“Yashil makon” loyihasi: kelajak avlod uchun
2023 yilning 11 oktyabrida O‘zbeksiton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda Yurtboshimiz har bir oila yiliga kamida 2tadan, tashkilotlar esa 10tadan daraxt ekish zarurligini ta'kidladi.
Ushbu topshiriq asosida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentining tegishli buyrug‘i qabul qilindi va 2023 yilning 9 noyabrida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ilmiy xodimlari va doktorantlari Bo‘limning rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev boshchiligida Navoiy bo‘limining Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi hududida hamda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Navoiy ilmiy tajriba stansiyasi dalasida ushbu Stansiya xodimlari bilan birgalikda mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlarini ekishdilar. Ta'kidlash joizki, Bo‘lim olimlari Stansiya xodimlari bilan bir necha yillar davomida hamkorlikda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdalar. Va aynan shu dalada “Yosh olimlar bog‘i”ga 2021 yilda asos solingan edi.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan 200 million daraxt ekish loyihasi mamlakatimizda 2021 yildan buyon amalga oshirilmoqda. 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha davom etadigan joriy kuz mavsumida mamlakat bo‘ylab 85 million ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
9 noyabrda Navoiy bo‘limi tomonidan 120 ga yaqin olcha, olxo‘ri va o‘rik ko‘chatlari ekildi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.