Pavlovniyaga qiziqgan xorijiy hamkorlar soni ortib bormoqda


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan Nurota tumani lalmi yerlarida pavlovniya plantasiyasini yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda. Quvonarlisi shundaki, ushbu loyihaga qiziqish bildirgan xorijiy hamkorlar soni tobora ortib bormoqda.

Shunday qilib, 2022 yilda Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari “Umrbek” fermer xo‘jaligi bilan hamkorlikda Nurota tumanida Yevropa texnologiyasi asosida bir gektar yer maydoniga 1000 dona shangtong navli pavlovniya ko‘chatlarini, shuningdek, 2000 dona ushbu tez o‘sadigan daraxtning qalamchalarini 0,4 gektariga ekishdi. Yarim yil ichida ko‘chatlarning balandligi 4 metrdan oshdi va qalamchalardan unib chiqqan daraxtlarning balandligi 2 metrga yetdi.

23 yanvar kuni Navoiy bo‘limiga Bolgariyalik hamkor - "Paulownia BG" MChJ bosh menejeri Djan Duralov tashrif buyurdi, u o‘tgan yili transport xarajatlarini qoplagan holda ushbu Yevropa davlatidan pavlovniya ko‘chatlari va qalamchalarini bepul olib keldi. Ko‘chatlarni tashqi ta'sirlardan himoya qilish va begona o‘tlarning ko‘payishini oldini olish maqsadida qatorlarni qoplash uchun maxsus plyonka Qirg‘izistonlik sherik, ya'ni "Kut Darak" MChJ tomonidan taqdim etildi.

Ta'qidlash joizki, Djan Duralov o‘zi ishlab chiqqan texnologiyaning barcha nozik tomonlarini tushuntirish maqsadida bir necha bor ekish joyiga shahsan tashrif buyurib, bugungi kunda daraxtlarning o‘sish jarayonini tezkor messendjerlar orqali nazorat qilib kelmoqda. Bu safar u daraxtlarning keyingi o‘sishi va mustahkamlanishini tezlashtirish uchun ularni qanday qilib texnik kesish kerakligini tushuntirdi. Bir yillik daraxtlarning ingichka tanalarini kesish va ulardan yoqilg‘i sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan biopelletlar va biobriketlar tayyorlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, pavlovniya briketlarining issiqlik o‘tkazuvchanligi an'anaviy daraxt navlariga qaraganda bir necha baravar yuqori va chiqadigan kul miqdori ancha past.

Shu kuni Djan Duralov Nurota tumanidan vaqtincha ishsiz bo‘lgan bir guruh yoshlar bilan ham suhbat o‘tkazdi, ulardan Bolgariyadagi pavlovniya plantasiyasida ishlash va o‘qish uchun 7-10 kishini tanlab olishni rejalashtirmoqda. Ta'kidlash joizki, 2022 yilda 7 nafar yosh Bolgariyada amaliyot o‘taganlar. O‘tkan safarday, Viza olish, transport, turar joy va yashash xarajatlari, shuningdek, tibbiy sug‘urta Bolgariya tomonidan qoplaniladi. Ishga yuborilganlar o‘z ishi uchun munosib maosh oladilar va uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri oilalariga yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Eng muhimi, ular zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalangan holda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib, O‘zbekistonda Nurota tumanidagi plantasiyada mutaxassis sifatida ishlashda davom etadilar.

Shu bilan birga, joriy yili yana 4-5 kishini xuddi shunday shartlar bilan boshqa Yevropa mamlakatidagi pavlovniya plantasiyasiga amaliyot o‘tash uchun yuborish rejalashtirilgan. Loyihaga Pol'sha Respublikasining «FARMA TLENU» MChJ tomonidan qiziqish bildirildi va u bilan Navoiy bo‘limi 11 yanvar kuni hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

Bundan tashqari, 20 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasining “Alyumin konstruksiyalari” MChJ direktori German Gal'burt Navoiy bo‘limiga tashrif buyurdi. U 50 gektarlik pavlovniya plantasiyasini yaratishda hamkorlik qilish istagini bildirdi. Qo‘shma korxona ochish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, Rossiya tomoni ko‘chatlar va zarur jihozlarni sotib olish, tomchi sug‘orish tizimini o‘rnatish, xodimlarni ishga yo‘llashga sarmoya kiritadi. Navoiy bo‘limi, o‘z navbatida, yer olish masalalarini hal qiladi va loyihaga oid ilmiy ishlarni olib boradi. Ushbu kompaniya bilan ham hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi va muzokaralar olib borilmoqda.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!