Ustoz Ochil Yoqubovning nashr etilgan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi “Ustoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi” va “Yosh olimlar kengashi” a'zolari “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” mavzusi bo‘yicha yetuk va yosh olimlar hamda yozuvchilar bilan “davra suxbati” tashkil etdilar.

Tadbir doirasida “Ustoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi” faol a'zosi, mehnat faxriysi Ochil Yoqubovning 80-yillik yubileyiga bag‘ishlab “Yillar mening taqdirimda” chop etilgan avtobiografik essesining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitob tadbir qatnashchilarda katta qiziqish o‘yg‘otdi.

Uchrashuvda FA Navoiy bo‘limi raisi A.Mirzayev, bo‘linma mudiri O‘.Hakimov, Maslahatxona mudiri M.Yuldasheva, O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi a'zosi N.Sadriddinov va boshqa “davra suxbati” ishtirokchilari O.Yoqubovni yubiley bilan chin qalblaridan qutlab, ustozga sog‘lik-salomatlik, ishlariga omad hamda ijodiy zafarlar tiladilar.

Ochil Yoqubov xayoti va faoliyatlari to‘g‘risida ma'lumotlar bayon etildi. O.Yoqubov 1969 yilda Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutini tugatgan. Yarim asrdan ziyod mehnat faoliyati davomida Nurota va Qo‘shrabot tumanlari chorvachilik fermalarini kompleks mexanizasiyalash, aholi punktlari, shifoxonalar, maktablarni ichimlik suvi bilan ta'minlash, so‘nggi yillarda esa tomchi uslubda sug‘orish texnologiyasini joriy etish maqsadida fidokorona xizmat ko‘rsatib mehnat qilib kelmoqdalar.

Mexnatkash va zaxmatkash inson hamda tadbirkor O.Yoqubov umri davomida hayotiy qarashlari, mehnat faoliyati haqida yozib yurgan va kitob qilib nashr qilishni orzu qilgan. Orzu-havaslari qutlug‘ 80-yillik yubileyi arafasida amalga oshdi.

Ushbu kitobni nashr qilishga homiylik qilgan “NKMK” AJ Boshqaruv raisi – bosh direktori, senator, O‘zbekiston qahramoni Q.Sanaqulov: “Ochil Yoqubov ajoyib inson, yangilikka intiluvchan, kat'iyatli, yetuk mutaxassis, katta xonadonning boshlig‘i, el-yurt e'tiboriga tushgan kishi sifatida nom qozongan. Har bir davr o‘z qahramonlarini yaratadi va ular haqida kelajak avlod bilishi kerak”- deb yozadi o‘z tabrigida. Darhaqiqat, bunday qahramonlar yosh avlod qalbida vatanparvarlik, kasbiga sadoqat tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Shu bois, Fanlar akademiyasi “Ustoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi” Navoiy viloyat “Fidoiy yoshlar teleklubi” bilan hamkorlikdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining “Fidoiy yoshlar va ustoz olimlar Uchinchi Renessans sari” nomli Davlat granti doirasida tashkil etilgan ushbu uchrashuv Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansga zamin yaratish borasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida ustozlarning boy hayotiy tajribasi, foydali maslahatlari, o‘gitlaridan foydalanish yoshlarning ma'naviyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!