VOQEALAR MARKAZIDA


2021 yil dekab oyining ikkinchi o‘n kunligi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari, shu jumladan, uning yosh xodimlari va doktorantlari uchun, tadbirlarga juda boy bo‘ldi.

Bo‘lim o‘z ishlanmalarini Toshkentda namoyish etdi

14-18 dekabr kunlari Toshkentning «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazma majmuasida Respublika tarmoqlararo sanoat yarmakasi bo‘lib o‘tdi. Unda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ham o‘z ishlanmalari bilan ishtirok etdi.

Jumladan, Vaush konining noma'dan foydali qazilmalari namunalari namoyish etildi. Bular qurilish ehtiyojlarini qondirish va shisha ishlab chiqarish uchun boyitilgan kvars qumi, dala sharoiti sinovlarida qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘larini qobiqlab ekishda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan bentonit gillari hamda Bo‘lim tomonidan yaratilgan innovatsion usul bilan magnezit olinadigan dolomit, shuningdek, asosiy komponenti magnezit bo‘lgan magnezial o‘tga chidamli g‘isht namunalaridir.

Bundan tashqari Toshqazgan koni grafitidan tayyorlangan mahsulotlar, ya'ni periklazuglerodlik o‘tga chidamli g‘ishtlar hamda qo‘lbola usulda tayyorlangan qalam va payvandlash uchun elektrodlar namunalari namoyish etildi.

Shu bilan birga, Bo‘lim olimlari tomonidan ishlab chiqilgan va qishloq xo‘jalik ekinlarini bargidan oziqlantirishda dala sinovlarida o‘z samarasini ko‘rsatdi yangi “Bento-karbamid” mineral o‘g‘iti ko‘rgazma ishtiokchilari orasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazma davomida respublikaning bir qancha ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan aloqalar o‘rnatilib, turli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

 

Xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda

16 dekabr kuni Navoiy bo‘limiga Rossiyaning birinchi Prezidenti B.N.El'sin nomidagi Ural federal universiteti vakillari rektor Viktor Koksharov boshchiligida tashrif buyurdilar.

Besh nafar rossiyalik olim va o‘qituvchilar Navoiy davlat konchilik instituti talabalariga darslar o‘tkazish uchun Navoiyga kelishgan. Ular Fanlar Akademiyasining bo‘limi institut binosida joylashganini xush ko‘rishdi. Talabalar ta'lim muassasasidan chiqmasdan olimlar, shu jumladan, taklif qilingan imliy xodimlar bilan muloqot qilishlari va kelajakda o‘z hayotlarini ilm-fan bilan bog‘lashlari mumkin bo‘lgan bunday mexanizmning samaradorligini ta'kidladilar.

Rossiyalik mehmonlar bilan muzokaralarni Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev olib bordi. Uchrashuv davomida tomonlar o‘z ishlanmalarini bir-birlariga taqdim etib, yanada yaqinroq hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi to‘g‘risida bir qarorga kelishdi. Birinchi qadam esa bugungi kunda tomonlar tomonidan imzolash arafasida bo‘lgan Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasi bo‘ldi.

Bundan tashqari, 17 dekabr kuni Navoiy viloyatining Nuroto tumani lalmi yerlarida pavlovniya plantasiyasini yaratish istiqbollarini muhokamasiga bag‘ishlangan videoyig‘ilish o‘tkazildi. U Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasining ikkinchi kotibi janob Lyu tashabbusi bilan tashkil etildi.

Unda Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi va Xitoy Xalq Respublikasining “Donghua Tianze Ecological Technology Co” kompaniyasi ilmiy xodimlari hamda Bolgariya Respublikasining “Paulownia BG” MChJ, Qirg‘iziston Respublikasining “Kut Darak” MChJ va Rossiya Federatsiyasining “Salus” AJ, shuningdek, O‘zbekistonning boshqa ilmiy-tadqiqot institutlari va kompaniyalarining vakillari ishtirok etdi.

Muhokama davomida tomonlar ikkita teng qismga bo‘lingan pavlovniya plantasiyasini yaratish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Birida Bolgariya, ikkinchisida esa – Xitoy texnllogiyasi bo‘yicha tez o‘sar daraxtlarni yetishtirish rejalashtirildi. Bundan tashqari ushbu maydonda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish va o‘zbek yoshlarini “Paulownia BG” MChJ plantasiyalarida stajirovka o‘tash uchun yuborish masalalari ham muhokama qilindi.

