Taniqli geolog-olim Habib Abdullayevni yodga olib


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan “O‘zbekiston ilmiy salohiyati yuksalishiga salmoqli hissa qo‘shgan inson!” mavzusidagi akademik Habib Abdullayev tavalludining 110 yillik yubileyiga bag‘ishlangan sayyor ilmiy-amaliy seminar Navoiy viloyati Xatirchi tumanida o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini 2022 yil 28 apreldagi «Atoqli olimlar, madaniyat va sanoat sohasi vakillarining yubiley sanalarini keng nishonlash hamda ular faoliyatini targ‘ib etish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 223-sonli qaroriga asosan (1–ilova, 10–bandi) mamlakatimizda taniqli olim, akademik Habib Muhammedovich Abdullayev tavalludining 110 yilligini keng nishonlash va uning faoliyatini targ‘ib etish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga topshiriq berilgan.

Topshiriqni yuqori darajada bajarish maqsadida 2022 yil 27 iyul kuni FA Navoiy bo‘limi rahbariyati, yetuk olimlari va yosh ilmiy xodimlari, bo‘lim o‘z faoliyati davomida hamkorlikda mehnat qilayotgan ustozlar, olimlar va mehnat faxriylari hamda Yosh olimlar kengashi a'zolari birgalikda birinchi O‘zbek geologi – akademik H.M.Abdullayevning 110-yilligiga bag‘ishlangan sayyor ilmiy-amaliy seminari Navoiy viloyati Xatirchi tumani Langar qo‘rg‘onida o‘tkazdilar. Shuningdek, tadbirda H.Abdullayevning nevarasi, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi bosh direktori H.P.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiyasi va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti yetakchi ilmiy xodimi X.D.Ishbayev va yosh olimlari, “Navoiyuran” DK bosh geologi o‘rinbosari B.I.Mirxodjayev hamda mahalliy aholi vakillari qatnashdilar.

Tadbir boshida ishtirokchilar Langar qo‘rg‘onida geologlar sharafiga o‘rnatilgan, mahalliy aholi H.M.Abdullayev nomi bilan bog‘laydigan haykal poyiga gul qo‘yib, “Langar” MFY ma'muriy binosiga yo‘l oldilar.

Bu yerda seminarning ilmiy qismi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, FA Navoiy bo‘limi raisi A.U.Mirzayev hamda boshqa tadbir qatnashchilari so‘zga chiqib, taniqli olim hayoti va ilmiy kashfiyotlari, yutuqlari to‘g‘risida aytib berdilar.

Habib Muhamedovich Abdullayev 1912 yilning 31 iyulda O‘sh shahriga yaqin Aravon qishlog‘ida kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan. 12 yoshida otasi vafot etgan. Endi bo‘lajak geolog olim, davlat va jamoat arbobi o‘qish bilan birga ro‘zg‘orni ham tebratishi kerak edi. U dastlab boy dehqonlarnikida korandalik qilgan, keyinchalik pilla qurti urug‘ini ko‘paytiradigan zavodga kirib ishlagan.

Maktabdan so‘ng, H.Abdullayev O‘rta Osiyo industriya institutini 1935 yilda imtiyozli diplom bilan tugatgan va geologogiya-razvedka partiyasida faoliyatini boshlab, keyinchalik «O‘rta Osiyo geologiya tresti»ning geologiya-qidiruv dala firqasida rahbar bo‘lib ishlagan.

1940 yildan O‘rta Osiyo industriya institutining foydali qazilmalar kafedrasida dosent, so‘ngra shu insitutda direktor, 1942 yildan O‘zbekiston hukumati raisining o‘rinbosari, 1944 yildan Davlat plan komissiyasi raisi lavozimlarida ishlagan.

1946 yilda «O‘rta Osiyoning sheelitli skarnlari geologiyasi» mavzuida doktorlik dissertasiyasini yoqlagan. Habib Muhammedovich 1947 yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vise-prezidenti etib tayinlangan.

