Viloyat hokimi olimlar bilan uchrashdi


Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov o‘z jamoasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga tashrif buyurdi. Viloyat rahbari Bo‘lim olimlari va doktorantlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlar va ishlanmalari bilan tanishdi, o‘z tavsiyalarini berib, ayrim loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashishini aytib o‘tdi.

Jumladan, davra suhbatida Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev Fanlar akademiyasining hududiy bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilganini ta'kidladi. Beshta tarkibiy bo‘limda 15 ilmiy xodim 17 yo‘nalishda faoliyat olib bormoqdalar. Bundan tashqari, Bo‘limda doktorantura va stajyor-tadqiqotchilar instituti mavjud bo‘lib, ularda 13 yosh olim dissertasiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan bo‘lsa, bugungi kunda yana 31 kishi o‘z tadqiqotlarini olib borib, tahsil olmoqdalar. Va bu kichik jamoa 2017 yil 15 iyundagi Prezident Qarori bilan Navoiy bo‘limiga yuklatilgan vazifalarni bajarish ustida ishlamoqda. Asosiy vazifalaridan esa - Navoiy viloyatining sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari holatining tizimli tahlilini olib borish, muammoli masalalarni aniqlash va ularning samarali yechimini izlash uchun ustuvor ilmiy yo‘nalishlarni belgilash, hududning iqtisodiyot tarmoqlarini texnik va texnologik rivojlanishi, energo va resurstejamkor texnologiyalarni joriy etishni ta'minlash, ishlab chiqilayotgan mahsulotlarning tannarxini pasaytirishga yordam beruvchi ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish, fan-ta'lim va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvi jarayonini jadallashtirishga ko‘maklashuvchi sharoitlar yaratish va hokazo.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan tanlovlarda ishtirok etish maqsadida 2018-2023 yillarda Navoiy bo‘limi tomonidan 80ga yaqin loyiha yuborilgan. Ulardan ikkita amaliy va uchta tijoratlashtirish loyihasi moliyalashtirildi, natijada uchta ishlab chiqarish ob'yekti va 50dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bugungi kunda Bo‘lim tomonidan 20ga yaqin amaliy, innovatsion va tijoratlashtirishga tayyor loyihalar tayyorlandi, olimlarning ishlanmalarini joriy etishga tayyor bo‘lgan xususiy korxonalar bilan 10dan ortiq litsenziya shartnomalari imzolandi. Ularning ayrimlari Navoiy viloyati hokimiga taqdim etildi.

Normat To‘lqunovich olimlarning takliflarini qiziqish bilan tingladi, har bir loyihani amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi va ko‘maklashishga va'da berdi. Misol uchun, u Kimyo texnologiyasi, nanotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi tarkibiy bo‘lim katta ilmiy xodimi O‘ktam Xakimov rahbarligida nasldor qorako‘l qo‘ylarining genomini o‘rganish asosida genodiagnostika usullarini ishlab chiqishga qaratilgan tadqiqotlar olib borilgan loyihaga katta qiziqish bildirdi. Loyiha doirasida Navoiy bo‘limida ushbu ish uchun O‘zbekistonda ilk bor ixtisoslashtirilgan laboratoriya tashkil etildi. Ushbu laboratoriyaning shunga o‘xshash laboratoriyalardan farqi shundaki, uning faoliyati ko‘proq qishloq xo‘jalik hayvonlarini o‘rganishga qaratilgan bo‘lsa, respublikaning biotexnologik tadqiqot markazlari va laboratoriyalarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari asosan o‘simliklar va mikroorganizmlarni o‘rganishga qaratilgan.

Navoiy viloyatining yaylovlaridagi qorako‘l qo‘ylarining genofondini ilmiy asosda saqlash va undan samarali foydalanish, rangli qorako‘lchilikni rivojlantirish, qorako‘lchilik mahsulotlarini xalqaro talablar asosida laboratoriya sinovlaridan o‘tkazishni ta'minlash uchun Yurtboshimiz topshirig‘i bilan Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi qoshida “Qizilqum ilmiy-tadqiqot tajriba stansiyasi” DUK tashkil etilganini ta'kidladi. Tugallangan loyiha bo‘yicha tadqiqotlar Tomdi, Nurota va Konimex tumanlaridagi chorvachilik fermalarida o‘tkazildi.

