Yosh olimlar bog‘iga asos yaratildi


 

Joriy yilning 2 noyabr kuni O‘zbeksiton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish topshirig‘i tegishli vazirlik va qo‘mitalarga berildi. Davlatimiz rahbari ushbu savobli ishda har bir tashkilot, har bir fuqaro o‘z o‘rnini topishi kerakligini ta'kidladi.

Ushbu vazifani bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va Bo‘lim kasaba uyushmasi qo‘mitasi qo‘shma qarori qabul qilindi. “Dolzarb 40 kunligi” doirasida reja bo‘yicha 148 tup mevali daraxt ekish ko‘zda tutilgan edi, ammo Bo‘limning doktorantlari va yosh olimlari tomonidan jami 220ta olcha, o‘rik va olxo‘ri ko‘chatlarini ekib “Yosh olimlar bog‘i”ni yaratish taklif qilindi va rahbariyat tomonidan ma'qullandi.

Mazkur bog‘ni yaratish uchun ochiq maydon kerakligini inobatga olib, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Navoiy ilmiy-tajriba stansiyasi yerlarida hamkorlikda amalga oshirishga kelishildi.

Shundan so‘ng Bo‘lim va stansiya xodimlari birgalikda yer tayyorlab, ko‘chatlarni ekdilar. Kelajakda bu yerga tomchilatib so‘g‘orish texnoloiyasini qo‘llash rejalashtirildi.

Shuni ta'kidlash joiz-ki, Bo‘lim olimlari stansiya xodimlari bilan bir necha yillar davomida hamkorlikda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdalar. Misol uchun, joriy yilda kuzgi bug‘doyning o‘sib rivojlanishi va hosildorligiga bentonit gillari kukunining ta'sirini o‘rganish maqsadida tadqiqot ishlari olib borildi. Ushbu tadqiqot ishlari bug‘doyning “Durdona” navi urug‘larini bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekish va bargidan bentonit va mineral o‘g‘itli suspenziya bilan oziqlantirish buyicha ilmiy izlanishlar olib borilganida, 31,6 foizgacha qo‘shimcha hosil olishga erishildi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!