Prezidentning qarori amalda


      2022 yil 6 iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022 — 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga o‘nlab vazifalar yuklatilgan. Ularning katta qismi o‘tgan yillarda bajarilgan bo‘lsa, ayrimlari bo‘yicha joriy yilda jiddiy tayyorgarlik ishlari olib borildi va amalga oshirish boshlandi.


         Misol uchun, Bo‘lim ilmiy xodimlari tomonidan laboratoriya sharoitida dolomitni kompleks qayta ishlash yo‘li bilan magnezit olish usuli sinovdan o‘tkazildi. Navoiylik olimlar tomonidan ishlab chiqilgan texnologiya asosida xususiy korxonalarda metall quyish qoliplari uchun boyitilgan gil kukunini hamda sanoat ishlab chiqarish korxonalari uchun keng qo‘llaniladigan (mikrokaltsit) maydalangan marmar kukunini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, qishloq xo‘jalik ekinlarini bentonit va mineral o‘g‘itli suspenziya bilan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.

        Qarorning yana bir muhim bandini bajarish maqsadida yaqinda Mobil ilmiy-ishlab chiqarish geologiya-qidiruv otryadi imkoniyatlari bilan operativ geologiya qidiruv ishlarini olib borishni bosh vazifasi qilib belgilagan innovatsion korxona – «Geology Search» MChJ rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ushbu korxonaning ta'sischilaridan biri Navoiy bo‘limi qatnashdi.

         Bu o‘rinda ta'kidlash lozimki, geologiya sohasini rivojlantirishga alohida e'tibor yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi davomida ham qaratildi. Jumladan, davlat rahbari tomonidan tegishli vazirlik, idora hamda tashkilotlarga, shu jumladan Navoiy bo‘limiga 30 foiz ilmiy xodim va tajribali geologlarini Navoiy viloyatining tuman va shaharlariga nomma-nom biriktirib, ularni bir yilga safarbar qilib, yangi foydali qazilmalar zaxiralarini aniqlash ishlarini tashkil qilish topshirig‘i yuklatildi. Shu maqsadda geologiya yo‘nalishi bo‘yicha Bo‘limning ilmiy xodimlari va tayanch doktorantlaridan iborat guruh shakllantirildi.

      Qarorda otryad faoliyati xorijiy investorlar hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilning noyabr oyining ikkinchi yarmida Navoiy bo‘limi bilan Zarafshon shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan «China Manor Spring» MChJ xorijiy korxonasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi mazkur korxona foydali qazilmalarni qazib olish bilan shug‘ullanadi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar geologiya, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilishga kelishib olgan edilar.

        Ushbu rejalarni amalga oshirish maqsadida 26 noyabr kuni «China Manor Spring» MChJ XK va «Geology Search» MChJ o‘rtasida geologik izlanishlar olib borish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Xorijiy korxona topshirig‘i ko‘ra va mablag‘i hisobiga mobil otryad Qizilqum va Nurota tog‘-kon hududlarida joylashgan Quljuqtov, Tomditov, Bo‘kantov, Oqtov, Sangrintov, Qoratov, Shimoliy va Janubiy Nurota tog‘larida ma'dan va noma'dan foydali qazilma zahiralari (oltin, kumush, mis, vol'fram, noyob yer elementlari, koalin, gips, granit, gabbro, marmar, tuz va metall tarkibli boshqa qazilmalar) bo‘yicha istiqbolli maydonlarni aniqlash maqsadida geologik tadqiqotlar o‘tkazadi. Jumladan, fond geologik materiallari, ilgari o‘tkazilgan tadqiqotchilarning ilmiy hisobotlari va otryad tomonidan amalga oshirilgan maydon tadqiqotlari asosida aniq foydali qazilmalar bo‘yicha istiqbolli uchastkalarga ilmiy asoslangan takliflar tayyorlaydi. Shartnoma 2025 yilning 1 dekabrigacha amal qiladi.

        Xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda tajriba almashish muhim ahamiyatga ega. Jumladan, joriy yilning 22–29 noyabr kunlari Xitoy geologiya fanlari akademiyasining Geomexanika instituti taklifiga binoan Navoiy bo‘limining to‘rt nafar xodimi – tarkibiy bo‘lim mudirlari Sherzod Sharipov va Shaxnoza Kodirova, ilmiy xodimlar Bahovuddin Mirzayev va Toymas Madatovlar Xitoyga tashrif buyurdilar. Ular Shandong viloyati Yantay shahrida joylashgan oltin konlarida bo‘lib, yerosti usulida qimmatbaho metallarni qazib olish bilan shug‘ullanuvchi «Shandong Gold Group» kompaniyasining faoliyati bilan tanishdilar. Navoiylik olimlar shaxtalarda olib borilayotgan konchilik ishlalari va zavodda rudani qayta ishlash jarayonlari bilan tanishdilar, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va O‘zbekistonda konchilik sohasida ishlarni tashkil etish bo‘yicha shart-sharoitlari haqida ma'lumot berdilar. Kompaniya rahbariyati hamkorlik o‘rnatishga tayyor ekanligini bildirdi.

