Tog‘-kon va geologik masalalarni yechishga qaratilgan hamkorlik


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliygoh, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlaridan birida tegishli tashkilot va muassasalarga Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarining texnogen chiqindilar tarkibidan oltin, kumush, rangli va noyob metallarni ajratib olish texnologiyalarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha ishlarni boshlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.

Ushbu masalani hal qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ichki salohiyatidan tashqari, xorijiy sheriklarni ham jalb qilishni rejalashtirmoqda. Shunday qilib, 2023 yil noyabr oyining birinchi kunida Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev “TRANS ENGINEERING General Trading – F.Z.C” kompaniyasining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Prusis Girts bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv natijasida tomonlar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Muzokaralar davomida A.Mirzayev hamkasbiga Navoiy bo‘limining ishlanmalarini taqdim etdi. O‘z navbatida, P.Girts Trans Engineering General Trading bosh ofisi Birlashgan Arab Amirliklarida joylashganligini aytdi. Kompaniya mikroprosessorli avtomatlashtirish va telemexanika tizimlari va elektr ta'minoti tizimlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan. Shuningdek, u foydali qazilmalarni tadqiq kilish va qazib olish, shu jumladan tog‘-kon korxonalarining texnogen chiqindilaridan foydali komponentlarni ajratib olish uchun zarur texnologiyalar va uskunalarga ega ekanligini ta'kidladi. Xususan, u Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarining texnogen chiqindilari borasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ulardan foydali komponentlar olishning samarali texnologiyalarini ishlab chiqishga qiziqish bildirdi. Shu bilan birga, u ushbu tadqiqotlarni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni kompaniya qoplashga tayyorligini ta'kidladi va Navoiy bo‘limidan kombinatlar bilan aloqa o‘rnatishda yordam so‘radi.

Yaqin kunlarda bu masalani Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari rahbariyati bilan muhokama qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tomonlar mahalliy vaqtincha ishsiz aholi uchun kompaniyaning talabiga binoan kerakli mutaxassisliklarni o‘zlashtirish uchun qisqa muddatli kurslarni tashkil etish, so‘ngra ularni ishga joylashtirish uchun kompaniyaning bosh ofisiga yuborish bo‘yicha hamkorlik qilishlariga kelishib oldilar.

Bunda Bo‘lim talabgorlarni tanlov asosida talab qilinadigan mutaxassisliklarni o‘zlashtirish bo‘yicha kurslarga jalb qiladi va o‘quv kurslarini tashkil qiladi. Kompaniya esa kurslarni tashkil etish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlarni qoplaydi, shuningdek kompaniyaning bosh ofisiga ishga joylashish uchun yuborilganda, yo‘l va tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplash majburiyatini oladi va ish bilan ta'minlaganda talablarga muvofiq sharoitlarni ta'minlaydi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!