Nurotada qishloq xo‘jaligi bo‘yicha seminar


      2025 yilning 25 fevralida Nurota tumani hokimligi katta majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan tuman hokimligi bilan hamkorlikda “Ilm-fan va qishloq xo‘jaligi integratsiyasi samaradorligi hamda sohaga ilmiy yondashish orqali suvtejamkorligiga erishish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermerlar va dehqon xo‘jaligi va mahalliy aholi vakillari qatnashdi.

        Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev kirish so‘zida ishtirokchilarini qutlab, seminar ishiga omad tiladi hamda tumanda 2024 yilda agrar sohasida bajarilgan va 2025 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Nurota tumanida 2024 yilda 2 trln 158 mlrd 300 mln so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilishiga erishildi, bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 104,8 foizni tashkil qildi. Joriy yilda tumanda erta bahorda asosiy maydonlarda 3,2 ming gektar, bog‘-tok qator oralariga 1,5 ming gektar hamda ertaki ekinlardan bo‘shagan maydonlarda 264 gektar takroriy qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishi ta'minlanishi, shuningdek, lalmi va yaylov yerlarini o‘zlashtirish orqali madaniy holda kavrak plantasiyasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 3058 gektar mevali bog‘ va 1406 gektar tokzorlardan belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish orqali yuqori hosildorlikka erishish maqsad qilingan.

     A.Fayziyev shularni aytib, rejalarni amalga oshirish uchun mavjud yer va suv resruslaridan samarali va oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligiga ilmni olib kirish zarur ekanligini ta'kidlab, fermerlarni olimlar bilan ishlashga chaqirdi va o‘zi cho‘l ozuqabop o‘simliklarni yetishtirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

      Keyin Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev so‘zga chiqib, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan bugungi kunda olib borilayotgan qishloq xo‘jaligi va ekologiya yo‘nalishlaridagi ilmiy tadqiqotlari ekinlar hosildorligini oshirish, suvtejamkor innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotda keng qo‘llashni tashkillashtirishga yo‘naltirilganligini ta'kidladi.

      Jumladan, Nurota tumanida Navoiy bo‘limi tomonidan Bolgariyalik hamkor «Paulownia BG» MChJ bilan birgalikda pavlovniya yetishtirish texnologiyasini transfer qilish va bu tez o‘suvchi daraxtlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Bu maqsadda ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan ilk insonlardan biri innovatsiyalarga befarq bo‘lmagan «Umrbek» fermer xo‘jaligi raisi Umrbek Narzillayev o‘z fermer xo‘jaligining yer fondidan 4 gektar maydonni pavlovniya o‘simligini tajriba tariqasida yetishtirish uchun ajratdi. 2022 yilda ushbu xududda dastlab Bolgariyadan olib kelingan 2000 ta qalamcha va 1000 ta ko‘chat o‘tkazildi.

      Bugungi kunda barcha zarur agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bevosita U.Narzillayev tomonidan bajarilib kelinmoqda, Navoiy bo‘limi olimlari nazoratida, albatta. Shularni e'tiborga olib, «Paulownia BG» MChJ bosh menedjeri Djan Duralov tomonidan Navoiy bo‘limiga xat bilan murojaat qilib, Muhtaram Prezidentimizning «Inson qadri ulug‘langan yurtning kelajagi buyuk bo‘ladi» degan oqilona so‘zlariga amal qilgan holda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining Qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha “Faxriy professor”i unvonini berish uchun Nurota tumanining fidoiy, oqsoqol fermeri Umrbek Narzillayev nomzodini ko‘rib chiqish uchun tavsiya qildi. Mazkur masala Bo‘lim qoshidagi “Ustoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi”da ko‘rib chiqildi va ma'qullandi hamda Bo‘lim Ilmiy kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

 

      Tadbirda tantanali ravishda Umrbek Narzillayevga Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining Qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha “Faxriy professor”i unvonini tasdiqlovchi hujjat topshirildi hamda 75-yillik yubileyiga bag‘ishlab an'anaga ko‘ra chapon va do‘ppi kiydirildi.

 

    U.Narzillayev – ko‘p qirrali inoson. Mutaxassisligi “Stomotologiya” bo‘lib, o‘tkan asrning 70-90 yillarida tibbiyot sohasida tibbiyot amaliyoti bilan shug‘ullangan. 1990 yilda esa fermerlik faoliyatini boshlab, tuman aholisiga ko‘plab qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirib bera boshladi. Shu bilan bir qatorda xo‘jalik tarkibida meva sabzovotlarni qayta ishlash va makaron mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sexlarini tashkil etgan. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishga muljallangan “Umrbek” fermer xo‘jaligi yer maydonida 67 gektar mevali bog‘ yaratilgan bo‘lib, shundan 60 gektari tomchilatib sug‘orish sistemasi orqali sug‘oriladi. Bugungi kunda bog‘dagi turli xil mazzali mevalar xalqimizga yetishtirib berilmoqda.

