Yosh olimlar kelajagimiz poydevori
2018-yilning 19-oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonda birinchi atom elektrostansiyasini barpo etish loyihasini amalga oshirish uchun ramziy tugmani bosib, start berishdi. Bu nafaqat bizning mamlakatimizda, balki butun Markaziy Osiyoda yangi yo‘nalishning rivojlanishiga poydevordir.
Xozirda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Qurilish ishlarini olib borish 2022 yilning boshida rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi energiya bloki, taxminan 2028 yilda ishga tushadi. Bu vaqt oralig‘ida mahalliy aholidan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash O‘zbekiston uchun juda ham dolzarbdir.
Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili 25 sentyabrdagi farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi tasarrufidagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etildi. Mazkur fondning asosiy vazifalaridan biri O‘zbekiston Respublikasini har tomonlama rivojlantiradigan, jahon mehnat bozorining talablariga javob beradigan yuqori malakali, raqobatbardosh mutaxassislarni qisqa muddatda chet-elning eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishdan iborat.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ushbu jamg‘arma tomonidan idoralararo tashkilotlarda 2019 yilning mart oyidan ikkinchi stipendiat tanlovi e’lon qilingani juda muhimdir. Hujjat topshirganlar ichida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi kichik ilmiy xodimi Axmad Burxanov to‘rtta bosqichda faol ishtirok etib, mamlaktimizda Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlari ishtirokchilari orasida u “Doktorantura” yo‘nalishida g‘olib deb topilgan yagona nomzoddir. Yaqinda u chet-elda ta’lim olishi uchun barcha xarajatlarni to‘lab beradigan sertifikat bilan taqdirlandi.
Joriy yilning sentyabr oyida A.Burxanov aspiranturaning “Yadro energiyasini qurilmalari va ularni loyihalash, ekspluatatsiya qilish va ekspluatatsiyadan chiqarish” yo‘nalishida taxsil olish maqsadida Rossiyaning poytaxtida joylashgan Milliy yadro tadqiqot universiteti “MIFI”ga tashrif buyuradi. Mazkur universitet atom energetikasi bo‘yicha oliy malakali mutaxassislarni tayyorlashda eng ilg’or oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
To‘rt yil o‘tib Axmad Burxanov o‘qishini muvaffaqiyatli yakunlab, doktor PhD ilmiy darajasidagi malakali xodim bo‘lib qaytib, kelajakda “atomchilar”ni tayyorlash maqsadida, u o‘zining ortirgan bilim-ko‘nikmalari, tajribasi bilan ushbu sohadagi mutaxassislar bilan bo‘lishadi.
Fevzi ISTABLAYEV,
Fanlar akademiyasi
Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.
.
.