilmiy tadqiqot tajriba stansiyasi” davlat unitar korxonasi balansidagi Nurota tumanida joylashgan lalmi yerlarida pavlovniya plantasiyasini tashkil etish loyihasi istiqbolli loyiha hisoblanadi. «Sag Agro» MChJning in vitro laboratoriyasi bilan memorandum imzolanishi ushbu loyihani amalga oshirishni bir qadamga yaqinlashtiradi.

Shuni ta'kidlash joizki, Navoiy bo‘limi va Bolgariyaning «Paulownia BG» kompaniyasi bilan memorandumi va pavlovniya ko‘chatlarini yetkazib berish bo‘yicha og‘zaki kelishuvlari mavjud. Shuningdek, pandemiya holatining kelib chiqishidan oldin Xitoyning «Donghua Tianze Ecological Technology Co» kompaniyasi va Qirg‘izistonning ushbu sohada ish olib boruvchi «Social Tree» kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, 2020 yilda Navoiy bo‘limi tomonidan BMTning Yashil iqlim jamg‘armasiga grant olish maqsadida bir qancha loyihalar taqdim etilgan. Ulardan biri bir necha saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Nurota tumanining yaylov yerlarida pavlovniya plantasiyasini yaratish asosida yaylov-ozuqabop o‘simliklari urug‘chiligi va qoramolchilikni klaster shaklida tashkil etish loyihasidir. Loyihani amalga oshirish uchun mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, biroq ushbu loyihani amalga oshirish orqali Navoiy viloyatidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga hissa qo‘shiladi, «Sag Agro» MChJning in vitro laboratoriyasi bilan hamkorlik esa bu jarayonni tezlashtish imkonini beradi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!