H.Abdullayev 1952-1955 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi texnika va geologiya-kimyo fanlari bo‘limining raisi, 1956 yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan.

Shuni ta'kidlash joiz-ki, Habib Muhammedovich 1959 yilda ruda paydo bo‘lishining granitoid intruziyalar bilan genetik bog‘liqligi sohasidagi ilmiy ishi uchun yuksak mukofot bilan taqdirlangan. U endogen ruda hosil bo‘lishi nazariyasini rivojlantirdi. 130 dan ortiq ilmiy asar (jumladan, 7 monografiya) yozgan.

H.Abdullayev Toshkent va Moskvada nashr etilgan ko‘pgina nufuzli ilmiy jurnallar, to‘plamlar, ilmiy-ommabop nashrlarning mas'ul muharriri, tahrir hay'ati a'zosi edi, jumladan O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib - «O‘zbekiston geologiya jurnali»ni tashkil etgan, uning mas'ul muharriri bo‘lgan.

Habib Muhammedovich vol'fram, qalay, rangli va qora metallar ruda konlarining turli yo‘llar bilan hosil bo‘lganligini ko‘rsatib bergan. Yetuk olim, fan arbobi ruda paydo bo‘lish jarayonlarini magmatizm hamda bu jarayonlar ro‘y beradigan geologik muhit ta'siri bilan chambarchas bog‘liq ekanligini asoslab bergan. Uning bevosita ishtiroki hamda rahbarligida «Chatqol-Qurama tog‘lari magmatizmi va metallogeniyasining asosiy xususiyatlari» monografiyasi (1957), «O‘rta Osiyo magmatizmi va rudalanish jarayoni» asari (1960) nashr etilgan.

H.Abdullayevning so‘nggi turkum ishlaridan biri «Ruda-petrografiya provinsiyalari va ularni tasniflash masalalari» (1961) bo‘ldi. Jahondagi barcha yirik ruda konlari shakllanish xususiyatlariga bag‘ishlangan «Metallogeniya - foydali qazilma konlarini qidirib topishning geologik asosi» monografiyasi uchun 1970 yilda (vafotidan keyin) Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti berilgan.

H.Abdullayevning geologiya sohasida olg‘a surgan nazariy fikrlari bugungi taraqqiy topgan soha amaliyotida o‘z tasdig‘ini topdi. U birinchi bo‘lib O‘rta Osiyoni alohida metallogenik o‘ziga xos provinsiya sifatida mavjudligi haqidagi qarashlarni olg‘a surgan. Skarnlar tuzilishi, ruda uchraydigan va ruda hosil bo‘ladigan skarnlar mavjudligi qayd etildi. Unining rudalarning granitoid intruziyalar bilan bog‘liq ravishda hosil bo‘lishiga doir asarlari olimlarning ulkan hamjamiyatida ilmiy munozaralarga sabab bo‘ldi. Asarlarida konlarning intruziyalariga nisbatan uzoq-yaqinligi bo‘yicha tasniflanishi El-Shonsning mavhum batolit konsepsiyasidan tubdan farq qiladi.

Habib Muhammedovich O‘rta Osiyoga doir tadqiqotlarini tahlil qilib, kichik intruziyalar o‘chog‘i bilan rudali jinslarning umumiyligini hamda magmatizm bosqichlari bilan bog‘liq bo‘lgan ruda hosil bo‘lish jarayonlarining takrorlanib turishini ko‘rsatib berdi. Olimning so‘nggi asarlarida ba'zi joylarda muayyan tipdagi magmatizm hodisalari ro‘y berishi va rudalar hosil bo‘lishi muammolari o‘rganilgan.

