Sibir va Markaziy Osiyo: hamkorlik sari


2024 yil 8-9 oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida Rossiya fanlar akademiyasining Sibir bo‘limi tashkilotchiligida «Sibir va Markaziy Osiyo: iqtisodiy, tarixiy va gumanitar o'zaro aloqalar» nomli II Xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vice-prezidenti, Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev ishtirok etdi.

U o‘z ma’ruzasida Yangi O‘zbekistonda ilm-fan taraqqiyotiga, uning ta’lim va ishlab chiqarish bilan uzviy integratsiyasiga, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani haqida gapirib o‘tdi. Jumladan, Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konseptsiyasiga muvofiq, 2030 yilgacha ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini moliyalashtirishda xususiy sektor ulushi 30 foizga yetkazilishi belgilanganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, u anjuman ishtirokchilarini Navoi bo‘limi ilmiy xodimlarining tadqiqot va ishlanmalari bilan tanishtirdi. Jumladan, Rossiyaliklarni qishloq xo‘jaligida bentonit gillarini qo‘llash bo‘yicha innovatsion texnologiyalar qiziqtirdi – bular O‘zbekistonda paxta, bug‘doy va boshqa ekinlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan urug‘larni ekishdan oldin bentonit kukuni bilan qobiqlash va bentonit tarkibli suspensiya bilan o‘simliklarni bargidan oziqlantirish usullari. Gap shundaki, RFA SBda ham shunga o‘xshash ishlanmalar mavjud, ammo ular sapropelga asoslangan. Sapropel - bu o‘n ming yillar davomida suv havzalarining tubida biokimyoviy, mikrobiologik va fiziko-mexanik jarayonlar natijasida shakllangan organik va mineral moddalardan iborat to‘plamlardir. Ular asosida qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun mineral o‘g‘itlar va chorva uchun kompleks yem ishlab chiqariladi, jumladan, “Barabinsk kompleks yem zavodi” AJda. Ushbu korxonaga O‘zbekistonlik mehmon uchun tanishuv ekskursiyasi tashkil etildi. Muzokaralar davomida tomonlar sapropel va bentonit asosida yangi turdagi o‘g‘itlarni joriy qilish orqali yerdan samarali foydalanishni oshirish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi haqida kelishuvga erishdilar. Rossiyaliklar, shuningdek, O‘zbekistonning «Yashil makon» Milliy loyihasi mintaqa uchun ahamiyatli ekanini qayd etib, unda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ushbu masalalar A.Mirzayevning RFA Sibir bo‘limiga tashrifi chog‘ida muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi. Uchrashuvda Sibir bo‘limi rahbariyati va ilmiy xodimlari bilan birgalikda mahalliy oliygohlar rektorlari va ilmiy markazlar direktorlari ham qatnashdilar. Bayonnoma qarori bilan tomonlar Navoiy va Sibir bo‘limlari hamda Barabinsk kompleks yem zavodi o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha uch tomonlama kelishuvni tayyorlashga kirishdilar. Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, quyidagi sohalarda ilmiy va texnologik hamkorlikni kengaytirishga katta qiziqish bildirdilar: qimmatbaho va rang metallarning xomashyo bazasini rivojlantirish bo‘yicha yangi texnologiyalar; qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish texnologiyalari va suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash; yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar uchun sun’iy intellekt tizimlari; tibbiy va kosmetologik texnologiyalar; qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘itlar va chorva uchun kompleks yem ishlab chiqarish; geologik va geotexnologik tadqiqotlar o‘tkazish; ilmiy va ta’lim sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash.

Uchrashuv yakunlarida A.Mirzayev Navoiy bo‘limi Rossiya oliygohlari, korxonalari va kompaniyalari bilan hamkorlik olib borishini ta’kidladi. Masalan, “Lazer texnika va texnologiyalari “Vyatsk mashinasozlik korxonasi” MChJ va «IRS LaserTech» kompaniyasi bilan – Navoiy shahrida Markaziy Osiyo lazer texnologiyalari markazini yaratish bo‘yicha, «Akvagenika» MChJ bilan – mahalliy iqlim sharoitida havodan suv olish texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha, «Teokorteks» kompaniyasi bilan – O‘zbekistonda tezlashtirilgan elektronlar va rentgen nurlari bilan radiatsion ishlov berish texnologiyalaridan foydalangan holda o‘simlik va hayvonot oziqa xomashyosiga mikroblarga qarshi va fitosanitar xizmatlar ko‘rsatish markazlarini yaratish bo‘yicha. U faqatgina turli davlat olimlarining yaqin hamkorligi barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, RFA Sibir bo’limi ilmiy xodimlarini shunday samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikka chaqirdi.

FA Navoi bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!