Bundan tashqari, cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklari urug‘chiligini tashkil etish maqsadida 500 gektar lalmi yer ajratildi. Bu, jumladan, 2019 yil 2 avgustadagi Vazirlar Mahkamasining “2019-2021 yillarda Navoiy viloyatining Nurota tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham ko‘zda tutilgan edi. Bo‘lim o‘z kuchi bilan 20 gektar maydonga izen, erkak o‘t va esparset kabi o‘simliklarni ekdi. Shu yil ularning urug‘lari yig‘iladi.

Viloyat hokimligi rahbari qorako‘l qo‘ylari bilan cheklanib qolmasdan, go‘sht va sut yo‘nalishdagi qo‘ylarning boshqa zotlari, shuningdek qoramollar bilan ham ushbu sohalardagi tadqiqotlarni kengaytirishni tavsiya qildi. Ishni kichik podadan boshlasa bo‘ladi. Rahbar yaylov va tuyoqli hayvonlar bo‘icha moliyalashtirish masalalarida ko‘maklashishini aytib o‘tdi. Imtiyozli kredit ajratish ham bu masalaning yechimi bo‘lishi mumkin, faqat asosnoma tayyorlash zarur.

Mazkur tarkibiy bo‘lim mudiri Shaxnoza Qodirova tomonidan taqdim etilgan yana bir loyiha Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan namlikni shimib, ushlab turish qobiliyatiga ega bentonit asosida innovatsion suv tejovchi texnologiyalarni Navoiy va respublikamizning boshqa viloyatlaridagi fermer xo‘jaliklarida keng joriy etishga qaratilgan. Bular qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekish va mineral o‘g‘itlar qo‘shilgan bentonit o‘z ichiga olgan suspenziya bilan o‘simliklarni bargidan oziqlantirishdir. Ushbu ishlanmalar so‘nggi yillarda dala sinovlarida o‘z samaradorligini isbotladi. Bentonitning sorbsion xususiyati urug‘larni stresssiz unib chiqishi va o‘simliklarning suvga bo‘lgan ehtiyojini qisman qoplashni ta'minlashga imkon berdi. Misol uchun, 2023 yilda Navbaxor tumanidagi 200 gektarga yaqin paxta dalasida ulardan foydalanish paxta xomashyosining 30 foizigacha qo‘shimcha hosil olish imkonini berdi. Nurota tumanida lalmi bug‘doyda sinov esa g‘alla hosilini 2-2,5 barobarga oshirdi.

Shu bilan birga, agar o‘tgan yili olimlarning o‘zlari dalaga borib, barcha zarur qishloq xo‘jaligi ishlarini olib borgan bo‘lsalar, bu yil fermerlar natijani o‘z ko‘zlari ko‘rib, o‘zlari olimlarning tavsiyalarni olish uchun Navoiy bo‘limiga murojaat qilib, urug‘larni qobiqlash va o‘simliklarni bargidan oziqlantirishni mustaqil ravishda amalga oshirishga, hatto tayyor suspenziyani sotib olishga ham tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Ammo bu yerda texnik muammo yuzaga keldi, ya'ni bioo‘g‘itlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan bino mavjud emas. N.Tursunov ushbu maqsad uchun barcha kommunikasiyalarga ega, ammo biroz ta'mirtalab bino mavjudligini ta'kidlab, agar u to‘g‘ri kelsa, birgalikda ta'mirlash mumkinligini aytib o‘tdi. Ikkinchidan, u taklif etilayotgan texnologiyalarning afzalliklarini fermerlarga yanada yaqinroq tanishtirish va taqdim etish uchun lalmi, cho‘l va sug‘oriladigan yerlarning bir xil maydonlarini ajratishga qo‘maklashishini aytdi. Bundan tashqari, bu yerda ilgari O‘zbekistonda yetishtirilmagan krotalyariya o‘simligini moslashtirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi. U sideral madaniyatli o‘simlik sifatida hamda matolari, to‘rlar va qog‘oz ishlab chiqarish maqsadida tolani olish uchun ishlatiladi. Krotalyariya yem-xashak ekini sifatida ham muhimdir, u bedaga ko‘ra to‘yimli, bundan tashqari u tuproqni azot bilan tezda to‘yintirish qobiliyatiga egadir. Hokim, shuningdek, “Navoiy” xalqaro aeroporti atrofini ko‘kamlashtirish masalasini hal etish zarurligiga e'tibor qaratdi, shunda viloyat havo bandargohiga chiqqan chet ellik va boshqa viloyatlardan kelgan mehmonlarni zerikarli dasht kutib olmaydi.

