Ta'lim sohasida Nurota tajribasiga asos yaratildi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 29 dekabr kuni o‘zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta'lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovasiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim” – deb ta'kidali.

Ushbu vazifani hamda 2020 yilning 30 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz ta'lim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlar ijrosini ta'minlash, ta'lim-tarbiya jarayoni oqsayotgan maktablar reytingini ko‘tarish va bitiruvchilarning oliy ta'limga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash masadida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari va Navoiy davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan hamkorlikda tayyorlangan “Innovasion pedagogikadan moderatorlarni tayyorlash” dasturi asosida Navoiy viloyatining Nurota tumani o‘rta umumta'lim maktablarining 24 nafar o‘qituvchi-metodistlari bilan 2021 yilning 10-12 fevral' kunlari seminar-trening mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar.

Mazkur seminar-trening 3ta moduldan iborat bo‘ldi. 1-modul – Maktab o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish muammosi. 2-modul – Miya va ta'lim: maktablarda ta'lim-tarbiya jarayonini bolalarning bosh miya faoliyatini hisobga olib tashkil etish. 3-modul – Maktab o‘quvchilarining individual xususiyatlarini xisobga olib shaxsga yo‘naltirilgan ta'limni tashkil etish.

Dasturning maqsadi - maktab o‘qituvchilarining o‘quvchi-yoshlarga ta'lim va tarbiya berishda innovasion mexanizmlari to‘g‘risidagi bilimlarini rivojlantirish bo‘lib, bunda asosiy e'tibor ta'lim oluvchilarning individual xususiyatlarini hisobga olib shaxsga yo‘naltirilgan innovasion ta'lim muhitini tashkil etish ko‘nikmalarini o‘qituvchilarda shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Seminar-trening mashg‘ulotlari ishtirokchilarda neyropedagogikaning ilmiy-nazariy asoslari, ta'lim-tarbiya jarayonining neyropsixologik va neyrofiziologik jihatlarini hisobga olgan holda darsni tashkil etish yo‘llari va vositalari to‘g‘risida qisqacha nazariy ma'lumotlar berib, asosiy urg‘uni olingan bilimlarni amaliyotga joriy etish ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirildi. Xususan, trening ishtirokchilariga pedagogik mahorat va neyropedagogika to‘g‘risida umumiy ma'lumotlar berish bilan birga shaxsga va individga yo‘naltirilgan ta'limni tashkil etish yo‘llari va vositalarini amaliyotda qo‘llash, ta'lim oluvchi shaxsini neyropedagogik tashxis qilish metodlari, innovasion o‘qitish texnologiyalari – sintezlangan va polimodal ta'lim texnologiyalarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Dastur asosida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar natijasi bo‘yicha barcha ishtirokchilar 2021 yilning 16 fevralida pedagogika sohasidagi tajribali olim va professor-o‘qituvchilar bilan davra suhbatida ishtirok etdilar. Seminarda faol ishtirok etgan Nurota tumani o‘rta umumta'lim maktablarining 24 nafar tajribali o‘qituvchi-metodistlari Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi proftssor A.U.Mirzayev va Navoiy davlat pedagogika instituti rektori proftssor B.B.Sobirov imzosi bilan tasdiqlangan maxsus sertifikat bilan taqdirlandilar.

Nurota xalq ta'limi bo‘limi rahbariyati va seminar-trening ishtirokchilari ushbu trening tashkilotchilariga o‘zlarining iliq minnatdorchiliklarini bildirib, bunday tadbirlarni tumandagi boshqa maktablar bilan ham o‘tkazilish istagini bildirdilar.

Mazkur yo‘nalishda ishlar davom ettiriladi. Ijobiy natijalar erishilgan holda ta'lim sohasida Nurota tajribasi Navoiy viloyati boshqa tuman va shaharlarining maktablarida joriy etiladi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!