Prezidentning topshirig‘i bajarilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirrsh bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining tegishli bandi bilan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hududiy boshqarma, Geologiya fanlari universiteti, Fanlar akademiyasi, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda 50 dan ziyod sochma oltin konlariga tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatilgan edi. Mazkur topshiriqni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga o‘z hissasini FA Navoiy bo‘limi ham qo‘shib kelmoqda.
Jumladan, qaror doirasida Geologiya fanlari universiteti, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining tajribali olimlari va geologlaridan iborat mutaxassislar guruhi viloyatning turli tuman va shaharlariga bir yil muddatga safarbar etildi. Ularning asosiy vazifasi - hududlarda geologik tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish, mineral xomashyo bazasini kengaytirish hamda sohaning innovasion rivojiga hissa qo‘shishdan iborat.
Navoiy bo‘limining geologiya va konchilik ishi sohalarida faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlari va doktorantlaridan iborat kichik ishchi guruh muntazam ravishda joylarga chiqib, geologik tadqiqotlar olib bormokda hamda boshqa tashkilotlardagi hamkasblari bilan auksion savdolariga qo‘yiladigan oltinli uchastkalar ro‘yxatini tuzishda qatnashib kelmoqda.
4 fevral kuni “E-auksion” platformasida Navoiy viloyati Nurota va Karmana tumanlarida joylashgan 31 ta oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun oltin uchastkalar bo‘yicha ochiq va shaffof savdolar bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu uchastkalarning sonini Prezident Qarorida belgallangan miqdoriga yetkazish maqsadida ilmiy tadqiqotlar davom ettirildi. Natijada Bo‘lim olimlari tomonidan hamkasblari bilan birgalikda 21ta yangi uchastkalar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi va ular asosida “E-auksion” platformasiga auksion savdosiga chiqarildi. Ushbu uchastkalar jami 35 gektar joyni egallagan bo‘lib, Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi Biran, Nurota va Oqtosh maydonlarini o‘z ichiga oladi.
Auksion savdolar 2 aprelda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Hozircha talabgorlar joylarga borib o‘rganish imkonyatiga egalar.
Ahamiyatlisi shundaki, savdolarga taklif etilgan uchastkalardan 15 tasi Navbahor tumani Toshrabot qishlog‘idan 9,3 km Shimoliy-Sharqda joylashgan «Biran» maydoni tarkibiga kiradi. 2025 yil 10 mart kuni aynan shu yerda Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi geologlaridan iborat ishchi guruh geologik dala tadqiqotlarini o‘tkazdi. Asosiy maqsad – bu yerda qimmatbaho metall qazib olish ishlarini tashkil etishni ilmiy-geologik jihatdan asoslash, shuningdek, yaqin sochma kon uchastkalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning muammolarini o‘rganishdan iborat edi. Joylarga chiqqan vaqtda mahalliy tadbirkorlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli amaliy tavsiyalar berildi.
Tadqiqot natijalari asosida ushbu hududda oltin qazib olish jarayonlarini yanada samarali tashkil etish, mavjud infratuzilmani rivojlantirish va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilishi rejalashtirildi.
Ushbu tashabbus mamlakatimiz geologiya sohasining jadal rivojlanishiga turtki berishi, shuningdek, sochma oltin qazib olish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlari uchun yangi imkoniyatlar ochib berishi kutilmoqda.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.