Betakror o‘zbek geologining «O‘rta Osiyoning metallogenik ocherki» (1949), «Rudalanishning granitoid intruziyalar bilan genetik bog‘liqligi» (1954-1957), «Daykalar va rudalanish» (1957), «Ruda-petrografik provinsiyalari va ularni tasniflash masalalari» (1961) kabi asarlari jahonga mashhur bo‘ldi. «Rudalanishni granitoid intruzivlar bilan genetik bog‘liqligi» asari xorijiy olimlar taklifi bilan nemis, ingliz va xitoy tillariga tarjima qilingan.

Buyuk geolog, jonkuyar olim, betakror iqtidor sohibi bo‘lgan H.Abdullayev O‘zbekistondagina emas, balki butun O‘rta Osiyodagi geologlari ichida, ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlarida ishlaydigan katta jamoani birlashtirgan ilmiy maktabning tashkilotchisi va rahbari bo‘ldi. Ilmiy maktab olimlari Tyon-Shon tog‘laridagi jinslar asosida petrologiya va metallogeniya masalalarini hal qilish sohasida birgalikda ish olib bordilar. Atoqli olim, jonkuyar Ustoz O‘zbekistonda iqtidorli yoshlardan fanning turli sohalarida, jumladan geologiya bo‘yicha milliy kadrlar tayyorlashga katta hissa qo‘shdi, talabchan murabbiy rahbarligida 7 kishi doktorlik va 28 kishi nomzodlik dissertasiyasini yoqladilar.

Geologiya fanida juda katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan petrometallogeniya ilmiy maktabi mamlakatimizda XX asrning 50-60 yillarida O‘zbekiston Fanlar akademiyasida shakllana boshlangan. Dastlab bu sohaga bag‘ishlangan tadqiqotlar akademik H.Abdullayev rahbarligida olib borildi va ushbu olimning bir qator asar va maqolalari, hamda magmatizmga oid yangi g‘oyalari olg‘a surildi. Magmatik tog‘ jinslarni tarkibi, hosil bo‘lish sharoiti, ma'danlar munosabati kabi yangi g‘oyalar bayon qilindi. Ayniqsa magmatik jarayon va ma'dandorlikni o‘zaro genetik aloqalari o‘z isbotini topib bordi. Bu sohada H.M.Abdullayev, I.H.Hamroboev ishlari alohida o‘rin egallaydi. Shu tarzda H.M.Abdullayev bilan I.H.Hamroboevlar O‘zbekiston petrometallogeniya ilmiy maktabiga asos soldilar. Ushbu qarashlar asosida bir qator tadqiqotlar bajarildi-ki, bular o‘sha vaqtda geologiya fanida tan olingan va hukmron bo‘lgan ancha jo‘n va sayoz qarashlarga zid bo‘la boshladi. Masalan, Yer qobig‘ini yoshi, xilma-xilligi, okeanlarni yopilishi natijasida burmalangan o‘lkalarga aylanishi, magmatik jarayonlarni betakrorligi va hokazo. Ayniqsa, O‘rta Osiyoda deyarli o‘rganilmagan va mavhum bo‘lib turgan vulkan jinslarini tahlil qilinishi bunga asosiy sabab bo‘ldi (T.N.Dolimov, A.A.Kustarnikova, V.A.Arapov, 1966-1971). Bu yangi g‘oyalar geologik amaliyotga singib borgan sari, ularning afzalligi va fandagi yangiligi asta-sekin ko‘zga tashlana boshlandi. Vulkanizmni davrlashtirish, qadimgi vulqonlarni va vulqon markazlarini aniqlash, bu jarayonlarda ma'dandorlikni o‘rni va boshqa geologiya sohasi uchun o‘ta dolzarb muammolar geologiya fanida butunlay yangi ilmiy-amaliy yo‘nalish poydevorini yaratdi.

