Navoiy bo’limi xodimi esdalik nishoni bilan taqdirlandi
O’tgan yili mamlakatimizda O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil etilganining 80 yilligi keng nishlonlandi. Yubiley tadbirlarining aks-sadolari bugungacha ham yetishib kelmoqda. Yaqinda FA Navoiy bo’limi Mashinasozlik, asbobsozlik va avtomatlashtirish tarkibiy bo’limi katta ilmiy xodimi Fevzi Istablayevga FA prezidenti Bexzod Yuldashev tomonidan imzolangan “O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 80 yilligi” esdalik nishoni tantanali topshirildi.
Navoiy bo’limida o’z ilmiy faoliyatini Fevzi Istblaev 2019 yil oxirida oddiy stajyor-tadqiqotchi sifatida boshlagan, ammo mas’uliyatliligi va mehnatsevarligi tufayli hozirda katta ilmiy xodim bo’lib ishlamoqda.
O’tgan davr mobaynida Fevzi Istablayev Navoiy bo’limi huzuridagi Idoralararo ilmiy-texnikaviy kengashning Kengaytirilgan ishchi yig’ilishlari, shuningdek “O’rta Osiyo geologiyasini o’rganishning hozirgi holati va istiqbollari” hamda O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo’limi tashkil etilganining 5 yilligiga bag’ishlangan “Fan, ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyasi – rivojlanish va taraqqiyot garovi” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa keng ko’lamli tadbirlarni tashkil etishda faol ishtirok etgan. Uning texnik tahriri ostida ushbu konferensiyalardan ikki va uch jildli ma’ruzalar to’plami nashr etildi.
F.Istablayev Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti o’qituvchilari bilan birgalikda olingan ikkita patent – “Konveyer rezina-trosli tasmalardagi uzilishlarni aniqlash qurilmasi” ixtiro va “Rezinatrosli konveyer tasmalarini ulash usuli” foydali modeli hammuallifidir. Bugungi kunda u geotexnologik muammolarni hal qilishga, xususan, kon mashinalarining ishlashini yaxshilashga qaratilgan tadqiqotlar olib bormoqda. U o’zining nazariy va amaliy bilimlarini NDKTU talabalari bilan o’rtoqlashmoqda, jumladan u “Karyer mexanik uskunalari”, “Kon uskunalarini ta’mirlash” va “Kon turg’un mashinalari” kabi fanlardan mashg’ulotlar olib bormoqda.
Fevzi Istablayev bosma ommaviy axborot vositalarda katta tajribaga ega. Uning maqolalari jurnalistika sohasida nufuzli mukofotlarga sazovor bo’lgan. Shuni hisobga olib, unga Fanlar akademiyasi Navoiy bo’limi matbuot kotibi lavozimi ham yuklatilgan. So’nggi uch yil ichida u Internet nashrlarida va respublika gazetalarida uch yuzdan ziyod maqolalar chop etdi. Mahalliy va milliy telekanallarda yuzga yaqin reportajlar namoyishi tashkil etdi. Uning bu faoliyati Fanlar akademiyasining tashakkurnomasi bilan ham qayd etilgan.
O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Navoiy bo’limi rahbariyati va xodimlari nomidan Fevzi Istablayevni munosib mukofot bilan tabriklaymiz!
Ishonchimiz komilki, u katta rejalarga ega yosh olim, malakali, mehnatsevar va mas’uliyatli xodim sifatida o’z maqsadlariga albatta erishadi.
Abdurazak MIRZAYEV,
FA Navoiy bo’limi raisi.