O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 iyundagi PQ-3059-sonli Qaroriga muvofiq, hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlarga xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, hududning muammolarini hal etish bo‘yicha izlanishlar va ilmiy tadqiqotlar olib borish doirasida xalqaro hamkorlikni tashkil etish Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining asosiy vazifa va yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Bu borada xitoylik hamkasblar va tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish katta salohiyatga ega.
2025 yil 24 yanvar kuni bir qator texnologik kompaniyalar mutaxassislari, shuningdek o‘z salohiyatini taqdim etgan “Zonergy” korporatsiyasi rahbariyati bilan onlayn majlis bo‘lib o‘tdi. Ular bilan Toshkentdan ulangan holda Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev va rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev boshchiligida bo‘limning ilmiy xodimlari muzokaralar olib bordilar.
Taqdimot davomida “Zonergy” dunyodagi eng yirik elektron tizimlar yetkazib beruvchisi ekanligi ma'lum bo‘ldi. 2007 yilda tashkil etilgan korporatsiya ekologik toza kelajakni ta'minlashga hissa qo‘shish maqsadida qayta tiklanadigan energiya mahsulotlari va yechimlari sohasida faoliyat yuritadi. Mahsulot turlari orasida portativ va stasionar energiya saqlash tizimlari mavjud.
Korporatsiya vakillari Sichuan, Sinxay va Gan'su provinsiyalarida qariyb 40 MVt quvvatga ega avtonom quyosh energiyasini saqlash tizimlarini o‘rnatganliklarini, xorijda, jumladan, Pokiston, Nepal, Chad, Namibiya kabi mamlakatlarda tajribaga ega ekanliklarini ma'lum qildilar. O‘zlarining patentlangan yechimlari bilan O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirdilar.
Navoiy bo‘limi raisi A. Mirzayev, o‘z navbatida, O‘zbekistonda “yashil energetika”ni rivojlantirishga hukumat darajasida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Mamlakatda bir necha xorijiy kompaniyalar quyosh panellari va shamol qurilmalarini o‘rnatish va qurish bilan shug‘ullanib, bu yo‘nalishda muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Bozorga kirish uchun raqobatbardosh uskunalar yoki takomillashgan texnologiya taklif qilish yoki band qilinmagan segmentga yo‘nalish berish, masalan, shahar infratuzilmasidan uzoqda joylashgan ob'ektlarga quyosh panellar yoki cho‘ponlar uchun mobil qurilmalarini o‘rnatish kerak. Ammo bu masala batafsil o‘rganish va monitoring o‘tkazishni talab qiladi. Shuni inobatga olgan holda, u dastlab memorandum imzolashni, so‘ngra bozorni marketing tahlili va taklif etilayotgan yechimlarning muayyan hududdagi ilmiy asoslanishi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzishni taklif qildi. Kelgusida aholi punktlaridan uzoqda joylashgan pilot qurilmani o‘rnatish orqali uning afzalliklarini namoyish etish bilan qo‘shma loyihani amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Xitoylik hamkasblar o‘ylash uchun vaqt so‘rab, tez orada o‘z javoblarini berishga va'da berdilar.
Bundan tashqari, 25 yanvar kuni poytaxtimizda Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm, madaniyat va investisiya sohasidagi aloqalarni rivojlantirish markazida Kengash raisi Vu Bin hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladilar. Vu Bin mamlakatimizning madaniy va turistik salohiyatini yaxshi biladi. U bu boradagi fikrlarini “New Times Uzbekistan” (“Yangi O‘zbekiston”) nomli mualliflik kitobida bayon etgan.
Ushbu nodavlat notijorat tashkilot bilan imzolangan hujjat turizm, jumladan, sanoat va ilmiy turizm, madaniyat va investisiyalarni jalb qilish sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish va amalga oshirishda uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 18 sentyabrdagi “Turizmning yangi turlarini joriy qilish hamda mamlakatimizning turistik salohiyatidan samarali foydalanishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda 2025 yil 1 yanvardan boshlab yangi turizm turlari, jumladan, sanoat, geologiya va ilmiy turizm rivojlantirilmoqda. Memorandum ushbu hukumat hujjati bandlarini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashadi.
Tomonlar Navoiy viloyatining sanoat, geologik va ilmiy ob'ektlari bo‘yicha yo‘nalish xaritasini tayyorlashdan ish boshlashga qaror qildilar. Unga birinchi odamlar tomonidan qoldirilgan petrogliflari bilan mashhur Sarmishsoy tabiiy-arxeologik yodgorligi, dunyodagi eng yirik oltin koni bo‘lgan Muruntov, mashhur olim, va sayyohlar granat kabi yarim qimmatbaho toshlarni yig‘ib olishi mumkin bo‘lgan joy - akademik Habib Abdullayev tomonidan kashf etilgan Xatirchi tumanidagi Langar tog‘ tizmasidagi vol'fram koni, dinozavrlarning suyaklari topilgan va o‘ziga xos tosh o‘rmon joylashgan Mingbuloq botig‘ligi kabi joylar kiritilishi mumkin.
Bundan tashqari, sayyohlar ruxsat etilgan sochma uchastkalarda oltin izlovchilar usilida qazib olinadigan oltinni yuvish jarayoni bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.