Zamonaviy taraqqiyot bilan hamqadam


2024 yilning 24-25 sentyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Chansha shahrida an'anaviy Butunjahon komp'yuter anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondan taklif asosida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev faol ishtirok etdi.

O‘z nutqida u, hozirgi zamonda har qanday sohani samarali rivojlantirish axborot texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirishsiz tasavvur qilish mumkin emasligini ta'kidladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda barcha xalq xo‘jaligi sohalarida raqamlashtirish tizimini joriy qilish keng rivojlanmoqda va “Bir million dasturchi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni ushbu yo‘nalishlarda kengaytirish zarurligiga urg‘u berdi, chunki ilm-fan chegara bilmaydi va uning rivojlanishi texnologiyalar hamda inson taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim.

A.Mirzaev anjuman ishtirokchilarini zamonaviy axborot texnologiyalarini kon-metallurgiya sohasiga joriy qilish maqsadida hamkorlikka chaqirdi. U Xitoyning ilmiy muassasalari, korxonalari va xususiy kompaniyalariga Mobil ilmiy-ishlab chiqarish geologiya qidiruv otryadini tuzish bo‘yicha hamkorlik taklifini bildirdi. Rejaga ko‘ra, mobil otryad istiqbolli maydonlarda geologiya qidiruv ishlarini amalga oshiradi, foydali qazilmalarning aniq zahiralarini hisobga oladi, shuningdek, barcha foydali komponentlarning tarkibi va texnologik xususiyatlarini har tomonlama o‘rganadi. Istiqbolli maydonlardagi ilmiy asoslangan zahiralarni qazib olish va qayta ishlash investorlar tomonidan markazlashgan klaster usulida tashkil etiladi. Shuningdek, otryad texnogen chiqindilardagi foydali komponentlarni ajratish va boyitishga qaratilgan texnologik tadqiqotlarni ham olib boradi. Mobil otryad kelgusida O‘zbekiston-Xitoy axborot-tahliliy markazini tashkil qilishga asos bo‘lishi mumkin. Bu markaz ilmiy va ishbilarmonlik sohalari o‘rtasida samarali integratsiya mexanizmlarini joriy qilish maqsadida Xitoydan investisiya oqimlarini muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Bu masalada Xitoy Geologiya akademiyasining Mineral resurslar instituti bilan hamkorlik istiqbolli bo‘lib, uning ilmiy xodimlari dronlardan foydalangan holda yer yuzasi geofizik skanerlash usulini ishlab chiqqan. Bu usul 2 ming metr chuqurlikdagi yerning geofizik tuzilishini o‘rganish imkonini beradi. Ma'lumotlarni qayta ishlash uchun maxsus dasturiy ta'minot ishlatiladi.

Anjumanning kuluarlarida turli kompaniyalar bilan ikki tomonlama muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan, "CiDi Intelligent Driving Co.Ltd" kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur Xitoy kompaniyasi 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lib, transport vositalarini intellektual boshqarish uchun amaliy mahsulotlar yaratishga qaratilgan texnologik innovasiyalar va loyihalarga ixtisoslashgan. Xususan, Xitoy va boshqa davlatlarning ayrim konlarida kompaniyaning dasturiy ta'minoti asosida boshqaruvchisiz avtosamosvallar va ekskavatorlar muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda.

Tomonlar kompaniya texnologiyalarini O‘zbekistonda joriy qilish variantlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limining matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!