H.Abdullayev Toshkent politexnika instituti (hozirga Toshkent davlat texnika universiteti) geologiya-razvedka fakul'tetida geologiya oliy o‘quv yurtlari orasida birinchi bo‘lib «Petrologiya va metallogeniya» kafedrasini tashkil etdi va unga rahbarlik qildi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Habib Muhammedovich hukumat a'zosi, geolog olim sifatida front, front ichkarisini zarur resurslar bilan ta'minlash va strategik ahamiyatdagi qazilma boyliklar qidirish hamda ularni qazib olish, sanoatga yetkazib berish kabi ulkan miqyosdagi ishlarni amalga oshirdi.

Ustoz, murabbiy, geolog, olim H.Abdullayev 1950 yildan qisqagina umrining oxirigacha mineralogiya jamiyati O‘zbekiston bo‘limini boshqardi. 1960 yildan Fransiya geologiya va Buyuk Britaniya Qirollik mineralogiya jamiyatlarining a'zosi. Atoqli olimning tanlangan asarlaridan 7 jildi nashr etilgan (1964-1969). Betakror ustoz, iqtidori bilan betakror bo‘lgan Habib Muhammedovich Abdullayevning hayoti va ilmiy hamda jamoatchilik faoliyati haqida bir qancha olimlar muallifligida «Esdaliklar» chiqarilgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiyasi va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Geologiya va geofizika institutiga va Toshkent shahridagi katta ko‘chalardan va mahallardan biriga, Ulug‘bek shaharchasida ko‘cha va boshqa ob'ektlarga Habib Abdullayev nomi berilgan. Geologiya va geofizika instituti qoshida H.Abdullayev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey tashkil qilingan.

Ilmiy-amaliy seminar ishtirokchilari akademik H.Abdullayevning bevosita ilmiy nazariyasi asosida ochilgan Langar vol'fram koniga tashrif buyurdilar. Gap shunda-ki, Habib Muhammedovich «Langar vol'fram koni geologiyasi va genezisi» mavzusida nomzodlik dissertasiyasini yoqlagan. Keyingi yillarda u O‘zbekistondagi Langar vol'fram-molibden konining geologik tuzilishi, mineral tarkibi va hosil bo‘lishini tadqiq qilgan olim.

Langar koni Janubiy Nurota tog‘larining Oqtov granitsimon massivining g‘arbiy va janubiy-g‘arbiy kontakt zonasida joylashgan. Langar koni skarnli-rudali konlar turiga mansub. Skarnlarda vol'fram va vollastonitdan tashqari, piroksen, granat, epidot, vezuvian va boshqa minerallar ham uchraydi. 1959 yildan boshlab sheelit-molibden koni sifatida foydalanilgan, keyinroq rudali maydonning pegmatitli jinslaridan dala shpati konsentrati olingan. Bugungi kunda mazkur hududda qazib olish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan, kon esa zaxiraga olib qo‘yilgan.

Ya'ni shuni ta'kidlash joiz-ki, Habib Abdullayev 1949 yili «O‘rta Osiyo metallogeniyasi» ocherklari tadqiqot taqdimotini e'lon qilgan. Unda O‘zbekiston, umuman, O‘rta Osiyo tog‘larida temir, vol'fram va qalayning vujudga kelish sharoitlari va joylanishi mufassal bayon etilgan. Ushbu tadqiqot natijasida Langar, Ingichka, Qo‘ytoshdagi vol'fram konlari, Toshqozg‘on grafit koni ochilgan. H.Abdullayevning ishi puxta nazariy va amaliy bilim, iste'dod natijasida yuzaga keldi va shu bois O‘rta Osiyoda 60dan ortiq vol'fram konlarining aniqlanishi va rasmiylashtirilishi uning ishtirokida o‘tdi.

Taniqli olim, akademik Habib Abdullayev 49 yoshda bevaqt olamdan ko‘z yumgan va Toshkent shahridagi Chig‘atoy qabristoniga dafn qilingan.

