Oltin investorlarni jalb etadi


     O‘zbekiston yer osti boyliklari bilan mashhurdir. Misol uchun, faqatgina Navoiy viloyati, jumladan Qizilqum va Nurota tog‘li hududlarini olsak, u yerda Mendeleyev davriy sistemasining deyarli barcha elementlari uchraydi. Shu sababli ushbu tizimlar doim geologlarning diqqat markazida bo‘lib, qonunchilikdagi o‘zgarishlar va Yurtboshimizning topshiriqlari tufayli investorlarning qiziqishiga sabab bo‘lmokda.

     Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirrsh bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining 4-chi bandiga ko‘ra, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hududiy boshqarma, Geologiya fanlari universiteti, Fanlar akademiyasi, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda 2025 yil 1 martga qadar 50 dan ziyod sochma oltin konlariga tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatilgan.

    Ta'kidlash joizki, mazkur Qaror, o‘tgan yili kuzda Yurtboshimizning Navoiy viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarning mantiqiy davomidir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tegishli vazirlik, idora hamda tashkilotlarga, shu jumladan Navoiy bo‘limiga 30 foiz ilmiy xodim va tajribali geologlarini Navoiy viloyatining tuman va shaharlariga nomma-nom biriktirib, ularni bir yilga safarbar qilib, yangi foydali qazilmalar zaxiralarini aniqlash ishlarini tashkil qilish topshirig‘ini bergan edi. Shu maqsadda FA Navoiy bo‘limida ham geologiya yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy xodimlar va tayanch doktorantlardan iborat guruh shakllantirildi.

     Ular muntazam ravishda joylarga chiqib, geologik tadqiqotlar olib bormokda, tog‘ jinslarni tadqiqot uchun olib, o‘z xulosalarini berib kelmoqdalar. Xususan, Navoiy bo‘limining ilmiy xodimlari boshqa tashkilotlardagi xamkasblari bilan birgalikda bergan tavsiyalari asosida auksion savdolariga qo‘yiladigan oltinli uchastkalar ro‘yxati tuzildi.

Natijada, 4 fevral kuni “E-auksion” platformasida Navoiy viloyatidagi 31 ta oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun oltin uchastkalar bo‘yicha ochiq va shaffof savdolar bo‘lib o‘tdi. Xaridorlarga Nurota va Karmana tumanlarida joylashgan Navoiy, Nurota, Oqsoqolota, Sop, Shuhsoy maydonlarining uchastkalari taklif etildi. Qiziqarli jihati, lotlarning umumiy qiymati 1,1 mlrd so‘mni tashkil etdi, birok jami daromad 25,1 mlrd so‘mga yetdi. Hatto 10 soatdan ziyod vaqt davom etgan savdolarda bitta lotning narxi 110 martaga oshdi.

   Auksion savdolari ishtirokchilariga qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarga faqat O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari, xususan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega jismoniy shaxslar hamda ustav kapitali (jamg‘armasi)da O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxsning ulushi 70 va undan ortiq foizga ega bo‘lgan yuridik shaxslar talabgor bo‘lishi mumkinligi, bunda yuridik shaxslarda ishchi-xodimlarining 70 foizi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi lozimligi hamda bitta talabgorga ruxsatnoma asosida berilgan yer qa'ri uchastkalarining umumiy maydoni yil davomida 20 gektardan oshmasligi lozimligi e'lon qilindi.

Bu savdolarning yana bir jihati shundan iboratki, yanvar oyida talabgorlarga geologik vaziyat, texnik shartlar va ob'ektlar infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish uchun vaqt berildi. Ulardan ayrimlarining murojaatiga ko‘ra, Navoiy bo‘limi geologlari joyga chiqib, maslahat berishdi.

Ular keyinchalik ham tadbirkorlarning talabiga ko‘ra shartnoma asosida ilmiy maslahatlar berish va sochma oltinni qazib olish jarayonida analitik tadqiqotlarni amalga oshirishta ko‘maklashishni rejalashtirmokda.

Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining ilmiy xodimlari tegishli tashkilotlardagi hamkasblari bilan birgalikda yuqorida aytib o‘tilgan Prezident Qarori bilan ularga yuklatilgan boshqa ishlarni, jumladan viloyat hududida yangi zaxiralarni aniqlash va ishga tushirish ishlarini tashkil qilish va viloyatning yaylov yerlarida joylashgan barcha istiqbolli yer qa'ri uchastkalari ro‘yxatini shakllantirish va ularni auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishni davom etadilar.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!