Xitoyga yanada yaqinroq


Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanining Urumchi shahrida an'anaviy “Ipak yo‘li” tog‘-kon sanoati hamkorlik forumi, shuningdek, Shinjon xalqaro tog‘-kon sanoati va uskunalari ko‘rgazmasi va Xitoy Shinjon xalqaro ko‘mir sanoati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu keng ko‘lamli tadbirda O‘zbekistondan tashkilotchilar taklifiga binoan Fanlar akademiyasi vise-prezidenti – Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev va tarkibiy bo‘lim mudiri Sherzod Sharipovlar ham qatnashdilar.

Forumda sohaning yetakchi mutaxassislari, shuningdek, tadbirkorlar tog‘-kon sanoatidagi yutuqlar haqida ma'lumot almashdilar va yangi zamonaviy uskunalar bilan ishtirokchilarni tanishdilar.

So‘nggi yillarda xitoylik tadbirkorlar O‘zbekiston bilan hamkorlikka tobora qiziqish bildirmoqda, shuning uchun forum ishtirokchilari A.Mirzayevning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining Xitoy Xalq Respublikasi ilmiy muassasalari, korxonalari va xususiy kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan ma'ruzasini diqqat bilan tingladilar. Xususan, u Navoiy bo‘limi faoliyati, mamlakatimizning investision salohiyati, xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar va preferensiyalar bilan tanishtirdi.

Ma'ruzadan so‘ng manfaatdor xitoylik kompaniyalar bilan ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi va hujjatlar paketi imzolandi. Jumladan, “Xinjiang Tiandi Yuan Mining Group Co., Ltd” kompaniyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi hududida ma'dan va noma'dan foydali qazilmalar hamda texnogen hosilalarni qidirish jarayoniga fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashning samarali mexanizmni joriy etish, shuningdek, ilmiy-ishlab chiqarish, tadqiqot va ta'lim-uslubiy faoliyat, geologik-qidiruv, geologik-texnologik, tog‘-texnologik, gidrogeologik, muhandislik-geologik va ekologik tadqiqotlar o‘tkazish sohasida samarali hamkorlik qilish maqsadida O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi maqomida Mobil ilmiy-ishlab chiqarish geologik-qidiruv otryadni yaratishni nazarda tutuvchi kelishuv tuzildi. Shuningdek, “Henan Wanshihengtong Intelligent Equipment Co., Ltd” kompaniyasi bilan O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi maqomida Birgalikda istiqbolli loyihalarni tayyorlash bo‘yicha konsalting markazini tashkil etish niyati to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Agar birinchi holatda tomonlarning hamkorligi asosan geologiya va tog‘-kon ishlari sohasida, ya'ni mavjud ma'lumotlarni tahlil qilish va yangi geologik-qidiruv ishlarini o‘tkazish, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha tog‘-kon ishlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, istiqbolli konlarni o‘zlashtirish uchun potensial investorlarga izlanish olib borishdan iborat bo‘lsa, ikkinchi holatda hamkorlik bir qator sohalarni, jumladan, O‘zbekiston va Xitoyning xomashyo va resurs salohiyati, zavod va fabrikalar qurilishiga ehtiyojlar haqida ma'lumot to‘plash va ma'lumotlar bazasini yaratish, ma'lum mahsulotlarga mahalliy bozorlarda iste'mol talabini o‘rganish, ya'ni Xitoydan O‘zbekistonga va O‘zbekistondan Xitoyga muayyan mahsulotlarni olib kirish imkoniyatlarini aniqlash uchun marketing faoliyatini tashkil etish, ilmiy ishlanmalar natijalarini tijoratlashtirishga ko‘maklashuvchi biznes loyihalarni tayyorlash, O‘zbekiston va Xitoyning turistik jozibadorligini oshirish uchun ikki davlat o‘rtasida turistlar oqimini ko‘paytirishga ko‘maklashish va boshqa yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Har ikkala holatda ham imzolangan hujjatlarda Xitoy tomoni texnik uskunalar, ofis texnikasi va zarurat tug‘ilganda boshqa moliyaviy mablag‘lar ko‘rinishida investisiyalar kiritishini, ular mobil otryad va konsalting markazi xodimlariga ish haqi to‘lash, bino ijarasi va boshqa xarajatlar uchun sarflanishini, shuningdek, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar uchun potensial investorlarni qidirishga ko‘maklashishini belgilab oldilar. Navoiy bo‘limi esa istiqbolli loyihalarni tayyorlash, ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish, mobil otryad va konsalting markazini zarur ish hajmi bilan ta'minlash, analitik ishlarni tezkor o‘tkazish, ilmiy hisobotlar tayyorlash, Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va hamkorlik to‘g‘risidagi amaldagi bitimlar mavjud boshqa korxonalar va kompaniyalar ilmiy-texnik salohiyatini jalb qilgan holda ish bilan yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash, loyihalarni ishlab chiqishga mablag‘ kiritishga tayyor potensial investorlarga izlanish olib borish ishlarini amalga oshiradi.

Kelgusi oylarda xitoylik hamkorlarning javob tashrifi davomida mobil otryad va konsalting markazining moliyalashtirish aniq summalari va faoliyat mexanizmlari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ko‘rgazmalar doirasida Navoiy bo‘limi tomonidan Chuntsin asr guruch ilmiy-tadqiqot instituti, “Chuntsin Min Sensing kompaniyalar guruhi” MChJ, “Luoyang Tengwei Mining Equipment Co., Ltd” va “Sinochem” kompaniyalari bilan ham hamkorlik memorandumi imzolandi.

Forum yakunida A.Mirzayev va Sh.Sharipovlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Tadbir ishtirokchilari bir ovozdan bunday uchrashuvlar ishtirokchi mamlakatlar ravnaqi yo‘lida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun zamin yaratishini ta'kidladilar.

Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!