Maqsad – ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish


Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan ilmiy tashkilotlarning qishloq xo‘jaligi sohasida tijoratlashtirishga taklif etilayotgan loyihalari o‘rtasida innovatsion ko‘rgazma 16 sentyabr kuni Toshkentda o‘z faoliyatini boshladi. Ishtirokchilarning ichida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ham bor.

Tadbirda Bo‘lim mehmonlarga quyidagi loyihalarni namoyish etdi. Bentonit gillaridan foydalanib qobiqlangan chigit urug‘larini ishlab chiqarish va paxtachilikda joriy qilish. Bentonitli suspenziya bilan g‘o‘zani bargidan oziqlantirishga qaratilgan ilmiy-tajriba ishlari. Cho‘l chorvachilik va o‘simlikshunoslik seleksion tizimini takomillashtirish. Adir yerlarda kishmish, tok o‘simligini tomchilatib sug‘orish uslubida yetishtirishning istiqbollari.

 

 

Shuni ta'kidlash joizki, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan 2018 yildan boshlab, bentonit gillaridan qishloq xo‘jaligida foydalanishning innovatsion usullari ishlab chiqilib, g‘allachilikda, paxtada va sabzavot ekinlarida keng qo‘llanib kelinmoqda. Bunda, olimlarimiz bug‘doy urug‘larini va paxta chigitini bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekilishi hisobiga, o‘simliklarning suvga bo‘lgan talabi, tuproqdagi namlikni bentonit gillarining sorbentlik xususiyati natijasida o‘ziga jamlashi hisobiga qoniqtirilishi oqibatida "stress"siz ko‘karib chiqishi, niholning baquvvat bo‘lib o‘sishi hamda hosildorlikning 10-15 foizga oshishini respublikamizning turli viloyatlari ekin maydonlarida o‘tkazilgan tajriba-sinovlari bilan isbotladilar. 2019 yili mazkur tajriba-sinovlari 500 gektar paxta va g‘alla yer maydonlarida amalga oshirilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2020 yilda to‘rt barobarga oshdi.

Navoiy bo‘limi olimlari yana bir innovatsion usul sifatida ekinlarni bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining 2-foizlik suspenziyasidan foydalanish ham hosildorlikning 15-20 foizga oshishini tajriba-sinovlarda isbotladilar. Bunda, bentonit suspenziyasidan tayyorlangan suyuqlikning barg ustida hosil qiladigan yupqa qobiq o‘simlikdagi mikrokapillyarlardan suv zarrachalarining parlanishiga to‘sqinlik qilishi, o‘g‘itning maksimal o‘zlashtirilishiga hamda o‘simlikning suvga bo‘lgan talabini kunduzi va kechasi o‘rtasidagi temperatura tafovuti hisobidan hosil bo‘ladigan shudring ko‘rinishidagi atmosferadagi suv zarrachalarining bentonit orqali bargga singdirilishiga imkon berishi hisobiga samarali ekanligi kuzatildi.

Uchunchi loyihani esa FA Navoiy bo‘limiga qarashli “Qizilqum” ilmiy-tadqiqot tajriba stansiyasi” DUK negizida bajarish ko‘zda tutilgan. Joriy yilning boshida Bo‘lim, o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, 20 gektar yer maydoniga cho‘l-yaylov ozuqa o‘simliklari urug‘chiligini tashkil etish maqsadida saksovul, izen, jitnyak kabi o‘simliklarini ekdilar. Ular qorako‘lchilikda yem sifatida ishlatilishi mumkin bo‘ladi.

Bo‘lim tomonidan Nurota tumanida tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish orqali 10 gektar lalmi yerda uzumzor yaratishga qaratilgan amaliy loyiha istiqbolli ekanligi ilmiy asoslandi.

Loyihalarni manfaatdor tashkilotlar vakillari stendlar oldiga kelib, o‘rganishayapti, Bo‘lim xodimlari ularni qiziqtirgan savollariga javob berishayapti. Ko‘rgazma 18 setyabrgacha davom etadi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!