Ushbu bosqichda videoyig‘ilish barcha ishtirokchilari tomonidan o‘zaro hamkorlik mexanizmini yaratish va kelishish ishlari olib borilmoqda.

Muddatdan oldin yana bir dissertasiya himoyasi bo‘lib o‘tdi

19 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tayanch doktoranti Akbarjon Jumayev 05.02.02 – “Mexanizmlar va mashinalar nazariyasi. Mashinashunoslik va mashina detallari” ixtisosligi bo‘yicha “Tasmali konveyer tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmlari konstruksiyasini takomillashtirish va parametrlarini asoslash” mavzusida texnika fanlari falsafa doktori (PhD) dissertasiyasini muddatdan oldin himoya qildi.

Dissertasiya himoyasi Namangan muhandislik-qurilish instituti huzuridagi ilmiy kengashning majlisida bo‘lib o‘tdi. Shu bilan, Akbarjon muddatidan oldin dissertasiyasini himoya qilgan Bo‘limning ikkinchi, jami hisobida esa beshinchi doktoranti bo‘ldi.

A.Jumayevning ishi tasmali konveyer tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmlari konstruksiyasini takomillashtirish va parametrlarini asoslashga bag‘ishlangan bo‘lib, olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmda dumalash podshipnigi o‘rniga sirpanuvchi tayanch vazifasini bajaruvchi detal qo‘llanilganda mexanizm mexanik shkastlanishi 5,6 foizgacha va tashqi ta'sir natijasida shkastlanish 4,99 foizgacha kamayadi.

Ilmiy kengashning barcha a'zolari A.Jumayevga texnika fanlari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi berilishini bir ovozdan ma'qulladilar.

 

Fidoiy yoshlar va Uchinchi Renessans

Shu kuni, ya'ni 18 dekabrda Navoiy bo‘limida “Ustoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi” va Yosh olimlar Kengashi tomonidan “Fidoiy yoshlar va Uchinchi Renessans” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu seminar Navoiy viloyat “Fidoiy yoshlar teleklubi” NNT bilan hamkorlikdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining “Fidoiy yoshlar va ustoz olimlar Uchinchi Renessans sari” nomli Davlat granti doirasida tashkil etilib, unda Navoiy bo‘limi yosh olimlari, teleklub va maslahatxonaning faol a'zolari ishtirok etishdi.

Tadbirni Navoiy bo‘limi raisi, Abdurazak Mirzayev kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining tashkil etilishi, ilmiy-tadqiqot sohasidagi yutuqlari va bugungi kunda davlatimiz tomonida yoshlarga va olimlarga berilayotgan e'tibor haqida to‘xtaldi.

Navoiy viloyat teleradio kompaniyasi va “Fidoiy yoshlar teleklubi” NNT direktori G‘o‘lom Sultonov viloyatda yashayotgan, ijod qilayotgan serg‘ayrat, erkin fikrli yoshlarni birlashtirish, ularning siyosiy ongini, yanada o‘stirish, fikrlash doirasini kengaytirish, tashkilotchilik mahoratini oshirish, qobilyatlarini ro‘yobga chiqarishda yoshlarga ko‘mak berish, yoshlar ishtirokida jahon telesoha talablariga javob beruvchi ilg‘or, progressiv va demokratik teleko‘rsatuvlar yaratish Teleklubning asosiy maqsadi ekanligini va bu sohada olimlar bilan hamkorlik Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda munosib hissa qo‘shishdagi samarali tandem bo‘lishini aytdi.

Seminar so‘ngida Navoiy bo‘limi “Ustoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi” faoli, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining mehnat faxriysi va kombinat tizimida birinchi mahalliy geologlaridan biri bo‘lgan Hamid Sharipov 75-yillik yubileyi bilan qizg‘in muborak etildi. Hamda ustoz olimlar va fidoiy yoshlar Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansga zamin yaratish borasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida ustozlarning boy hayotiy tajribasi, foydali maslahatlari, o‘gitlaridan foydalanish yoshlarning ma'naviyatini yanada oshirishga qaratilgan ishlarning natijadorligini oshirish bo‘yicha rejalar belgilab oldi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.

 

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!