Uch tomonlama memorandum imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi, Navoiy viloyati xalk ta'limi xodimlarini kayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi hamda Navoiy davlat pedagogika instituti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik tug‘risidagi memorandum imzolandi.
Tomonlar mazkur memorandum qoidalari hamda o‘zlarining vakolatlari doirasida maktablar va oliy ta'lim muassasalaridagi ta'lim sharoitini o‘rganadilar, pedagoglarning dars beradigan fanlari bo‘yicha hamda o‘quvchilarning bilimi va salohiyatini diagnostika qiladilar, maktab va oliy ta'limda, ta'lim sifatini tahlil qilish bo‘yicha tegishli tadbirlar rejasini ishlab chikadilar va bajarilishini ta`minlaydilar, maktablarda yaratilgan sharoitlarni yanada takomillashtirish maqsadida uch tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshiradilar.
Umumiy o‘rta ta'lim maktablari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘zaro hamkorlik quyidagi asosiy yettita yo‘nalishlarda olib boriladi: maktab bitiruvchilarining oliy ta'lim tizimidagi qamrovini oshirishda uslubiy ko‘mak berish; yuqori sinf o‘quvchilarining aniq va tabiiy fanlarga qiziquvchilari bilan, ularning qiziqishi va qobiliyatini inobatga olgan holda, maktab qoshida oliy ta'lim muassalariga kirish sinovlariga tayyorlov kurslarini tashkil etish; o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish maqsadida, maktabda “kasblar kuni”ni tashkil etish va yuqori malakali, o‘z kasbining ustallari bo‘lgan insonlar bilan uchrashuvlar yuyshtirish; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan “Beshta tashabbus” doirasida doimiy ko‘mak berish tadbirlarini yo‘lga qo‘yish; maktabdagi ijtimoiy muhit va o‘zaro munosabatlarni o‘rganish, mavjud muammolar bo‘yicha ota-onalar bilan suhbatlar o‘tkazish, aniqlangan muammolarning yechimlarini topish bo‘yicha mahalliy hokimlik va deputatlar kengashi bilan hamkorlik qilish; maktab faoliyatini doimiy tahlil qilib borish hamda monitoringini o‘tkazish; ta`lim sifatini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan muhim qarorlarni qabul qilishda faol ishtirok etish; xamkorlikda xomiylarni jalb qilish.
Jumladan, umumta'lim maktablarida “Aniq fanlardagi innovatsiyalar davlat taraqqiyotining lokomativi”, “Kelajakka raqamli texnologiyalar bilan” va “Olimlar - intellektual boylik” hamda “Hayot saboqlari”, “Olimlar kuni” va “Kafedralar soati” kabi mavzularda davra suhbatlari va ochik muloqotlar o‘tkazish amaliyotlarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, o‘quvchilarda ilm-fanga qiziqishni uyg‘otish maqsadida, ularning qiziqishlarini inobatga olgan holda darsdan tashqari fan to‘garaklarini tashkil etish va ta'lim jarayonlarida raqamli texnologiyalarni qo‘llash uchun o‘rganilayotgan jarayonlar modellarini yaratish hamda analiz va sintez masalalarini yechish uchun oliy ta'lim muassasasi mutaxassis-olimlari bilan nazariy tadqiqotlar olib borish ishlarida ko‘maklashish; pedagogika yo‘nalishidagi bitiruvchi kurs talabalarining amaliyotini maktabda tashkil etish jarayonlarida o‘qitish metodikasiga ilmiy yondashish ko‘nikmalarini shakllantirishda ishtirok etish; oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha “Qizil hudud”ga tushib qolgan umumta'lim maktablari pedagog xodimlarining o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha navbatdan tashqari malaka oshirish kurslariga jalb qilish va shu maktablarda ta'lim sifatini yaxshilash bo‘yicha amaliy yordam berish; iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida “Oliy ta'lim muassasasi olimpiadasi”ni o‘tkazish va fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi baland o‘quvchilar uchun “Oliy ta'lim muassasasining faol abiturienti” faxriy yorlig‘ini joriy qilish kabi bir qator amaliy ishlar belgilangan.
Memorandumni imzolash jarayonida tomonlar taniqli olimlar va malakali professor-o‘qituvchilarni jalb qilgan holda hududda ta'lim sifatini yaxshilashda o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta'kidlab, yanada bilimliroq va ilmga chanqoq yoshlar soni ortishiga umid bildirdilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.