Grafitni qo‘llash sohasini kengaytirib


2021 yilning 9 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va "Carbon-Polymer" mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

“Carbon-Polymer” MChJ 2005 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Olmaliq shahrida joylashgan. U grafit buyumlar hamda polimerlar ishlab chiqarishda O‘zbekiston bozorida yetakchi o‘rinni egallaydi. Bu yerda sanoat va maishiy texnika uchun grafit va metalografit cho‘tkalar, shuningdek, grafit elektrodlar, podshipniklar, vtulkalar va zichlagichlar hamda tekstolit, shishali tekstolit va getinaks kabi elektroizolyasion materiallar va polimerlardan boshqa kompozit materiallar ishlab chiqariladi.

Korxona tomonidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishda ishlatiladigan asosiy materiallardan biri bu sifatli grafitdir. Aynan shu omil “Carbon-Polymer” MChJ va Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga asos bo‘ldi. Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan 2018-2019 yillarda "Grafitli surkov mahsulot olish maqsadida Toshqazgan koni grafit rudalarini boyitish texnologiyasini ishlab chiqish" innovasion loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Natijada boyitilgan grafit konsentratsiyasining eksperimental partiyasi olindi.

Bundan tashqari, 2020 yil 12-apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta'lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4805-sonli qarorining 15-bandi bilan “Kimyo va biologiya yo‘nalishlaridagi ilmiy tashkilotlarning istiqbolli ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirishni tashkil etish dasturi”ni o‘z ichiga olgan 7-ilova tasdiqlangan. Mazkur dasturning 29-bandida “Toshqazgan koni ma'danidan elektrotexnika, metallurgiya va kimyo sanoatida foydalanishga yaroqli bo‘lgan grafit boyitmasini olish” ishlanmasi keltirilgan. Unga muvofiq tajriba-sinov ishlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Ushbu mavzuda, Navoiy bo‘limi tomonidan “Manzilli jadval” tayyorlandi va tegishli korxona va tashkilotlar bilan kelishildi va tasdiqlandi.

Muzokaralar chog‘ida “Carbon-Polymer” MChJning bosh direktori Uktamxon G‘ulomov Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzaevga u rahbarlik qilayotgan korxona yuqorida keltirilgan Yurtboshimizning qarori bilan belgilab berilgan vazifalarni birgalikda yechishga ko‘maklashishga tayyor ekanligini aytib, Bo‘lim olimlariga korxona laboratoriyasida ishlashga ruxsat berilishi hamda korxonada olimlar uchun alohida qilib ishlarni olib borishga xona ajratilishi imkoniyati borligini ta'kidlab o‘tdi. A.Mirzayev, o‘z navbatida, korxonadagi mavjud texnik ishlab chiqarish muammolarini yechishda FAning ilmiy-tadqiqot institutlari olimlarini jalb qilgan holda tadqiqotlar olib borishga tayyor ekanligini bildirdi.

Kelgusi haftalarda Navoiy shahrida joylashgan “Gidro Stanko Servis” MChJ bilan shunga o‘xshash memorandum imzolash rejalashtirilgan. Mazkur korxona asosan tog‘-kon, neft va gaz sohalari uchun sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Shuni ta'kidlash joizki, 2021 yil boshidan buyon Navoiy bo‘limi tomonidan “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” AJ va “GIDROINGEO instituti” DM bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!