Shunday qilib, Navoiy bo‘limiga texnologik tajriba-sanoat sex uchun “nol” xarid qiymatida yopiq bino berilsa, loyihalar va grant mablag‘lari hisobiga uskunalar sotib olish mumkin bo‘ladi. Bunda boshqa noma'dan foydali qazilmalardan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi. Bu haqda hokimga noruda va texnogen foydali qazilmalar tarkibiy bo‘limi mudiri Baxtiyor Sabirov so‘zlab berdi. U Bo‘lim olimlarida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasidan homiylik mablag‘lari hisobidan, shuningdek, turli loyihalar va xo‘jalik shartnomalarni amalga oshirish orqali sotib olingan ayrim laboratoriya jihozlari mavjudligini ta'kidladi. O‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qo‘lbola usulida ishlab chiqarilgan uskunalar ham bor. Aytilgan reja amalga oshsa, olimlar laboratoriyada olingan natijalar asosida yarim sanoat mahsulot namunalarini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Misol uchun, agar zarur jihoz va uskunalar mavjud bo‘lsa, nafaqat bioo‘g‘itlar, balki grafit va magnezitdan tayyorlangan mahsulotlar, shu jumladan olovbardosh materiallar, vermikulitdan tayyorlangan issiqxona sharoitida o‘simliklarni yetishtirish uchun muhim minerallar bilan boyitilgan bioparchalanuvchi stakanchalarni ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi. Shuni ta'kidlash joizki, agar ilgari vermikulitni ko‘pchitish jarayonida ko‘p energiya sarflaydigan va yetarlicha toza materialni olishga imkon bermaydigan termik usul qo‘llanilgan bo‘lsa, tarkibiy bo‘limda ushbu muammolarni yechishga imkon beradigan kimyoviy usul ishlab chiqildi. Bunda issiqlik va shovqin izolyasiyasi xususiyatlarini kamaymagan holda yanada yengilroq vermikulitni olishga erishildi.

Bundan tashqari, binoni suvni tozalash uchun sorbentlar va boshqa mahsulotlarning prototiplari, shuningdek, quyosh konsentratorlarini ishlab chiqarish uchun ishlatilish ham mumkin. Mazkur konsentratorlar quyosh energiyasidan foydalangan holda choy qaynatish va ovqat pishirish maqsadida cho‘ponlar uchun foydali bo‘ladi. Aytgancha, Xitoy kompaniyasi bilan konsentratlar uchun innovatsion materiallarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuv mavjud. Bu Yangi energetika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo-Xitoy al'yansi bilan yaratilishi rejalashtirilgan Sanoat, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoatida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etishga ko‘maklashish O‘zbekiston-Xitoy xalqaro markaz qamrab olishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlardan biridir.

Mehmonlar ushbu tarkibiy bo‘limning bazal't va tarkibi sir bo‘lgan qo‘shimchalardan tashkil topgan o‘ta yengil materiallar ishlab chiqarish bo‘yicha tadqiqotlari bilan qiziqishdi. Birinchisini armatura yasash, ikkinchisini esa sementga qo‘shish mumkin. Yengil konstruksiyani shaxtalarda qulashlarni oldini olish maqsadida tepa qismlarni yopish uchun juda foydali bo‘ladi. Bundan tashqari, bazal't yonmaydi va namlikka chidamli, ya'ni bu korroziyaga moyil bo‘lgan metall armaturalarga nisbatan yana bir afzallikdir.

