Ta'lim sohasida Nurota tajribasi davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari va Navoiy davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan hamkorlikda tayyorlangan “Innovasion pedagogikadan moderatorlarni tayyorlash” o‘quv dasturi asosida Navoiy viloyatining Nurota tumani o‘rta umumta'lim maktablarining 24 nafar o‘qituvchi-metodistlari bilan joriy yilning fevral' oyida seminar-trening mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar. 22-24 aprel kunlari ushbu tumanning yana bir guruh o‘qituvchi-metodistlari uchun seminar-treninglar tashkil etildi. Ularni FA Navoiy bo‘limi ilmiy kotibi, pedagogika fanlar nomzodi, dosent Djaxangir Gulyamov olib bordi.
Dasturning maqsadi - maktab o‘qituvchilarining o‘quvchi-yoshlarga ta'lim va tarbiya berishda innovasion mexanizmlari to‘g‘risidagi bilimlarini rivojlantirish. Ishtirokchilarda neyropedagogikaning ilmiy-nazariy asoslari, ta'lim-tarbiya jarayonining neyropsixologik va neyrofiziologik jihatlarini hisobga olgan holda o‘quvchining individualliligiga yo‘naltirilgan darsni tashkil etish yo‘llari va vositalari to‘g‘risida nazariy ma'lumotlar berib, asosiy urg‘uni olingan yangi bilimlarni amaliyotga joriy etish ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirildi.
Ishtirokchilarga Bo‘lim olimlari tomonidan tayyorlangan “Innovasion ta'lim muhitini tashkil etishning neyropedagogik jihatlari” va “Neyropedagogik diagnostika” nomli metodik qo‘llanmalar sovg‘a qilindi. Bundan tashqari 27 aprel kuni o‘qitishni innovasion texnologiyalari asosida tayyorlagan ochiq darslar ishlanmalari loyihalarini himoya qilgan 18 nafar o‘qituvchi-metodistlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Taqdirlash marosimida Navoiy bo‘limining raisi, geologiya mineralogiya fanlari doktori, professor Abdurazak Mirzayev so‘zga chiqib, Yangi O‘zbekistonda ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarishning integratsiyasiga katta e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Ushbu jarayonning asosi umumta'lim maktablarda quyiladi, o‘quv va tarbiya jarayonini tashkil etish esa o‘qituvchi va metodistlarning malaka va mahortiga bog‘liq. Mazkur seminar-treninglar ham shu masalani yechishga hamda Yurtboshimiz tomonidan quyilgan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish kabi maqsadga yetishga xizmat qiladi.
Muzokaralar davomida tashkilotchi va ishtirokchilar tez kunlarda tuman miqyosida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazishga kelishib oldilar. Unda yangi innovasion pedagogikadan moderatorlar olingan bilimlarni tuman xalq ta'limi tizimida amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadilar. Konferensiya materiallari to‘plami chop etilishi ham ko‘zda tutilgan. Nurota tajribasini butun Navoiy viloyatiga, so‘ngra – O‘zbekiston bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.