Yashil makon – kelajak avlod uchun


        O‘zbekistonda ekologik barqarorlik va aholining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi farmoni va 2024 yil 21 oktyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar asosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi yuzasidan muhim qadamlar tashlanmoqda.

         Mazkur loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi bosh binosi joylashgan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining dala maydonida “Olimlar yashil bog‘i” tashkil etildi. Ushbu bog‘ nafaqat ekologik muhitni yaxshilash, balki hududda ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan ekologik tadqiqotlar uchun ham zamin yaratadi.

           

Navoiy bo‘limi olimlari, ma'muriyat xodimlari va doktorantlari ishtirokida Bo’lim raisi Abdurazak Mirzayev boshchiligida hashar o‘tkazilib, bog‘ning 15 sotix yer maydoniga 60dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Bu nafaqat yangi ekologik maydon yaratish, balki yosh avlodga “yashil kelajak” konsepsiyasini shakllantirish uchun amaliy namuna bo‘lib xizmat qiladi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.
 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!