Viloyat ma'muriyati dalalarni sug‘orish paytida tuproqqa suv singishini oldini olish maqsadida sug‘orish ariqlarining devorlarini ushbu materialni qoplash uchun moslashtirib ko‘rishni va an'anaviy betonlash bilan solishtirganda iqtisodiy muvofiqligini hisoblashni taklif qildi. Bunga Navoiy bo‘limi ilmiy xodimlari ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borayotganliklarini, ammo bu maqsadda bentonit foydalanayotkanlarini aytishdi. Tomonlar, shuningdek, tuproqdagi mikroelementlarning tarkibini tahlil qilish muhimligini ta'kidladilar.

Qayta tiklanuvchi energiya, energotejamkorlik va ekologiya bo‘limi mudiri O‘ktam Xakimov pavlovniyani yetishtirishning Yevropa texnologiyasini mahalliy sharoitga moslashtirishga qaratilgan tadqiqotlar Bolgariya Respublikasining “Paulownia BG” MChJ bilan hamkorlikda o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida gapirdi. Ushbu tez o‘sadigan daraxtlarning birinchi ko‘chatlari 2022 yilda Nurota tumanining lalmi yerlariga ekilgan va 2023 yilda ularda texnologik kesim qilingan. Bu yil pavlovniyani sho‘rlangan tuproqda yetishtirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida Bolgariyadan Xorazm viloyatiga birinchi ko‘chatlar yetkazib berildi.

Hokimga bir yillik pavlovniya daraxtlari paraxasidan yoqilg‘i sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan biopellet va briketlar ishlab chiqarish loyihasi taqdim etildi. Pavlovniyadan tayyorlangan briketlarining issiqlik o‘tkazuvchanligi an'anaviy daraxt navlariga qaraganda bir necha baravar yuqori va kul miqdori ancha past. Bu uzoq aholi punktlarida ko‘mirni o‘rnini bosishga imkon beradi va saksovulning noqonuniy kesilishini oldini oladi. Pavlovniya plantasiyasi maydonlarini kengaytirish va zarur uskunalarni xarid qilmoq lozim.

O‘tgan ikki yil mobaynida Navoiy bo‘limi sa'y-harakatlari va “Paulownia BG” MChJning moliyaviy ko‘magi bilan nurotalik 17 nafar yoshlar Bolgariyadagi pavlovniya plantasiyalarida amaliyot o‘tashdi. Yaqin kelajakda yana o‘n kishi ushbu mamlakatga amaliyot o‘tash uchun boradi.

Bundan tashqari, joriy yilning may-iyun oylarida Bo‘lim raisi A.Mirzayevning Bolgariyaga navoiylik olimlarning innovatsion texnologiyalarini ushbu Yevropa davlatiga joriy etish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida borishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun dala sinovlari va texnologiyalarni Bolgariya sharoitlariga moslashtirish uchun yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida kelishib olish, kelgusida esa qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlashni tashkil etish bilan mintaqaviy darajada hamkorlik to‘g‘risida hujjat tayyorlash rejalashtirilgan.

Umuman olganda, Navoiy bo‘limida xalqaro hamkorlikka katta e'tibor qaratmoqda. Bugungi kunga qadar Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo davlatlari va Qozog‘iston, Belorussiya, Bolgariya, Latviya, Pol'sha, Turkiya, Hindiston, Eron va boshqa davlatlarning turli korxona, kompaniya, ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta'lim muassasalari bilan 80ga yaqin hamkorlik memorandumlari imzolangan.

Shunday qilib, Normat To‘lqunovich o‘simlik va hayvonot xom ashyosiga elektron tezlatgichlar yordamida ionlashtiruvchi nurlanish bilan mikroblarga qarshi ishlov berishga ixtisoslashtirilgan xizmat ko‘rsatish markazlarini yaratish g‘oyasini ma'qulladi. Ushbu loyihani Rossiya Federatsiyasining “Teokorteks” MChJ bilan amalga oshirish rejalashtirilgan.

