Xodimlar koronavirusga qarshi emlandi


Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Navoiy bo‘limi xodimlari Covid-2019 ga qarshi emlandilar. Eng muhimi, Bo‘lim xodimlarining o‘zlari Navoiy shahridagi poliklinikalardan birida emlashni tashkil etish bo‘yicha rahbariyatga murojaat qilganligidir. Bugungi kunda dunyoda va mamlakatda yuz berayotgan pandemiya bilan bog‘liq mavjud vaziyatni tahlil qilgan holda har bir xodim o‘z ixtiyori bilan vaksina olishga qaror qildi.

Ta'kidlash joizki, xodimlarimizning bunday qarorga kelishlariga albatta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uchinchi avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘zlagan nutqlari katta turtki bo‘ldi, - desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda yurtboshimiz fuqarolarni yana bir bor koronavirusga qarshi emlanishga chaqirgan edi.

Prezident O‘zbekistonda pandemiyaning keyingi to‘lqinlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun uchta muhim shartni aytdi.

“Pandemiyadan imkon qadar yo‘qotishlarsiz o‘tishimiz va keyingi to‘lqinlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, xalqimizdan uchta muhim shartga qat'iy amal qilish talab etiladi.

Birinchidan, virusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti – bu albatta vaksinasiya. Qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, ushbu maqsadlar uchun bugungi kunga qadar 4 turdagi 13 million doza vaksina olib keldik. Birorta hudud vaksina yo‘q, deb ayta olmaydi, hammasini bepul yetkazib beryapmiz. Qaysi turdagi vaksina bilan emlanish bo‘yicha aholida tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. To‘rtta vaksina ishlayapti hozir.

Shu bois, emlash tadbirlarini keng joriy etish maqsadida kuni kecha maxsus qonunni imzoladim. Ushbu qonun orqali ish beruvchilarga sog‘lig‘iga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan, lekin profilaktik emlashni rad etgan xodimlarini ish joyiga kiritmaslik huquqi berildi.

Ikkinchidan, shaxsiy gigiena va ijtimoiy masofani saqlash talablariga rioya qilish, jamoat joylarida tibbiy niqobda yurish – kasallikdan eng samarali himoya ekanini unutmaslik lozim.

Uchinchidan, kasallik yengil kechayotgan va uy sharoitida davolanayotgan bemorlarni o‘zboshimchalik bilan, pala-partish dori vositalari iste'mol qilishining oldini olish zarur”, - dedi Prezident.

Vaksiona olgandan so‘ng bir necha kun o‘tdi. Ba'zi xodimlarda biroz harorati ko‘tarildi, in'yeksiya bo‘lgan joyi og‘ridi va umumiy kuchsizlik kuzatildi. Tabiiyki, bu holat inson organizmida virus bilan jang qilish uchun immun tizimini faollashish bilan bog‘liq normal vaziyat. Umuman olganda, har bir kishi o‘zini qoniqarli his qilayapti va ishlay oladi, shu jumladan yoshi katta olimlar ham.

Davlat rahbarining murojaatiga qo‘shilgan holda Navoiy bo‘limi rahbariyati ham barcha fuqarolarni koronavirusga qarshi emlanishga chaqiradi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!