1992 yilda O‘zbekistonda ko‘plab xorijlik mehmonlar ishtirokida akademik Habib Abdullayevning 80 yilligi keng nishonlangan edi. O‘shanda Birinchi Prezident Islom Karimovning Farmoniga muvofiq, akademik Habib Abdullayev nomidagi diplom va oltin medal' ta'sis etilgan. Bir necha yillar davomida olim ilmiy merosini o‘rgangan va oliy o‘quv yurtlari geologiya fakul'tetlari a'lochi talabalarni taqdirlash uchun jamg‘arma ham tashkil etilgan. Afsus-ki, keyinchalik jamg‘arma faoliyati tugatilib, diplom va akademik medallar berish ham to‘xtatildi.

Ilmiy-amaliy seminar jarayonida ishtirokchilar geologiya fanining milliy va xalqaro miqyosdagi taniqli vakillarini H.M.Abdullayev nomidagi akademik medallar bilan taqdirlashni qayta yo‘lga qo‘yish va uning nomidagi jamg‘arma faoliyatini tiklash va oliy o‘quv yutrlarida iqtidorli yosh geologlarga maxsus stipendiya ta'sis etish zarurligini ta'kidladilar.

Bundan tashqari, tadbirda ishtirok etgan olimlar, mahalla oqsoqollari va Langar MFY ma'muriyati mahalla binosida bir xona ajratib, H.M.Abdullayev hayoti va ilmiy faoliyatini yoshlarga targ‘ib qilish maqsadida muzey tashkil etish hamda Langar qo‘rg‘oni hududida geolog-qidiruv ishlarini o‘tkazib, mahalliy aholini ish bilan ta'minlash imkonini beradigan yangi konlar ochish kabi takliflarni muhokama qilib, ularni hayotga tatbiq etish uchun rejalar tuzib oldilar.

Tadbir so‘ngida yosh geolog-olimlar H.Abdullayevning chop etilgan barcha maqola va monografiyalari geologiya soxasini fundamental faniga qo‘shgan salmoqli hissasi sezilib turganini ta'kidlab o‘tdilar. Hozirgi kunda akademikning ilmiy asarlari asosida O‘zbekiston Respublikasining ilmiy-tadqiqot institutlari yetuk olimlari hamda mutaxassislari foydalanmoqda. Shu bilan birga, geologiya ixtisosligi bo‘yicha darsliklar uning ilmiy ishlari asosida tayyorlanib Respublikamizning universitetlarida talabalarga o‘qitilmoqda.

Habib Muhamedovich ma'lum magmatik yoki metallogenik jarayonlar sodir bo‘ladigan muhit uchun muhim rol o‘ynashiga alohida e'tibor qaratgan. Olimning fikricha, u o‘z ishida atrof-muhitning ushbu jarayonlar va natijalarga ta'siri haqida aniq dalillar bilan juda ishonchli misollar keltirgan.

Muallif o‘z asarida kelgusi avlod uchun sohamizda o‘rganidagan fundamental vazifalardan 10ta asosiylarni belgilab bergan. Ayniqsa gipabissal, ya'ni yer yuziga yaqin bo‘lgan kichik intruziyalar va daykalar ma'danlashuv bilan genetik bog‘liqligini o‘rganish o‘ta muhimligini ta'kidlagan. Ma'lumki, Respublikamizda mavjud barcha endogen konlar atrofida bir nechat daykali kamarlar mavjud. Ular ma'danlashuvni joylashuvini nazorat qiladi va o‘zlari ham ma'dan hosil bo‘lishda bevosita ishtirok etadi va murakkab tizimni tashkil qiladi.

Geologiya va geofizika institutidan tashrif buyurgan mehmon X.D.Ishbayev bu tadbir o‘z vaqtida tashkil qilinganligini, bu tadbir joriy yilning 17-18 noyabr kunlarida o‘tkazilayotgan “Geologiya, geofizika, petrologiya va ma'dan hosil bo‘lishining dolzarb muammolari” Respublika miqsidagi ilmiy-amaliy anjuman debochasi bo‘lganligini ta'kidladi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!