Yarmarka muvaffaqiyatli o‘tdi
7-8 sentyabr kunlari “Navoiyazot” AJga tegishli “Kimyogar” sport kompleksida Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda Navoiy viloyati, shuningdek Respublikamizning boshqa viloyatlaridan tashrif buyurgan 200dan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘zlarining 3500ga yaqin mahsulotlari namunalari, o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan import o‘rnini bosuvchi tovarlar, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan mahsulot turlari hamda loyihalari bilan qatnashdilar.
Jumladan, Navoiy bo‘limi tomonidan Vaush konining noma'dan foydali qazilmalari namunalari namoyish etildi. Bular qurilish ehtiyojlarini qondirish va shisha ishlab chiqarish uchun boyitilgan kvars qumi, dala sharoiti sinovlarida qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘larini qobiqlab ekishda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan bentonit gillari hamda Bo‘lim olimlari tomonidan yaratilgan innovasion usul bilan magnezit olinadigan dolomit, shuningdek, asosiy komponenti magnezit bo‘lgan magnezial o‘tga chidamli g‘isht namunalaridir.
Bundan tashqari Toshqozg’on koni grafitidan tayyorlangan mahsulotlar, ya'ani periklazuglerodlik o‘tga chidamli g‘ishtlar hamda laboratoriya sharoitida tayyorlangan qalam va payvandlash uchun elektrodlar namunalari va boshqa yo‘nalishdagi ishlanmalar namoyish etildi.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruv raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov ham ishtirok etdilar. Viloyat xokimi ushbu yarmarka tog‘-kon metallurgiyasi, kimyo sanoati, elektrotexnika, energetika va qurilish materiallari, shu bilan birga zargarlik buyumlari va hunarmandchilik sohalarida tarmoq-hududiy korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarni yanada mustahkamlash bilan birga kichik biznes sub'ektlari uchun ham katta imkoniyatlar yaratib berishini ta'kidladi.
Yarmarka yakunda Bo‘lim olimlari eng faol ishtiroki uchun Navoiy viloyati hokimi nomidan tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.