Bolgar hamkasblarining tajribasi o‘rganildi


Bolgariya Respublikasi “Paulownia BG” MChJ bilan tuzilgan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum asosida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi rahbariyati va xodimi sentyabr' oyi oxirida tajriba almashish maqsadida ushbu Yevropa mamlakatining bir qancha korxonalariga taklif bilan tashrif buyurdilar.

Xususan, Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev, xalqaro aloqalar va tijoratlashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev va tarkibiy bo‘lim mudiri O‘ktam Xakimovlar “Paulownia BG” MChJ bosh menedjeri Djan Duralov hamrohligida uni kompaniyasining povlovniya plantasiyalariga tashrif buyurib, ushbu tezo‘sar daraxtlarni yetishtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan texnologiya bilan tanishdilar. Ma'lum bo‘lishicha, pavlovniyaning normal rivojlanishi uchun juda ko‘p miqdorda suv zarur bo‘ladi va Bolgariyaning nam iqlimi va muntazam yomg‘irlar o‘simliklarni suv bilan qo‘shimcha sug‘orishsiz ta'minlashi mumkin. Muhokama davomida tomonlar pavlovniyaning aynan ushbu jihati uni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirishda mavjud texnologiyaga o‘zgartirish kiritishni talab qiladigan asosiy masala degan xulosaga kelishdilar.

Ta'kidlash joizki, “Paulownia BG” MChJ ko‘magida Nurota tumanining “Umrbek” fermer xo‘jaligiga qarashli 1 gektar lalmi yerida Navoiy bo‘limining povlovniya plantasiyasi tashkil etildi. Kelgusida plantasiyani 50 gektargacha kengaytirish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadga erishish uchun 2022 yilda Navoiy bo‘limi sa'y-harakatlari va “Paulownia BG” MChJning moliyaviy ko‘magi bilan Nurotalik 7 nafar yoshlar Bolgariyadagi pavlovniya plantasiyalarida amaliyot o‘tashdi. Bundan tashqari, yana 10 kishi ushbu mamlakatga 2023 yilda amaliyot o‘tash uchun yuborildi.

Ulardan sakkiz nafari Veliko Tirnovo Plakovo qishlog‘idagi “Agro Solei YeOOD” fermer xo‘jaligida ishlash uchun qolishdi. Navoiy bo‘limi delegasiyasi joyiga borib, FX rahbari Georgi Tonchev bilan uchrashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fermada 950 bosh qoramol mavjud, ulardan 450 tasi sigir va ularning har biri kuniga 40 litrgacha sut beradi. Ishning asosiy qismi mexanizasiyalashgan, ammo mehnat resurslari yetishmaydi, shuning uchun u mamnuniyat bilan chorvachilik bo‘yicha katta tajribaga ega O‘zbekiston fuqarolarini ishga olishdi.

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik memorandumini imzoladilar. Hujjatda memorandumning umumiy maqsadiga erishish uchun vakolatlaridan kelib chiqqan holda Navoiy bo‘limi “Agro Solei YeOOD” FXga Bo‘lim olimlari tomonidan ishlab chiqilgan yovvoyi ozuqabop va qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish hamda Bolgariya Respublikasini qiziqtirishi mumkin bo‘lgan boshqa innovasion texnologiyalar to‘g‘risida ma'lumot beradi, fermer xo‘jaligi esa Bolgariyada qoramollarni ko‘paytirish, sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish tajribasi hamda O‘zbekiston Respublikasini qiziqtirishi mumkin bo‘lgan boshqa tadqiqotlar natijalarini Navoiy bo‘limi bilan o‘rtoqlashadi.

Ushbu vazifalarni amaliyotga joriy etish uchun tomonlar O‘zbekiston-Bolgariya qo‘shma korxonasini tashkil etish niyatida. Bundan tashqari, tomonlar tadqiqotchilarning o‘zaro amaliyotlari va xizmat safarlarini tashkil qilishlari, shuningdek, sayyor master-klasslar o‘tkazishlari mumkin.

2023 yil oxirigacha Georgi Tonchev O‘zbekistonda tadbirkorlik uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish va qo‘shma korxona tashkil etish uchun joy tanlash, shuningdek, QKni tashkil etish shartlari va tashkiliy masalalarni joyida muhokama qilish uchun Navoiyga kelishiga kelishib olindi.

Bundan tashqari, sentyabr oyi o‘rtalarida Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev O‘zbekiston delegasiyasi tarkibida Tojikiston Milliy fanlar akademiyasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari olimlarining birinchi forumida qatnashdi. Xalqaro tadbirning ochilishida Markaziy Osiyo davlatlari olimlari o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaning barcha mamlakatlariga xos bo‘lgan turli muammolarning aksariyatini to‘liq hamkorlik va muvofiqlashtirishda ko‘rib chiqish zarurligi ta'kidlandi.

A.Mirzayev “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi misolida Yangi O‘zbekistonda fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusida ma'ruzasini o‘qib, ishtirokchilarni Bo‘lim faoliyati bilan tanishtirdi hamda ularga samarali, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni taklif etdi. Ushbu masalaga Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘istonning o‘nga yaqin ilmiy-tadqiqot muassasalari ijobiy javob berishdi. Ushbu bosqichda ularning yarmidan ko‘pi bilan hamkorlik kelishuvlari imzolandi, qolgan qismi tasdiqlash jarayonida.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!