Pavlovniya yetishtirish texnologiyasini o‘rganish maqsadida Bolgariyaga
Avval xabar qilinganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan Nurota tumani lalmi yerlarida pavlovniya plantasiyasini yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu daraxtlarni yetishtirish texnologiyasini o‘rganish maqsadida yaqinda Navoiy viloyatining Nurota tumanidan uch nafar, Andijonlik bir nafar, jami to‘rt nafar yosh mutaxassis Istanbul orqali Bolgariyaga yuborildi. Tez orada yana uch navoiylik yoshlar ularning ketidan yuboriladi.
Viza olish, transport, turar joy va yashash xarajatlari, shuningdek, tibbiy sug‘urta Bolgariya, ya'ni Navoiy bo‘limi bir necha yildan buyon hamkorlik qilib kelayotgan “Paulownia BG” MChJ bosh menejeri Djan Duralov tomonidan qoplanilmoqda. Bo‘lim rahbariyati ham o‘z navbatida yigirmaga yaqin nomzod bilan suhbat o‘tkazib, yetti nafarini tanladi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha zarur ko‘rsatma berdi.
Bo‘lajak mutaxassislar yarim yil davomida Bolgariyaning "Paulownia BG" kompaniyasi pavlovniya plantasiyalarining dalasida ishlash va bilim olish uchun ketishdi. Ishga yuborilganlar o‘z ishi uchun munosib maosh oladilar va uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri oilalariga yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Eng muhimi, ular zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalangan holda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib, O‘zbekistonda Nurota tumanidagi plantasiyada mutaxassis sifatida ishlashda davom etadilar.
Ta'kidlash joizki, “Umrbek” fermer xo‘jaligining bir gektar yer maydoniga joriy yilning aprel oyida ming tup palovniya ko‘chati va tez o‘sadigan ushbu daraxtning ikki ming qalamchasi ko‘chatzorga ekildi. Ular ham Bolgariyaning “Paulownia BG” MChJ tomonidan bepul yuborildi.
Djan Duralov o‘zi ishlab chiqqan texnologiyaning barcha nozik tomonlarini tushuntirish maqsadida bir necha bor ekish joyiga shahsan tashrif buyurib, bugungi kunda daraxtlarning o‘sish jarayonini tezkor messendjerlar orqali nazorat qilib kelmoqda. Yaqin orada bu yerda videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi, bu esa daraxtlarning o‘sishini onlayn tarzda kuzatish imkonini beradi. Dalada daraxtlarning ildiz tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kerakli miqdorda suv va oziq moddalar yetkazib berish imkonini beradigan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi.
Bugungi kunda, ya'ni to‘rt oydan bir oz kamroq vaqt ichida pavlovniya plantasiyasidagi daraxtlarning bo‘yi o‘rtacha 2-2,3 metrni tashkil etdi. Kelajakda Nurota poligonida tajriba tariqasida maydonining bir qismida yoqilg‘i briketlari olish maqsadida pavlovniya daraxtlari ekiladi, ikkinchisida – barglaridan chorvachilikka yem-xashak olish uchun, uchinchisi - ko‘chatzor uchun qoldiriladi, asosiy maydoni esa - yog‘och olish uchun. Shunga ko‘ra, kelgusida plantasiya yaqinida tegishli sexlar barpo etiladi va bularning barchasi birgalikda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish klasteriga asos bo‘ladi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.