        Shuningdek, Navoiy bo‘limi ilmiy xodimlari in-situ yerdagi kuchlanishlarning monitoringi texnologiyalarini o‘rganish maqsadida Xitoy tabiiy resuslar vazirligining Injenerlik texnologiyalari innovatsiya markazi hamda Kuchlanishlash va deformasiyalarni kuzatish va tadqiq qilish Pekin ilmiy-tadqiqot stansiyasida bo‘ldilar. Safar yakunlarida ular Geomexanika instituti laboratoriyasiga tashrif buyurib, uning imkoniyatlari bilan tanishdilar. Bu yerda navoiylik olimlar Navoiy bo‘limi faoliyati, O‘zbekistonda geologiya-qidiruv ishlari va foydali qazilmalar qazib olish uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma'ruzalar bilan ishtirok etdilar. Shundan so‘ng, institut rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdilar. Tomonlar tajriba almashish va ilmiy xodimlar malakasini oshirishga alohida e'tibor qaratish ko‘zda tutgan hamkorlikning batafsil «Yo‘l xaritasi»ni tayyorlashga kelishib oldilar. Laboratoriya direktori zarurat tug‘ilsa, geologik namunalarni bepul tahlil qilishga tayyorligini bildirdi.

        Xitoy O‘zbekistonning muhim strategik hamkori hisoblanadi. Shu bilan birga, Rossiya ham shunday hamkorlardan biri sifatida e'tirof etilgan. Rossiyalik mutaxassislar ham O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor. Jumladan, kelajakda «Geology Search» MChJ va Rossiyaning «Rosgeologiya» xolding kompaniyasi o‘rtasida o‘xshash kelishuv imzolanishi rejalashtirilmoqda. Tadqiqotlarning ehtimoliy ob'ektlari sifatida «Qoraquduq», «Temirqovuq», «Oltin» va «Qoramurun» oltin va boshqa rangli metallar konlari ko‘rib chiqilayapti.

         Yaqinda Rossiyaning «Teokorteks» MChJ mutaxassislari boshqaruvchi Sergey Budnik rahbarligida Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, mahalliy fermerlar va meva-sabzavot mahsulotlari eksportchilari oldida o‘zlarining nokimyoviy mikroblarga qarshi ishlov berish hamda mevalar va sabzavotlarni sublimasion quritish texnologiyalari uskunalarini taqdimot qildilar. Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etildi. Bo‘limda mazkur Rossiya korxonasi bilan imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumi mavjud. Uchrashuv davomida Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev va rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyevlar ham ma'ruzalari bilan qatnashib, Bo‘lim nafaqat Navoiy viloyatida, balki qo‘shni viloyatlarda ham fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga o‘z hissasini qo‘shayotganini ta'kidladilar. Tadbirkorlar texnologiyani yanada chuqurroq o‘rganishga qaror qildilar. Loyiha amalga oshirilgan taqdirda, Navoiy bo‘limi uning ilmiy tomonidan qo‘llab-quvvatlaydi.

         Shuningdek, Navoiy bo‘limi Yosh olimlar kengashi raisi Lola Saidova 2024 yil 27-29 noyabr kunlari Sochi shahridagi «Sirius» universitetida bo‘lib o‘tgan Yosh olimlarning IV Kongressida ishtirok etdi. U «Ko‘mir qazib olish sanoati uchun avtonom va avtomatlashtirilgan tog‘-kon mashinalari, uskunalari, texnik tizimlari hamda vositalar yaratishda ilg‘or boshqaruv usullari va raqamli texnologiyalarni tadqiq qilish va joriy etish» mavzusida ma'ruza qildi.

         Shuningdek, davlat rahbarining yuqorida keltirilgan qaroriga muvofiq, Navoiy bo‘limiga topshirilgan yana bir innovatsion korxona — ko‘kalamzorlashtirishda yuqori manzarali, istiqbolli mahalliy va introduksiya qilingan daraxt va butalarning turlari hamda formalarini mikroklonal, vegetativ usulda ko‘paytirish va ularni parvarishlash agrotexnikasi bo‘yicha «Green center» MChJ ham Bo‘lim hammuassislikda noyabr oyida tashkil etildi. Hozirgi kunda bu yerda O‘zbekistonda avval yetishtirilmagan krotalyariya o‘simligini introduksiya qilish usuli bilan yetishtirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. U sideral madaniyatli o‘simlik sifatida hamda matolar, to‘rlar va qog‘oz ishlab chiqarish maqsadida tolani olish uchun ishlatiladi. Krotalyariya yem-xashak ekini sifatida ham muhimdir, u bedaga ko‘ra to‘yimli, bundan tashqari u tuproqni azot bilan tezda to‘yintirish qobiliyatiga egadir.
            «Green Center» MChJ istiqbolda O‘zbekistonning sharoitlari uchun istiqboli bo‘lgan tur va formalardan kelgusida yanada samarali va keng miqyosda foydalanish uchun ularning ko‘chatlari yetishtirib boriladi hamda onalik plantasiyalari tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
            Shunday qilib, Prezident va Hukumat qarorlarida ko‘zda tutilgan vazifalarni izchil amalga oshirish mamlakat iqtisodiyoti o‘sishini rag‘batlantirishga va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Navoiy bo‘limi esa ushbu umumiy ishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.


                                                                                                                                       FA Navoiy bo‘limi
                                                                                                                                          matbuot xizmati.
 


 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!