Davra suhbatida ishtirok etildi
Joriy yil bahorning birinchi kunida Rossiya Federatsiyasi savdo-sanoat palatasi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Lad'ya-2023. Bahor fantaziyasi” nomli Rossiya Xalq hunarmandchiligi ko‘rgazmasi doirasida “Eksposentr” AJda “Rossiya xalq amaliy san'ati va hunarmandchiligi hamda yoshlar. Mamlakat an'analari va ijodiy (kreativ) sanoat. Do‘stlar yoki raqobatchilarmi?” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Uchrashuvda xorijiy ishtirokchilardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limnining yosh olimlari ham onlayn tarzda ma'ruza bilan ishtirok etdilar.
Ushbu tadbir doirasida Rossiya federatsiyasi SSP moliyaviy, sanoat va investisiya jalb qilish siyosati kengashida ijodiy sohalarni rivojlantirish bo‘yicha komissiyaning sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida komissiya a'zolari va taklif etilgan mehmonlar turdosh tarmoqlarning hozirgi holati va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasini amalga oshirishda ijodiy tarmoqlarning ahamiyatini muhokama qildilar.
Navoiylik yoshlar respublikamiz rahbariyati va hukumati tomonidan O‘zbekistonda dekorativ-amaliy san'atni qayta tiklash va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berdilar. Xususan, ma'ruzada O‘zbekiston madaniyati yorqin va o‘ziga xos ekanligi, u ming yillar davomida shakllanib kelganligi va turli davrlarda zamonaviy O‘zbekiston hududida yashagan xalqlarning urf-odatlarini o‘ziga singdirganligi hamda Buyuk Ipak yo‘li O‘zbekiston madaniyatiga alohida ta'sir ko‘rsatganligi qayd etildi.
O‘zbekiston dekorativ-amaliy san'ati avloddan-avlodga o‘tib keladigan xalq ustalari, hunarmandlarining o‘ziga xos va eksklyuziv ijodidir. Ular har bir narsaga o‘z qalbining bir qismini bag‘ishlab, asrlar davomida noyob mahsulot namunalari, jumladan uy anjomlari va bezaklari, bayramona libos uchun noyob mato yoki maxsus idishlar va hokazolarni yaratib kelmoqdalar.
Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa hududlar ustalarning ijodlari azaldan o‘z vatani chegaralaridan tashqarida ham mashhur bo‘lib, butun dunyodagi go‘zallik ixlosmandlarida qiziqish uyg‘otmoqda. So‘zana va kashtachilik, kulolchilikning turli maktablari, har xil turdagi va maqsadli shakldagi do‘ppilar, har qanday vaziyat uchun milliy pichoqlar, ipak va jun gilamlar, ipak va o‘yma naqshdan foydalanib yasalgan metall va yog‘och buyumlari va boshqalar ko‘p asrlar davomida mahalliy hunarmandlar qo‘li bilan yaratilgan ajoyib asarlar O‘zbekistonning o‘ziga xos ekzotikasini tashkil etadi.
O‘zbekiston hududida asrlar davomida o‘ziga xos xalq amaliy san'ati markazlari va maktablari shakllangan. Har bir mintaqaning o‘z yo‘nalishi bor. Misol uchun, Namanganning Chust shahri do‘ppi va pichoqlari, Farg‘onaning Rishtan shahri - ko‘k kulolchilik buyumlari, qadimiy Marg‘ilon - atlasi, ko‘hna Buxoro - oltin kashtalari bilan keng tanilgan.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab respublikada xalq ustalariga katta e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati tomonidan xalq hunarmandchiligini qayta tiklashga qaratilgan qarorlar qabul qilindi. Bir qator xalq ustalari O‘zbekiston Badiiy akademiyasining akademiklari etib saylandilar. “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni joriy etildi. Respublikaning barcha hududlarida samarali faoliyat ko‘rsatadigan “Hunarmand” xalq hunarmandlari uyushmalari tashkil etildi. Ularning asosiy vazifasi unutilgan hunarmandchilik turlarini qayta tiklash, hunarmandlarga mahsulot ishlab chiqarish va sotishda amaliy yordam berishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5242-sonli farmoni bilan respublikamizda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san'atini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Aholini hunarmandchilikning eng ommabop va istiqbolli turlarini egallashga keng jalb etish maqsadida hunarmandchilik faoliyati asosiy yo‘nalishlarining yangilangan ro‘yxati tasdiqlandi, imtiyoz va preferensiyalar kengaytirildi.
Xususan, 2017 yilning 1 dekabridan boshlab hunarmandchilik sub'ektlari — “Hunarmand” uyushmasining a'zolari hunarmandchilik mahsulotlarini (tovarlarini, xizmatlarini) ishlab chiqarish hamda realizasiya qilishni amalga oshirganida qat'iy belgilangan miqdordagi soliqlarni to‘lashdan ozod etildi. Shu bilan birga, hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, shu jumladan, bank hisob raqamidagi chet el valyutasini naqd shaklda olish huquqi berildi. Hunarmandlarni imtiyozli shartlarda ishlash uchun binolar bilan ta'minlash bo‘yicha bir qator muhim chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Bunday qo‘llab-quvvatlash tufayli O‘zbekistonning sayyohlik jozibadorligi yanada oshdi. Bundan tashqari, yuzga yaqin mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin.
FA Navoiy bo‘limi yosh olimlari tomonidan tayyorlangan taqdimot Rossiyalik tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi va ushbu yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya olimlari va tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomonlama halqaro turizmni rivojlantirishida foydali bo‘lishini e'tirof etishdilar.
Fevzi ISTABLAYEV,
FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.