Yuqorida bayon etilgan texnologiyaning keng joriy etilishi O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi meva-sabzavotlari eksportini ko‘paytirish, yetkazib berish geografiyasi va turlarini kengaytirish imkonini beradi. Yirik ulgurji tarqatish majmualari, transport markazlari, bojxona terminallari yoki xom ashyo va mahsulotlarni qayta ishlash va saqlash joylari yaqinida yuqorida qayd etilgan markazlarni yaratish taklif etiladi.

Rossiya tomoni uch million AQSh dollariga teng uskunalar yetkazib berishga tayyor. Tajriba markazi barcha zarur infratuzilmaga ega binoni talab qiladi. Yaqin kunlarda sheriklar binoning talablari va batafsil rejasini taqdim etadilar. Hokimiyat bo‘sh bino topib, rossiyaliklarni rejalarni yanada muhokama qilishga taklif qiladi.

Navoiy viloyati hokimi N.Tursunovning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ilmiy xodimlari bilan “davra suhbati” ijtimoiy loyihalar muhokamasidan chetda qolmadi.

Ulardan biri Navoiy shahrida aholini sog‘lomlashtirishga ixtisoslashgan “Ekologik bog‘” tashkil qilish bo‘yicha amaliy loyihasidir. Loyihada Navoiy shahri hududida sanoat korxonalari zich joylashgani sabab aholida nafas olish, ovqat hazm qilish a'zolari, qon aylanish va asab tizimi kasalliklari ko‘payganini inobatga olib “ekologik bog‘” yaratish zarur ekanligi asoslangan. Ikki gektar yerda mavsumiy o‘simliklar (moychechak, rastoropsha), yil davomida hosil beradigan qulupnay, shipovnik va boshqa ko‘p yillik dorivor o‘simliklar, makka sano, godji va boshqa dorivor butalar hamda zaytunzor va kivi dalalari, shunigdek, konferensiya va har xil ilmiy yig‘ilishlar o‘tkazish va ishlab chiqarish maydonchalarini barpo etish nazarda tutilgan. Bundan tashqari loyihada asab tizimini tinchlantirish uchun foydali lavanda dalalari, ko‘chatxona va issiqxona (papaya, banan, guava), bolalar maydonchasi, salomalik kafesi, kutubxona hamda hamkorlikda va o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi, vrach maslahatxonasi va fitobar tashkil etish rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirishga Bo‘lim tomonidan memorandum imzolangan Farg‘ona viloyati “Mehrigiyo” xususiy korxonasi mutaxassislari jalb qilish ko‘zda tutilgan. Hokim loyihaning dolzarbligini ta'kidlab, yer uchastkasini ajratish masalasida ko‘maklashishini aytdi.

Ikkinchi loyiha – bu sayyohlar uchun tarixiy, etnik va madaniy ahamiyatga ega joylar, shu jumladan ziyoratgohlar belgilangan Navoiy viloyatining virtual xaritasini yaratishdir. Viloyat ma'muriyati mutaxassislari bunday karta allaqachon mavjudligini ta'kidladilar. Faqat yuqori sifatli kontent zarur va buning uchun ishonchli manbalarni topish uchun kerakli tadqiqotlar o‘tkazish lozim. Tomonlar hamkorlik qilishlariga va grant tanlovlariga taqdim etish uchun qo‘shma loyihani tayyorlashga kelishib oldilar. Ehtimol, bu Navoiy bo‘limida mustaqil gumanitar tarkibiy bo‘lim ochilishining boshlang‘ich nuqtasiga aylanishi mumkin, uning xodimlari Navoiy viloyatining batafsil atlasini chop etish uchun tayyorlaydilar.

Uchrashuv yakunida Normat Tursunov olimlarni qo‘llab-quvvatlashga va ular bilan yaqindan hamkorlik qilishga, shu jumladan iloji boricha laboratoriya uskunalarini xarid qilishga yordam berishga tayyorligini, asosiysi, mintaqaning rivojlanishi uchun ijobiy natija bo‘lishi kerakligini ta'kidladi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!