   Seminarning amaliy qismida birinchi bo‘lib Navoiy bo‘limining “Kimyo texnologiyasi, nanotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi” tarkibiy bo‘limi mudiri Shahnoza Qodirova “Qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda bentonit gillari kukunidan foydalanish samaradorligi” mavzusida ma'ruza o‘qidi.

        Bo‘lim tomonidan innovatsion g‘oya, ya'ni paxta chigitini bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekish innovatsion uslubi ishlab chiqildi va Navoiy, Surxondaryo, Toshkent va Namangan viloyatlari paxta maydonlarida tajriba sinovlaridan o‘tkazildi. Natijada g‘o‘za nihollarining 2-3 kun oldin unib chiqib, nihollarning sog‘lom va baquvvat bo‘lishi hamda hosildorlikning 10-15% oshishiga erishildi.

        Navoiy bo‘limi tomonidan bentonit gillari kukunlaridan 4-5 foizlik suspenziya tayyorlanib, paxtani karbamid o‘g‘iti bilan birga bargidan oziqlantirishga yo‘naltirilgan tajriba ijobiy natija berdi va bentonit suspenziyasi g‘o‘za bargida yupqa qobiq (plyonka) hosil qilishi, bentonitning “sorbsion” xususiyati tufayli suvni o‘ziga shimib olib tutib turishi va parlanib ketishiga to‘skinlik qilishi natijasida g‘o‘zaning bargidagi mikrokapillyarlar orqali bir me'yorda oziqlantirishi kuzatildi. Bunga o‘lkamizdagi kunduzgi harorat bilan kechasidagi harorat o‘rtasidagi tafovut 10-15 gradusni tashkil etishi, kunduzi issiqdan havoning suv bug‘lari bilan to‘yinishiga va kechasi ushbu havodagi suv bug‘larining kondensasiyalanishi natijasida suv bug‘laridagi zarralari bir-biriga birikib, to‘yingan holda shudring tomchilari ko‘rinishida g‘o‘za barglariga tushishi, g‘o‘za bargidagi bentonit gillaridan hosil bo‘lgan suspenzion qobiq (plyonka) ushbu suv mikrotomchilarini o‘ziga so‘rib olib, bargdagi mikroporalar orqali kun davomida g‘o‘zaning suvga bo‘lgan ehtiyojini, qisman bo‘lsada, ta'minlashi aniqlandi.

       Tadqiqot-tajriba sinovlari Surxondaryo, Tashkent, Namangan, Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida 2000 gektardan ortiq maydonlarda o‘tkazildi va hosildorlikning 10-15% oshganligi e'tirof etilib, dalolatnomalar bilan tasdiqlandi.

     Aynan Nurota tumanida ushbu innovatsion usullar “Umrbek” FX lalmi yerlarida bo‘g‘doyda, shuningdek, cho‘l ozuqabop o‘simliklarida sinovdan o‘tkazildi va ijobiy natijalar olindi.

      Shuningdek, Navoiy bo‘limining “Chorvachilik gendiagnostikasi laboratoriyasi” mudiri O‘ktam Hakimov “Yaylov chorvachiligida zotlar ixtisoslashuvining seleksion va iktisodiy axamiyati” mavzusida ma'ruza o‘qidi.

       Navoiy viloyatining yaylovlaridagi qorako‘l qo‘ylarining genofondini ilmiy asosda saqlash va undan samarali foydalanish, rangli qorako‘lchilikni rivojlantirish, qorako‘lchilik mahsulotlarini xalqaro talablar asosida laboratoriya sinovlaridan o‘tkazishni ta'minlash hamda nasldor qorako‘l qo‘chqorlarini genodiagnostik baholash usullarini ishlab chiqishga qaratilgan maxsus laboratoriya mintaqada ilk bor Navoiyda tashkil etildi. Bugungi kunda laboratoriyada o‘simliklarni genlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda.

       Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Shuningek, seminarga tashrif buyurgan mehmonlar hokimligining foyesida Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan yaratilgan ishlanmalar hamda seminar sababchilaridan biri bo‘lgan “Umrbek” fermer xo‘jaligining raisi Umrbek Narzillayev tomonidan yozilgan kitoblari bilan tanishdilar.

     Yana shuni ta'kidlash joiz-ki, mazkur seminarda Xitoydan tashrif buyurgan ishlbilarmonlar ham qatnashdi. Ertasi kuni ular Navoiy bo‘limiga keldi va bu yerda Bo‘lim rahbariyati va ilmiy xodimlari muzokaralar o‘tkazdilar. Ikkala tomon qishloq xo‘jaligi va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

 

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.

 

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!