Pedagogik diagnostika bo‘yicha o‘quv qo‘llanma chop etildi


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari poytaxtimiz va Navoiy shahri pedagogika OTMlari professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda “Pedagogik diagnostika” nomli o‘quv qo‘llanma tayyorlab, chop etdilar.

 

Kitobning mualliflari – Bo‘limning ilmiy kotibi, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Djaxangir Gulyamov, Bo‘limning rais o‘rinbosari, fizika-matematika fanlari nomzodi Quvondiq Nurboyev hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Saidne'mat Umarov va Navoiy davlat pedagogika instituti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Feruza Aminovalar.

O‘quv qo‘llanma o‘quvchi yoshlarga ta'lim-tarbiya berish jarayonida pedagogni diagnostik faoliyatining maqsadi, vazifalari, mazmuni, uni tashkil etishning umumiy va maxsus tamoyillari, metodlari, o‘quvchilarning yosh jihatlarini hisobga olgan holda ularda ma'naviy-ahloqiy va ijtimoiy sifatlarning tarbiyalanganligi darajasini aniqlash yo‘llari va vositalari havola etilgan. Kitob 156 betdan iborat bo‘lib, o‘z ichiga uchta bobni olgan. Bular – pedagogik diagnostikaning ilmiy-nazariy asoslari; ta'lim muassasasida o‘qituvchining diagnostik faoliyati; pedagogik diagnostika metodlaridir.

Shuni ta'kidlash joiz-ki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 29 dekabr kuni o‘zining Oliy Majlisga yo’llagan Murojaatnomasida “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta'lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovasiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim” – deb aytgan edilar.

Ushbu vazifani hamda 2020 yilning 30 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz ta'lim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlar ijrosini ta'minlash, ta'lim-tarbiya jarayoni oqsayotgan maktablar reytingini ko‘tarish va bitiruvchilarning oliy ta'limga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari va Navoiy davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan hamkorlikda tayyorlangan “Innovatsion pedagogikadan moderatorlarni tayyorlash” dasturi asosida Navoiy viloyatining Nurota tumani o‘rta umumta'lim maktablarining o‘qituvchi-metodistlari bilan 2021 yilda bir qator seminar-trening mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar. Mazkur seminarlar ijobiy natija berib, ta'lim sohasida Nurota tajribasini poydevorini yaratdi.

Yangi o‘quv qo‘llanmaning mualliflari u pedagogika oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari, pedagogik-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasalari tinglovichlari hamda pedagogika sohasida faoliyat yurituvchi barcha mutaxasislar, shu bilan birga yo‘qorida aytib o‘tilgan seminarlar tinglovichalri uchun yangi bilimlar manbasi bo‘ladi degan fikrdalar.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!