Yuqori texnologiyalar: tibbiyotdan qishloq xoʻjaligigacha


     Avval xabar berganimizdek, Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi raisi Abdurazak Mirzayev boshchiligidagi bir guruh olimlar 2026 yilning 3-iyulidan 10-iyuligacha amaliy tashrif bilan Xitoyda boʻldi. 7-iyul kuni delegatsiya tibbiyot va qishloq xoʻjaligi sohasida ishlanmalar olib boruvchi bir qator texnologik kompaniyalarga tashrif buyurdi.

     Dasturning birinchi bandi «Farsoon Technologies» kompaniyasi boʻldi. 2009-yilda doktor Szyuy Syaoshu tomonidan asos solingan ushbu korxona sanoat adiditiv ishlab chiqarish yechimlari boʻyicha jahonning yetakchi yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya metall va polimer kukunlarini lazer yordamida eritish texnologiyalariga (LPBF) ixtisoslashgan. Farsoon Technologies tibbiyot, robototexnika va boshqa sohalarda talab yuqori boʻlgan har qanday murakkablikdagi detallarni chop etish uchun yuqori texnologiyali 3D-printerlar ishlab chiqaradi. Tomonlar ushbu texnologiyalarni Oʻzbekistonda joriy etish istiqbollarini muhokama qildilar.

    Shuningdek, tashrif davomida olimlar «Hunan Huarui Technology Group Co., Ltd» va «Hunan Farshine Medical Technology Co., Ltd» kompaniyalarida boʻldilar. Navoiy delegatsiyasi biomateriallar, tibbiyotda 3D-chop etish texnologiyalari sohasidagi tadqiqotlar hamda ularni amaliyotda qoʻllash natijalari bilan tanishdi. Kompaniyalarning ishlanmalari umurtqa pogʻonasi va boʻgʻimlar jarrohligi, travmatologiya, sport tibbiyoti, kardiologiya, qon tomir jarrohligi, stomatologiya hamda yuz-jagʻ jarrohligi kabi muhim yoʻnalishlarni qamrab oladi.

    Xitoylik mutaxassislar Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi koʻmagida Oʻzbekistondagi tegishli soha hamkasblari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

      Bundan tashqari, xuddi shu kuni ilmiy xodimlar Yueyan shahri atrofidagi fermer xoʻjaliklarida boʻlib, u yerda turli sabzavotlar, qoʻziqorinlar va dorivor oʻsimliklarni yetishtirishning ilgʻor usullarini oʻrgandilar.

    Mahalliy avtomatlashtirilgan issiqxonalarda sunʼiy intellekt faol qoʻllanilmoqda. Tizim mustaqil ravishda optimal mikroiqlimni saqlaydi, suv yetkazib berishni nazorat qiladi, yorugʻlik va ozuqa moddalari darajasini tartibga soladi. Bunda energiya va resurslarni tejashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Uchrashuv yakunida navoiylik olimlar Navoiy boʻlimining Nurota tumanidagi tajriba yer maydonlarida anʼanaviy Xitoy qishloq xoʻjaligi ekinlarini Oʻzbekiston iqlim sharoitiga moslashtirish boʻyicha hamkorlikda tadqiqotlar oʻtkazishni taklif qildilar.

FA Navoiy boʻlimi matbuot xizmati.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!