Diqqat markazida - innovasion rivojlanish


 

2019 yilning 27-28 noyabr kunlari Navoiy davlat konchilik institutida Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Navoiy davlat konchilik instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovasion rivojlanish, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Zarafshon vohasini kompleks innovasion rivojlantirish: yutuqlari, muammolari va istiqbollari” II Xalqaro ilmiy-texnik anjumani bo‘lib o‘tdi.

 

 

Mazkur yirik tadbirda O‘zbekistonning taniqli olim va izlanuvchilari hamda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Belorusiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa mamlakatlar yetakchi universitetlaridan 30ga yaqin olim va xorijiy kompaniyalarning vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanning birinchi kuni Navoiy viloyati xokimi Q.Tursunov o‘zining tabrik so‘zi bilan konferensiyani ochib berdi. Undan so‘ng anjuman yalpi majlisida NKMK bosh direktori, NDKI rektori, professor Q.Sanaqulov, NKMK bosh muhandisining o‘rinbosari K.Dadabaev, Lids universiteti (Buyuk Britaniya) professori S.Shryoder, Belorusiya davlat texnika universiteti prorektori, professor O.Dormeshkin, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi N.Yusupbekov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori R.Kulmatovlarning ma'ruzalari tinglandi.

Chiqishlarda xukumatimiz tomonidan ilm-fanni rivojlantirishga, ilmiy xodimlarining salohiyatini oshirishga, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tadbiq etish va tijoratlashtirishga alohida e'tibor qaratilaetganligi ta'kidlandi. Ushbu vazifalar 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Zarafshon vohasini kompleks innovasion rivojlantirishga bag‘ishlangan anjuman birinchi marta 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning topshirig‘i bilan o‘tkazilgan va keyinchalik an'anaga aylandi.

Zarafshon vohasi hududi tanlangani bejiz emasligi alohida ta'kidlab o‘tildi. Gap shundaki, mazkur hudud Buyuk ipak yo‘li kesib o‘tganligi sababli g‘arb va sharq mamlakatlarini o‘zaro bog‘lab turuvchi bug‘in, qadimdan savdo-sotiq, madaniyat va ilm-fan rivojlangan taraqqiyotning beshigi hisoblangan. Shu bilan birgalikda hudud yer osti qazilma boyliklari bilan mashhurdir. Geologlar tomonidan berilgan ma'lumotlarda Mendeleev davriy jadvalning qariyb barcha elementlari borligi dunyo hamjamiyatining e'tiborini har doim tortib keladi.

Hozirgi davrda barqaror rivojlanishni innovasiyalarsiz tasavvur e'tib bo‘lmasligi, ularni xayotga tadbiq etilishini esa ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasisiz amalga oshirib bo‘lmasligi aytib o‘tildi. NKMK, NDKI va 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevni tashabbusi bilan tashkil etilgan Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining birgalikdagi harakatlari ushbu yo‘nalishda sermahsul hamkorlikning yaqqol namunasidir. Integratsiyani yanada kengroq tashkil etish maqsadida, muhtaram Yurtboshimizning 2017 yil 15 iyundagi PQ-3059-sonli qaroriga binoan, Bo‘lim raisi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vise-prezidenti lavozimiga tenglashtiriladi va bir vaqtning o‘zida «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» Davlat korxonasi bosh direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari deb hisoblanadi, Bo‘lim Navoiy davlat konchilik instituti bosh binosida joylashdi. Xozirgi kunda FA Navoiy bo‘limi hududning muammolarini o‘rganish va ularni yechimini topishda, shu jumladan yurtimiz va xorijiy olim va mutaxasislarini jalb etishda faol ishtirok etmoqda.

Shuningdek, yalpi yig‘ilishda texnologik jarayonlarni optimallashtirish uchun mukammalashtirilgan boshqaruv va bulut texnologiyalarini qo‘llash, iqlim o‘zgarish sharoitida Navoiy viloyati misolida O‘zbekistonning xozirgi agroekologik mummolari va boshqa mavzularda so‘z bordi. Bundan tashqari, xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari va universitetlari vakillari o‘zining muassasalari haqida ma'lumotlar berib, hamkorlikka chaqirishdi. Belorus davlat texnik universiteti qarshisida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning byusti quyilganligi to‘g‘risidagi xabar anjuman ishtirokchilarini alohida quvontirdi. Ular NKMKning tarixi muzeyi, NDKI texnoparki hamda “Navoiy mashinasozlik zavodi” IChBda ekskursiyada bo‘lishdi.

II Xalqaro ilmiy-texnik anjumanning ikkinchi kunidagi shu'ba majlislarida geologiya, geotexnologiya va mineral xomashyoni qayta ishlash, kimyo texnologiyasi va nanotexnologiyalar, mashinosozlik, asbobsozlik va avtomatlashtirish, energetika, muqobil energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalari bo‘yicha 200 ga yaqin ilmiy ma'ruzalar muhokama qilindi. Ularing orasida FA Navoiy bo‘limi ilmiy xodimlarining ham ishlari mavjud.

FA Navoiy bo‘limi

Matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!