Qo‘shma korxona yaratish niyatida


Qishning so‘nggi oyining birinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limiga Turkiyaning "Lotus Holding" kompaniyalar guruhi Bosh direktori Erdal Chelik va boshqaruv raisi Raxman Odekovlar tashrif buyurdi. Ular bilan Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev va rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyevlar muzokara o‘tkazdilar.

Mehmonlarning ta'kidlashicha, ularning xolding kompaniyasi elektr energetikasi, telekommunikasiya va kimyoviy texnologiyalar sohalaridagi texnik muammolarni hal qilish, shuningdek sanoat va fuqarolik obyektlarini qurish bilan shugullanadi. Masalan, ular Turkmaniston, Turkiya, Iroq, Indoneziya va boshqa mamlakatlarda bir qator loyihalarni amalga oshirgan.

O‘z navbatida A.Mirzayev Bo‘limda amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi rejalar haqida ishtirokchilarga ma'lumot berdi. Xususan, turk ishbilarmonlari uch turdagi noma'dan foydali qazilmalar mavjud Vaush koniga qiziqish bildirdilar. Ta'kidlash joizki, Navoiy bo‘limi ta'sischiligida tashkil etilgan “Qizilqum Istiqbollari" MChJga ushbu maydonni geologik jihatdan o‘rganish maqsadida yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun litsenziya berildi.

Mehmonlar ushbu konda qazish ishlari olib borishga, shu jumladan, kvars qumlarini boyitish, modifikasiyalangan bentonit gillarini va dolomitdan magnezit olish uchun ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga sarmoya kiritishga tayyor ekanliklarini ta'kidladilar. Ular ishlab chiqarish rentabelligi uchun hisob-kitob qilishgach, O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasi tashkil etish istagini bildirdilar.

Hozirda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslash xujjatlari tayyorlanmoqda. Shu kuni birinchi qadam sifatida tomonlar hamkorlik to‘g‘risida memorandumni imzoladilar.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!