Pavlovniya plantasiyasi Xorazmda ham tashkil etiladi
Ma’lumki, Bolgariyalik hamkor “Paulownia BG” MChJ ko’magida Nurota tumanining “Umrbek” fermer xo’jaligiga qarashli 1 gektar lalmi yerida O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo’limining povlovniya plantasiyasi tashkil etilgan. Xorazm Ma’mun akademiyasi rahbariyati, jumladan raisi Ikrom Abdullayev Navoiy bo’limiga ushbu tez o’sadigan daraxtlarni yetishtirish tajribasi bilan o’rtoqlashish iltimosi bilan murojaat qildi.
Ushbu murojaatga javoban 2024 yilning 23-25 yanvar kunlari Navoiy bo’limi raisi Abdurazak Mirzayev, xalqaro aloqalar va tijoratlashtirish masalalari bo’yicha rais o’rinbosari Quvondiq Nurboyev va tarkibiy bo’lim mudiri O’ktam Xakimovlar “Paulownia BG” MChJ bosh menedjeri Djan Duralov bilan birgalikda qadimiy shaharga tashrif buyurib, mazkur yo’nalishda hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muzokaralar chog’ida Nurotada birinchi pavlovniya ko’chatlari 2022 yilda ekilgani, 2023 yilda daraxtlarda texnologik kesim qilingani, bugungi kunda esa ular o’sib, jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Shu ikki yil mobaynida Navoiy bo’limi sa’y-harakatlari va “Paulownia BG” MChJning moliyaviy ko’magi bilan Nurotalik 17 nafar yoshlar Bolgariyadagi pavlovniya plantasiyalarida amaliyot o’tashdi.
Uchrashuv ishtirokchilari pavlovniyani Xorazm sharoitiga moslashtirish uchun tadqiqot qilish kerak, degan xulosaga kelishdi, chunki bu yerda o’ziga xos sharoitlar mavjud. Ya’ni, sho’rlangan tuproq, yer osti suvlarining yaqinligi, quruqroq iqlim. Shuning uchun mart oyida Bolgariyadan mingta ko’chat yetkazib berishga qaror qilindi. Ekish uchun Xorazm Ma’mun akademiyasining 10 gektarlik tajriba maydonchasi tanlab olindi, u yerda paxta va boshqa ekinlar yetishtiriladi.
Bundan tashqari, xorazmlik olimlar pavlovniya yog’ochida tanin moddasi to’planib, uni termitlar va maydalagich qo’ng’izlari tomonidan yeyilishiga chidamli qilishi tufayli bu daraxtlarga qiziqish bildirishdi. Bu mintaqada esa termitlar muammosi keskin. Agar bu yerdagi tarixiy joylarda yog’ochdan ustunlar, eshiklar, derazalar va boshqa qisimlar o’yilganligini hisobga olsak, bu yo’nalishdagi tadqiqotlar dolzarbdir. Hasharotlarni qochirish qobiliyati povlovniya yog’ochini restavratsiya ishlarida ishlatishga imkon beradi.
Mehmonlar Xorazm Ma’mun akademiyasining ilmiy-tadqiqot laboratoriyalariga ham tashrif buyurishdi. Uchrashuv yakunida tomonlar Hamkorlik to’g’risida memorandumini imzoladilar.
FA Navoiy bo’limi matbuot xizmati.