Ustoz va mehnat faxriylari o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar


Insoniyat tarixidan ma'lumki, odamlar azal azaldan jamoa bo‘lib yashashga intilishi asosida jamiyat vujudga kelgan. Ular hamjihatlikda turmush qiyinchiliklarini oson bartaraf etib, og‘ir vaziyatlarda bir birlariga ko‘makdosh bo‘lishgan. Sharq mutafakkirlari tomonidan jamiyatga va undagi ijtimoiy munosabatlar rivoji borasida qimmatli ta'limotlar yaratilgan bo‘lib, mazkur ta'limotlar mazmun mohiyatida insonlar birlashuvi va ushbu jarayonning rivojlanish bosqichlari shaxsning ruhiy-ma'naviy ehtiyojlari natijasida amalga oshishi ustuvor g‘oya sifatida e'tirof etiladi. Shunga asoslanib ta'kidlash mumkinki, Sharqda insonlarga mehr-oqibatli bo‘lish, xayr-saxovat ko‘rsatish tamoyili barcha davrlarda ustuvorlik kasb etib kelgan. Qadimiy muqaddas kitobimiz “Avesto”da o‘z ifodasini topgan “ezgu so‘z, ezgu fikr, ezgu amal” qoidalari bugungi kunda faoliyat yuritayotgan jamoat tashkilotlarining asosiy maqsadlariga aylangan.

Shu asnoda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining raisi professor A.Mirzayev tashabbusi bilan Bo‘lim yosh olimlarini milliy ruhda tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat tuyg‘usini rivojlantirish, o‘z bilimlarini muntazam oshirib borish hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etish kabi fazilatlarni shakllantirishga ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan “Ustoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi” faoliyati takomillashib bormoqda.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Navoiy viloyatida o‘zining fidoiyligi, samarali va uzoq yillik mehnati hamda kasbiy mahorati bilan mamlakatimiz ilm-fan, ishlab chiqarish va xalq xo‘jaligiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan mehnat faxriylari ishtirok etishdi. Mamlakatimizda innovasion tafakkur va yaratuvchanlik muhitini shakllantirish borasida olib borilayotgan chuqur islohatlar jarayonida ustozlarning faolligini oshirish maqsadida maslahatxonaning 2021 “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Bugungi kunda nafaqada bo‘lgan ilm-fan, ishlab chiqarish sanoati va qishloq xo‘jaligi xodimlaridan H.Sharipov, N.Turayeva va N.Hamidovalar o‘z ilmiy va hayotiy tajribalaridan kelib chiqib yoshlarni bilimi va kasbiy mahoratini o‘stirish uchun ustida muntazam ishlashga, rus va ingliz tillarini chuqur o‘rganish yo‘llarini va ilmiy faoliyatlari davomida faol qo‘llashlariga oid tavsiyalarini bildirdi.

Davra suhbatida Maslahatxona mas'ul xodimi M.Yuldosheva yuqoridagi fikr mulohazalar asosida ustoz olimlar, mehnat faxriylari bilimi, tajribasi va salohiyatidan samarali foydalanish uchun “Kouching kurslar”ni tashkil etishni taklif qildi va tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!