Sayyor seminar bo‘lib o‘tdi
2023 yilning 3 may kuni Nurota tumanidagi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining tajriba dala uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan yaratilgan suv tejamkor texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi ekinlarida qo‘llashshning istiqbollari” mavzusida Bo‘limning ilmiy-amaliy seminar-treningi bo‘lib o‘tdi. Unda Bo‘lim rahbariyati, ilmiy xodimlari va doktorantlari, shuningdek, mahalliy qishloq xo‘jaligi yo‘nalishdagi tashkilotlari mutaxassislari hamda ko‘p yillik tajribaga ega fermerlar ishtirok etdilar.
Navoiy bo‘limi raisi A.Mirzayev seminar ishtirokchilariga Bo‘lim faoliyati to‘g‘risida umumiy ma'lumot berib o‘tdi. Bo‘lim mudirlari O’.Xakimov va Sh.Qodirovalar Bo‘lim olimlari tomonidan bentonit asosida ishlab chiqilgan suv tejamkor texnologiyalar to‘g‘risida ma'ruzalar o‘qidilar. Bular qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini bentonit gili kukuni bilan qobiqlab ekish hamda o‘simliklarni bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining 2-foizlik suspenziyasidan foydalanish usullaridir. Mazkur ishlanmalar dala sinovlarida o‘z samaradorligini ko‘rsatdi.
Bentonitning sorbsion xossalari, ya'ni namlikni o‘ziga singdirish va ushlab turish qobiliyati urug‘larning stresssiz unib chiqishini va ularning barqaror o‘sishini ta'minlaydi, o‘simliklarning suvga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi. Ushbu ishlanmalarni o‘tgan yillarda qo‘llash o‘rtacha 15 foizgacha qo‘shimcha paxta hosilini olish imkonini berdi. Ushbu innovatsion uslublar bug‘doyning “Durdona” navida sinalganda gektaridan 31,6 foizgacha qo‘shimcha hosil olishga erishildi. Bundan tashqari, 2022 yilda Navoiy bo‘limi memorandum imzolagan Nurota tumani “Umrbek” fermer xo‘jaligining 10 gektar sug‘orilmaydigan lalmi yerlarida Bo‘limning suv tejamkor innovatsion texnologiyalarini joriy etgan holda har bir gektardan 6,8 o‘rniga 16 sentner bug‘doy hosili yig‘ib olindi, ya'ni hosildorlik deyarli 2,5 baravarga oshdi.
Ma'ruzachilar ushbu natijalar asosida Navoiy bo‘limi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga yangicha yondashganini ta'kidladilar. Yuqorida qayd etilgan innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda sug‘orilmaydigan lalmi yerlarda bug‘doy yetishtirishni tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor guruh tuzildi. Bo‘limning ilmiy xodimlari tashabbuskor guruhga shaxsiy mablag‘lari bilan ulush asosida kirdilar.
Joriy yilning fevral oyida 56 gektar lalmi yerga bug‘doy ekildi. Seminar ishtirokchilari yuqorida aytib o‘tilgan innovatsion texnologiyalar qo‘llanilgan holda g‘alla ekinlari ekilgan maydon va ishlov berilmagan nazorat maydon o‘rtasidagi farqni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkonyatiga ega bo‘ldilar. Tajribali fermerlarning bashoratlariga ko‘ra, bu yerda gektaridan 20-25 sentner hosil olish mumkin bo‘ladi. Ijobiy natijani ko‘rib, ishtirokchilar joriy yilning kuzida kuzgi bug‘doy ekishda Bo‘lim olimlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Ta'kidlash joizki, bu yerda Fanlar akademiyasining boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari, xususan, Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, Mikrobiologiya instituti hamda Umumiy va noorganika kimyo instituti tomonidan yaratilgan o‘simliklar o‘sishi stimulyatorlari ham sinovdan o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, Bo‘lim ilmiy xodimlarining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan texnologiyalar no‘xat, tarvuz va boshqa ekinlarda sinovdan o‘tkazilmoqda.
Tayyor mahsulotni sotishdan olingan foyda ishtirokchilarning ulushiga qarab taqsimlanadi. Shuningdek, mablag‘larning bir qismi Navoiy bo‘limida tuzilayotgan urug‘chilik fondiga ham o‘tkaziladi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.