Pavlovniya ko‘chatlari yetkazildi


2021-yilning dekabr oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining Nurota tumani lalmi yerlarida pavlovniya plantasiyasini yaratish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoyig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Bolgariya, Xitoy va Rossiyalik ishtirokchilar ikkita plantasiya yaratishga kelishib oldilar. Ulardan birida Yevropa texnologiyasi, ikkinchisida - Xitoy texnologiyasi bo‘yicha daraxtlar yetishtiriladi.

O‘tgan kunlarda Bolgariyadan 2 ming dona pavlovniya daraxti qalamchalari va 1 ming dona ko‘chatlari yetib keldi. Ular Bolgariyaning “Paulownia BG” MChJ tomonidan bepul yuborildi, shu jumladan, transport xarajatlari ham qoplandi. Ular Yevropaning ushbu davlatida zarur fitosanitar zararlantirish jarayonidan o‘tkazilib, Toshkentga yetkazildi. O‘zbekiston poytaxtidan esa maxsus transportda Nurota tumanidagi “Umrbek” fermer xo‘jaligining maxsus jihozlangan omborxonasiga ko‘chatlar muddatdan avval ko‘karib ketishini oldini olish maqsadida qorong‘u past haroratli yerda saqlash uchun yetkazildi. Shuningdek, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan mazkur binoda fumigasiyalash jarayoni o‘tkazildi.

11-martdan 13-martgacha “Paulownia BG” MChJ bosh menedjeri Djan Duralov yerni joyida ko‘zdan kechirish va o‘zi ishlab chiqqan qalamchalar va ko‘chat ekish texnologiyasini shaxsan ko‘rsatish maqsadida Navoiyga keldi. Bir gektar maydonda pavlovniya plantasiyasi yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, yana 15 sotix yer ko‘chatxona uchun ajratiladi.

Shu kunlarda yomg‘ir yog‘ib, dala ishlarini o‘tkazish imkoni bo‘lmadi. Biroq Dj.Duralov kichik maydonga bir nechta qalamchalar ekib, qanday shartlarga rioya qilish kerakligini aytib o’tdi. Butun plantasiya bo‘ylab videokameralar o‘rnatilishi kutilmoqda, bu esa daraxtlarning o‘sishini onlayn kuzatish va zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi. Dj.Duralov onlayn tarzda maslahat berishi, zarur bo‘lsa, shaxsan kelib jarayonda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Ko‘chatlarni ekish bahorgi bayramlardan so‘ng rejalashtirildi.

Kelajakda Nurota poligonida tajriba tariqasida maydonining bir qismida yoqilg‘i briketlari olish maqsadida pavlovniya daraxtlari ekiladi, ikkinchisida – barglaridan chorvachilikka yem-xashak olish uchun, uchinchisi - ko‘chatzor uchun ajratiladi, asosiy maydoni esa - yog‘och olish uchun. Shunga ko‘ra, kelgusida plantasiya yaqinida tegishli sexlar barpo etiladi va bularning barchasi birgalikda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish klasteriga asos bo‘ladi.

Ijobiy natijalar tajribani O‘zbekiston bo‘ylab tarqatish imkonini beradi, yosh tadqiqotchilar esa palovniyaning mamlakatimiz agroiqlim sharoitlariga moslashuvi bo‘yicha ilmiy ishi uchun ma'lumotlar olishlari mumkin bo‘ladi. Bo‘limning kichik ilmiy xodimlaridan biri Sobit Adilov dissertasiyasini tayyorlash uchun ushbu mavzuni tanladi.

Shuni ta'kidlash joiz-ki, yuqorida aytib o‘tilgan videouchrashuv davomida O‘zbekistonlik yoshlarni xorijda amaliyot o‘tash imkoniyatlari muhokama qilingan edi. Jumladan, O‘zbekistondan sakkiz kishini olti oy muddatga Bolgariyaning “Paulownia BG” MChJga qarashli pavlovniya plantasiyalarida ishlab o‘rganish uchun yuborish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, transport, turar joy va yashash xarajatlari, shuningdek, tibbiy sug‘urta Bolgariya tomonidan qoplanishi kutilmoqda. Ishga yuborilganlar o‘z ishi uchun munosib maosh oladilar va uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri oilalariga yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Eng muhimi, ular zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalangan holda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib, O‘zbekistonda Nurota viloyatida plantasiyalar yaratish bo‘yicha mutaxassis sifatida ishlashda davom etadilar. Nomzodlar suhbatdan o‘tgan bo‘lib, hozir hukumatlararo darajada muvofiqlashtirish va zarur ruxsatnomalar, xususan, vizalar olish jarayoni davom etmoqda.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!